O‘zbekiston | 00:43 / 03.06.2018
12289
3 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda “Open South International Business Forum” boshlandi 

Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan, o‘tmishdan boy tarixga ega, aziz avliyolar yurti - Surxon vohasida bugun haqiqiy do‘stlik va biznes bayrami “Open South International Business Forum” forumi bo‘lib o‘tmoqda. 

“Ochiq Janub” deb nomlangan viloyatning investitsiya, eksport va turizm salohiyatini yoritishga bag‘ishlangan xalqaro biznes forumga dunyoning 19ta davlatidan 160dan  ortiq  ishbilarmon doira vakillari, shuningdek, xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi elchilari, chet el vakolatxonalari xodimlari ishtirok etishmoqda.

Ushbu forumni viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ochib berdi. U viloyatning tarixi haqida gapirar ekan viloyatning bugungi iqtisodiy-ijtimoiy salohiyati mana shu shonli tarix silsilasida hosil bo‘lgan tajriba ekanligini ta'kidladi.

“Azizlar, bugun biz kechagi Surxondaryo emasmiz, Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida barcha sohalarda juda katta izchil islohotlar amalga oshirilmoqda va dunyo hamjamiyatiga bir so‘z bilan aytganda Yangi O‘zbekiston taqdimoti bo‘lmoqda”, dedi viloyat hokimi Erkinjon Turdimov.

Viloyat hokimi O‘zbekistonda chet el investorlari uchun mustahkam qonunchilik bazasi yaratilayotgani, milliy valyutaning to‘liq, hech qanday to‘siqlarsiz konvertatsiya qilina boshlangani, bank, soliq va bojxona sohalarida keskin islohotlar olib borilayotgani haqida gapirdi. Uning ta'kidlashicha, viloyatda 6ta oliy o‘quv yurti tomonidan tibbiyot, texnika, muhandislik, kimyo va agrar sohalarda raqobatbardosh kadrlar yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, Surxondaryoda bugungacha chet el investitsiyalari ishtirokida tashkil etilgan 71ta qo‘shma korxona samarali faoliyat yuritmoqda. E.Turdimov o‘z nutqida viloyatning turistik, tibbiy, sanoat salohiyatiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi.   

Biznes forumda belgilangan tadbirlar doirasida Hindiston, Slovakiya, Bangladesh, Kuvayt, Ukraina, Afg‘oniston, Tojikiston va Indoneziyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchilari, elchixona xodimlari hamda yirik ishbilarmon va tadbirkorlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Uchrashuvlarda savdo-iqtisodiy, kimyo, agrosanoat, ta'lim, madaniyat va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, boshqa sohalarda erishilgan o‘zaro manfaatli kelishuvlarni hamda mamlakatlarning yetakchi iqtisodiy tuzilmalari o‘rtasida yirik tijorat shartnomalarni bosqichma-bosqich amalga oshirishning amaliy masalalari muhokama qilindi.

Vohada biznes forum doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.

Mavzuga oid