Sport | 23:23 / 09.06.2018
7944
13 daqiqa o‘qiladi

Mundialni kutib. Tanishtiruv: Polsha

Foto: Getty Images

POLShA TeRMA JAMOASI

Laqabi: "Oq burgutlar"
Konfederatsiya: UYeFA
Libos rangi: oq/qizil
FIFA reyting o‘rni: 8
Jahon chempionati: 3 o‘rin (1974, 1982)
Yevropa Chempionati: Chorak final (2016)
Olimpiada o‘yinlari: Chempion (1972)
Jamoa sardori: Robert Levandovski
Terma jamoa tarixidagi eng ko‘p gol urgan: Robert Levandovski (62)
Terma jamoa tarixida eng ko‘p maydonga tushgan: Mixail Zevlakov (102)
Eng yirik g‘alaba: San Marino - 10:0 (2009)
Eng yirik mag‘lubiyat: Daniya 0:8 (1948)

Polshaning futboldagi nurli yillari 70-yillarga to‘g‘ri keladi. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng ilk bora 1974 yilgi mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan polshaliklar u yerda bronza medalini qo‘lga kiritgandilar. O‘sha chempionatdan ikki yil oldin Polsha olimpiadada oltin medallarni qo‘lga kiritganini ham eslab o‘tish kerak.

Dastlabki bosqichda Argentina va Italiya kabi kuchli terma jamoalar bilan bir guruhda to‘p surgan Polsha yuz foizlik natija ko‘rsatgandi. Haiti ustidan qozonilgan 7:0 hisobidagi g‘alaba esa, jahon chempionatlari tarixidagi eng yirik hisoblar qatoriga kiradi.

Final yo‘llanmasini beradigan so‘nggi bosqichda ham Polsha yomon o‘ynamadi. Bu safar Shvetsiya va Yugoslaviya kabi kuchli terma jamoalar mag‘lub etildi. Faqat nemislarga qarshi o‘yinda raqib hujumchisi Gerd Myullerning goli bo‘lajak chempion GFR ga final yo‘llanmasini taqdim etdi. Polsha esa, uchinchi o‘rin uchun bahsda Braziliyani tiz cho‘ktirishgani alohida e'tirofga arziydi.

Foto: Wikipedia

O‘sha mundial haqida gap borganda, ko‘pchilik, finalda ham hal qiluvchi golni urgan Gerd Myullerni eslashadi. Ammo ta'kidlash kerakki, o‘sha chempionat Oltin butsasi Polsha terma jamoasi hujumchisi Gjyegoj Lyatoga tekkan. U 7 marotaba raqib darvozasini aniq nishonga olgandi. Ikkinchi o‘rin ham Lyatoning hujumdagi sherigi Andrej Sharmaxga nasib etadi. Haiti darvozasiga xet trik qayd etgan Sharmax chempionat davomida hammasi bo‘lib besh gol urgandi.

Argentinada o‘tgan 1978 yilgi jahon chempionatida ham Polsha kuchli sakkiztalikka kira oldi. U paytlarda pley-off bo‘lmas, sakkiz jamoa ikki guruhga bo‘linib bir-biri bilan o‘ynab chiqar, guruh g‘oliblari finalga chiqardilar. Qizig‘i, A guruhida to‘rt Yevropa terma jamoasi joy oldi, Polsha esa, mezbon qit'a bo‘lmish Janubiy Amerikaning uch vakili bilan bir guruhda joylashdi. Polshaning kuchi Peruga yetgan bo‘lsa-da, Argentina va Braziliya kuchlilik qildi.

JCh-1982 da ham, yana bir yulduz Zbignev Bonekni kashf qilgan Polsha final ostonasiga bordi va bu safar ham faqat bo‘lajak chempion "yo‘lto‘sarlik" qildi. Italiya va Polsha aslida ushbu chempionatning ilk o‘yinida ham to‘qnashishgan va o‘yinda hisob ochilmagandi. Hatto o‘sha guruhni Italiya emas, Polsha g‘olib sifatida yakunlagandi. Keyinchalik, 12 jamoa 3 tadan 4 guruhga bo‘lindilar. Polsha sobiq Ittifoq va Belgiya bilan bir guruhda to‘p surib yana g‘olib bo‘ldi va yarim finalga chiqdi. U yerda, endi, har doimgidek hal qiluvchi o‘yinlargacha kuchayib boradigan Italiya "qahramonlarimiz"ga imkoniyat qoldirmadi. Rossining ikki goli "keksa senora"ga final eshiklarini ochdi.   

Keyingi chempionatda Polsha faqat eng yaxshi uchinchi o‘rinlardan biri sifatida nimchorak finalga chiqqan va u yerda Braziliyaga 0:4 hisobida yengilgan bo‘lsa-da, keyingi uch mundialda terma jamoa katta musobaqalarga chiqa olmagani bois, ko‘p eslab yurilgani tabiiy. 2002 va 2006 yillarda nihoyat Polsha final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi, ammo bu safargi Polsha o‘sha har qanday raqibga qarshi kuchli o‘yin ko‘rsatadigan, yuqori o‘rinlar uchun kurashib boradigan emas, ko‘proq, qatnashishning o‘zini yutuq deb hisoblaydigan autsayder jamoa edi. Har ikki turnirda ham Polsha bittadan g‘alaba qozonib, guruhda qolib ketaverdi.

