O‘zbekiston | 08:24 / 12.06.2018
97087
2 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariya Gulnora Karimovaning millionlarini O‘zbekistonga qaytarishi mumkin

Foto: eurasianbusinessbriefing.com

Gulnora Karimovaning Shveytsariya banklarida muzlatilib qo‘yilgan 800 million Shveytsariya franki (810 million AQSh dollari) miqdoridagi pulning bir qismini O‘zbekistonga qaytarish masalasi ijobiy tomonga hal bo‘layotganini yozadi EurAsia Daily. Bu haqda onlayn nashrga Toshkent va Bern o‘rtasidagi muzokaralarga aloqasi bor shveysariyalik mulozim anonim shartlarda ma'lum qilgan.

«Muzokaralar ancha uzoq davom etib kelmoqda. Mazkur pullarga bir necha da'vogarlar bor. Ularning eng birinchisi O‘zbekiston hukumati bo‘lsa, ikkinchisi — AQSh va uchinchisi Zeromax kreditorlaridir. G.Karimova va uning gumashtalari moliyaviy nayranglarini AQSh dollarida olib borgani, boz ustiga AQSh bank tizimidan foydalanganini da'vo qilayotgan Amerika moliya vazirligi pullarning bir qismiga ega chiqishi mumkin. Zeromax kreditorlari hozircha tergovga bu kompaniyaning asl egasi G.Karimova bo‘lganini isbotlab berisha olgani yo‘q, shu sababli ularda amalda bu pullarning qandaydir bir qismini bo‘lsa-da qo‘lga kiritish uchun imkoniyat qolmagan», — deydi shveysariyalik mulozim.

Shveytsariya prokuraturasi jinoiy ish doirasida hali tergov davom etayotganini vaj qilib, matbuot xizmati mazkur ishning tafsilotlarini oshkor etishdan bosh tortdi. Shveytsariya tashqi ishlar vazirligi federal departamenti ham tergov tugamaganini ro‘kach qilib, sharh berishni rad etgan.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yilning 28 iyulida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi o‘zining rasmiy saytida Gulnora Karimovaning taqdiri bilan bog‘liq ma'lumotlarni e'lon qilgan edi.

O‘shanda G.Karimova a'zo uyushgan jinoiy guruhning aktivlarini aniqlash va ularni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha tezkor-tergov tadbirlari davom ettirilayotgani ma'lum qilingan edi.

Mavzuga oid