Sport | 17:05 / 13.06.2018
16054
2 daqiqa o‘qiladi

Lopetegi Ispaniya terma jamoasidan haydaldi

Foto: EFE

Ispaniya termasi bosh murabbiyi Xulen Lopetegi jamoani jahon chempionatida boshqarmaydi.

Krasnodar shahrida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Ispaniya qirolligi futbol federatsiyasi rahbari Luis Rubiales shu haqda e'lon qildi.

«Biz Lopetegi xizmatidan voz kechishga majbur bo‘ldik. Unga kelgusi faoliyatida omad tilaymiz. Ispaniya terma jamoasining barcha xodimlari bilib qo‘yishi kerak, bizda umumiy tan olingan ahloq me'yorlari bor. 

Yo‘q, bu xiyonat emas. Ammo, muammo shuki, «Real» bilan muzokaralar federatsiyani boxabar qilmasdan olib borilgan. Buni e'tiborsiz qoldirolmaymiz. 

Lopetegining professionalligiga shubha yo‘q. Ammo ishlarni qoidaga ko‘ra olib borish kerak», – deb bayonot berdi Rubiales.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Lopetegi jahon chempionatidan so‘ng, «Real» bosh murabbiyi bo‘lishini e'lon qilgan edi. Bu federatsiya rahbariyatini darg‘azab qilgan. Vaholanki, uch hafta oldin mutaxassis terma jamoa bilan yangi shartnoma imzolab, uni 2020 yilgacha uzaytirgandi.  

Aytishlaricha, Serxio Ramos boshchiligidagi futbolchilar Lopetegining iste'foga chiqarib yuborilishiga qarshi bo‘lishgan.

Mavzuga oid