Ammo 1972 yilgi olimpiada keyingi mundiallar uchun qay darajada poydevor bo‘lsa, bugungi Polsha haqida gap borganda, Yevro-2016 dagi o‘yinlar optimistik qarashlarga sabab bo‘lyapti. Aslida, Yevropani zir titratib yurgan yillari Dortmundning "Borussiya" klubida uch nafar polshalik futbolchilarning borligi terma jamoada ham muvaffaqiyatlarga asosiy faktor bo‘lishini kutilgan bo‘lishi tabiiy. Terma jamoa Yevropa chempionatlarida ham muntazam ishtirok etishni boshladi. Lekin yaxshi natija keyinroq, Fransiya maydonlarida ro‘y berdi.

Germaniya bilan bir guruhdan joy olgan Polsha, guruh g‘olibligini ham bo‘lishib oldi. Shimoliy Irlandiya va Ukrainaga qarshi o‘yinlarni Polsha bir xil - 1:0 hisobida g‘alaba bilan yakunladi. Germaniya bilan o‘yinda hisob ochilmadi va polyaklar guruh bosqichini birorta ham gol o‘tkazmay yakunlashdi. Umuman o‘sha turnirni Polsha mag‘lubiyatsiz yakunladi. Avvaliga nimchorak finalda Shveytsariya, chorak finalda Portugaliya bilan o‘yinlar 1:1 hisobida tugadi  Faqat, sezib turganingizdek, dastlabki o‘yinda penaltilar seriyasida Polshaga omad kulib boqqan bo‘lsa, keyingisida raqibning omadi chopdi. Polsha yana bo‘lajak chempionga mag‘lubiyatga uchradi.

 

BUGUNGI POLShA

Bugungi Polsha ham o‘sha ikki yil oldingi jamoaning asosiga ega, ya'ni bu jamoa ustidan g‘alaba qozonish oson emas. Tarkibdagi 10 dan ortiq futbolchilar kamida besh yildan beri muntazam terma jamoaga jalb qilinib kelinmoqda, demak tajriba borasida muammo yo‘q. Tarkibda klublar miyoqsida ham ko‘zga ko‘ringan futbolchilar to‘p suradi.

"Dortmund uchligi" hozirda turli klublarda to‘p sursa-da. terma jamoada bu trio saqlanib qolgan. Himoyada Pishchek, yarim himoyada Blashchikovski va hujumda Levandovski terma jamoaning asosiy qurollaridir. Ayniqsa, Levandovski yanada tajriba to‘pladi va sportchining eng mukammal davriga yetib keldi. 21 yoshida Bundesligaga tashrif buyurgan Levandovskiga haligacha u yerda munosib raqobatchi topilmayapti.

Levandovskining hujumdagi sherigi Arkadiush Milik Yevro-2016 ga "Ayaks" hujumchisi sifatida tashrif buyurgan va ko‘pchilikning e'tiborini tortgandi. O‘sha musobaqadan keyin u "Napoli"ga transfer qilindi, ammo ilk mavsumda olingan og‘ir jarohat hujumchining o‘sishiga to‘sqinlik qildi. Lekin hozir hammasi joyida, Milik va uning klubdoshi Petr Zelinskiy "Napoli" tarkibida har o‘yinda maydonga tushishmasa-da, muhim futbolchi sanalishadi.

Robert Levandovski
Foto: Getty Images

Zelinskiy, Blashchikovski kabi futbolchilar ko‘proq hujumni tashkil qilishga javob berishsa, himoyaga, raqibning hujumlarini buzishga qaratilgan markazdagi asosiy kuch Gjyegoj Krixovyakdir. "Sevilya" tarkibida ikki marta Yevropa Ligasini yutgan futbolchi "PSJ"ning e'tiboriga tushganidan xabaringiz bor. U Parijda tarkibga kira olmay, so‘nggi mavsumda APL da ijara asosida o‘tkazgan bo‘lsa-da, Polsha terma jamoasining yetakchilaridan biridir.

Himoyadagi assiy qo‘rg‘on Kamil Glik bir qator Yevropa top klublari tomonidan haligacha kuzatilib kelinadi. Futbolchi 30 yoshga kirgan bo‘lsa-da, agar jamoa qisqa vaqt ichida ishonchli himoyachiga ega bo‘lishni istaganda, uning varianti tez tilga olinadi. "Manchester Yunayted" ham, "Yuventus" ham Glikni nomzod sifatida e'tiborga olishgan. "Torino"ni "Monako"ga almashtirgan Glik Fransiyada ham yo‘qolib qolmadi va jamoaning aossiy himoyachisiga aylangandi.

Mamlakatda doimo kuchli darvozabonlar bo‘lgan. Bugungi Polsha ham mustasno emas - teng kuchli ikki darvozabonga ega. Lukash Fabianski "Suonsi" bilan APL ni tark etgan bo‘lsa-da, o‘tgan mavsumning eng yaxshi darvozabonlaridan biriga aylandi, seyvlar bo‘yicha Angliyada yetakchi bo‘ldi. Voysex Shchesni esa, kimsan Janluiji Buffonning o‘rinbosaridir. Buffonsiz qolgan "Yuventus" yangi darvozabon uchun u qadar shoshilmayotganini inobatga olsak va Shchesni haqidagi Buffonning iliq fikrlarini eslasak, Polshaning 1-raqamiga aynan u haqli ekanini tan olamiz.

Foto: Getty Images

ROSSIYaGA BORADIGAN TARKIB

Darvozabonlar: Lukash Fabianski («Suonsi»), Voychex Shchensni («Yuventus»), Bartosh Byalkovski («Ipsvich»).

Himoyachilar: Yan Bednarek («Sauthempton»), Bartosh Bereshinski («Sampdoriya»), Tiago Chonek (SPAL), Kamil Glik («Monako»), Artur Yenjyeychik, Mixal Pazdan (har ikkalasi – «Legiya»), Lukash Pishchek («Borussiya» Dortmund).

Yarimhimoyachilar: Yakub Blashchikovski («Volfsburg»), Yatsek Guralski («Ludogorets»), Kamil Grositski («Hall»), Rafal Kujava («Gurnik»), Karol Linetti («Sampdoriya»), Slavomir Peshko («Lexiya»), Gjyegoj Krixovyak («Vest Bromvich»), Petr Zelinski («Napoli»), Matsey Ribus («Lokomotiv»).

Hujumchilar: David Kovnatski («Sampdoriya»), Robert Levandovski («Bavariya»), Arkadiush Milik («Napoli»), Lukash Teodorchik («Anderlext»).

 

MURABBIY

Adam Navalka 1957 yilda tug‘ilgan. O‘z vaqtida Polsha terma jamoasi safida to‘p surgan va JCh-1978 da ishtirok etgan. Ammo uning murabibylik faoliyati 2013 yilgacha ancha kamtarona kechayotgandi.

"Gurnik" klubida yuqori ligaga olib chiqqan Navalkani JCh-2014 saralashida muvaffaqiyatsizlikka uchragan terma jamoaga chaqirishadi. Mavsum oxirigacha "Gurnik"da qolishga va'da bergan Adam, baribir, yakunda klubni tark etdi va Polsha bosh murabbiyiga aylandi.

Adam Navalka qo‘l ostida Polshaning natijalari ijobiy tomonga o‘zgarib, barqarorlasha boshladi. Avvaliga Yevro-2016 ga yo‘llanma olindi va u yerda ham munosib qatnashildi. Keyin esa, 12 yillik tanaffusdan so‘ng, navbatdagi jahon chempionati yo‘llanmasi qo‘lga kiritildi.

Adam Navalka
Foto: Wikipedia

Aytish kerakki, Polshaning saralash guruhida yaqqol top terma jamoalar bo‘lmasa-da, o‘ziga yarasha murakkab guruh edi va yo‘llanma uchun kurashuvchi jamoalar ko‘p edi. Daniya, Chernogoriya, Ruminiya terma jamoalari muntazam ravishda saralashlarda xavfli raqib sanaladilar va bu ushbu saralashda ham isbotlandi. Faqat ular o‘zaro raqobat qildilar, Polsha saralashni bir tekisda o‘tkazib, muddatidan oldin g‘olib sifatida yakunladi. 7-turda Daniyadagi o‘yindagi xunuk (0:4) mag‘lubiyatni aytmasa, Polsha deyarli barcha o‘yinni o‘z foydasiga hal qildi.

Muhimi, Adam Navalka davrida terma jamoa yetakchilari, ayniqsa, Robert Levandovski yanada kuchli o‘yin ko‘rsata boshlagani e'tirofga molikdir. Levandovski saralashdagi 10 o‘yindan 9 tasida maydonni golsiz tark etmadi, hammasi bo‘lib, 16 gol urib, saralash bosqichining to‘purariga, Polsha terma jamoasi tarixida eng ko‘p gol urgan futbolchiga aylandi.     

 

JCh-2018

N guruhidagi dastlabki o‘yinni Polsha 19 iyun kuni Senegalga qarshi o‘tkazadi. O‘yin Moskvada bo‘ladi. Keyingi uchrashuv Qozonda, 24 iyun kuni Kolumbiyaga qarshi o‘tadi. So‘nggi turda esa, polshaliklar qit'adoshlarimiz Yaponiyaga qarshi saf tortadilar. Uchrashuv 28 iyun kuni Volgogradda o‘tishi belgilangan.

E'tibor bergan bo‘lsangiz, jahon chempionatida ham Polshaga xuddi saralash bahslaridek raqiblar tushgan. Yaqqol top jamoa yo‘q, ammo har biri guruhdan chiqish uchun yaxshi imkoniyatga ega. Ya'ni Polsha har bir o‘yinda 1:0 hisobida g‘alaba qozonishi ham, hamda o‘yinni 0:1 hisobida yutqazishi ham mumkin.

Qahramon Aslanov tayyorladi

Mavzuga oid