Jamiyat | 12:01 / 01.06.2018
16649
6 daqiqa o‘qiladi

«Saxtiyon» mahallasida maktab barpo qilinadimi? - gurlanliklar ijtimoiy muammolarni ko‘tarib chiqishdi

KUN.UZ tahririyatiga Xorazm viloyati, Gurlan tumani, Saxtiyon qishlog‘idagi «Saxtiyon» mahallasida istiqomat qiluvchi fuqarolar murojaat qilishdi.

Xatda mahallada ijtimoiy muammolar mavjudligi, xususan maktab, bog‘cha, guzar yo‘qligidan shikoyat qilingan edi. Vaziyatni o‘rganish uchun Gurlan tumaniga bordik. «Saxtiyon» mahallasi fuqarolar yig‘ini idorasida murojaatchilar bilan uchrashdik.

Saxtiyon qishlog‘i Gurlan tumanida joylashgan bo‘lib, 4ta mahalladan iborat - «Obod», «Chakkalar», «Saxtiyon» va «Vatanparvar». Unda 10 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi.

«Saxtiyon» mahallasida 480ta xonadon mavjud bo‘lib, 2500ga yaqin fuqaro yashaydi. Katta mahallalardan biri bo‘lsa-da, bu yerda ijtimoiy obektlardan birortasi mavjud emas.

«Mahallamiz qishloqning o‘zagi hisoblanadi» - deb so‘z boshladi nafaqaxo‘r otaxon Karimboy Jumatov. «Boshqa mahallalar biznikidan keyin barpo qilingan. Ularning barchasida maktab va bog‘cha mavjud. Ammo, bizning mahallamizda negadir na bog‘cha, na maktab va na mahalla guzari bor».

Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Asqar Ishmuratov so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda mahalla bolalari uzoq masofani bosib o‘tib, qo‘shni mahalladagi maktabga qatnashga majbur.

«Mahallamizning 523 nafar bolasi 2,6 km masofani bosib o‘tib, bizga eng yaqin bo‘lgan «Chakkalar» mahallasidagi 24-son maktabga qatnaydi. Kuz-qishning sovug‘i, bahorning yomg‘ir-loyida ham ahvol shunday.

Mahallamizda 2245 nafar fuqaro istiqomat qilsa-da, bolalar bog‘chasi, guzar, dam olish maskanlari, savdo shahobchalari, bolalarimiz uchun sport maydonchasi yo‘q. Hatto dorixona mavjud emas. Ijtimoiy obektlardan birortasi yo‘q» - dedi u.

Nafaqaxo‘r otaxon O‘rozboy Vaisov so‘zlariga ko‘ra, mahallada maktabning yo‘qligi juda ko‘p xonadonlarni moddiy tarafdan ham qiynab qo‘ymoqda.

«6 nafar nabiram bor, ularni Gurlan tumani markaziga qatnab o‘qitishga majburman. Yo‘lkiraga har kuni 12 ming so‘m sarflayapman. Shaxsiy avtomashinasi borlar, o‘zi olib borib kelyapti. Yo‘qlar esa mana shunday xarajat qilishga majbur. Bir oyda ancha-muncha mablag‘ sarflanadi, buni cho‘ntagi ko‘taradiganlar bor, ko‘tarmaydiganlar bor...».

Mahalla oqsoqollaridan biri Xalilulla Yusupov so‘zlariga ko‘ra, maktab barpo qilib berish bo‘yicha shu paytgacha qilingan barcha murojaatlar ijobiy hal bo‘lmagan. Uning qo‘lida tegishli tashkilotlardan kelgan bir qancha javob xatlari bor. Ularning biri Xorazm viloyati Xalq ta'limi boshqarmasi tomonidan yuborilgan bo‘lib, unda 2018 yili Saxtiyon qishlog‘ida 315 o‘quvchiga mo‘ljallangan yangi maktab binosi qurilishi ko‘zda tutilgani yozilgan.

Darhaqiqat, hududda yangi maktab binosi qurilishi 2 may kuni boshlangan. Ammo, u «Saxtiyon» mahallasida emas, balki «Obod» mahallasida barpo qilinyapti. «Saxtiyon» mahallasidan ungacha bo‘lgan masofa esa kamida 4 kilometrni tashkil qiladi!

«Obod» mahallasida qurilishi boshlangan yangi maktab
«Obod» mahallasida qurilayotgan maktab loyihasi. Ma'lumotnomada «Saxtiyon mahallasi» deb noto‘g‘ri ko‘rsatilgan.

Shundan so‘ng, mahalla fuqarolari bilan bo‘layotgan uchrashuvga ushbu hududga biriktirilgan 4-sektor rahbari Xushnud Jumaniyazov, tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Ulug‘bek Raximbayev, Xalq qabulxonasi rahbari Orifboy Aqmanov, tuman xalq ta'limi boshqarmasi rahbari Muzaffar Abduraxmonov yetib kelishdi.

Suhbat chog‘ida Xushnud Jumaniyazov mahallada mavjud bo‘lgan ijtimoiy muammolardan bexabar ekanini, xususan maktab muammosini birinchi marta eshitayotganini aytdi.

Gurlan tumani hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Ulug‘bek Raximbayev yangi maktab qurilish uchun Xalq ta'limi boshqarmasining bu haqdagi xulosasi kerakligini ma'lum qildi.

O‘z navbatida tuman Xalq ta'limi boshqarmasi rahbari Muzaffar Abduraxmanov saxtiyonliklar talabidan kelib chiqib, yangi maktab bo‘yicha xulosa va taklifni tayyorlab berishni o‘z zimmasiga oldi. Sektor rahbari Xushnud Jumaniyazov esa Gurlan tumani hokimi bilan uchrashib, barcha rasmiyatchiliklarda amaliy yordam berishni va'da qildi.

Umid qilamizki, endi g‘isht qolipdan ko‘chadi va saxtiyonliklarni qiynab kelayotgan ijtimoiy muammolar ijobiy hal qilinadi. Ularning dastlabkisi - umumiy ta'lim maktabining barpo qilinishidir. Navbatdagisi esa bolalar bog‘chasi, mahalla guzari, dorixona va boshqa savdo shahobchalaridir.

E'tibor bergan bo‘lsangiz, mahalla fuqarolari shaxsiy uy-joy qurish uchun yer, tadbirkorlik uchun kredit so‘rayotgani yo‘q, ular shaxsiy manfaatlari uchun emas, balki yosh avlodning ilmli bo‘lishi uchun, farzandlarining kelajagi uchun qayg‘urishmoqda. Uni ta'minlash esa mahalliy hokimiyatning, qolaversa davlatning asosiy vazifalaridan biri ekanini unutmaylik.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid