Sport | 16:00 / 17.06.2018
13479
2 daqiqa o‘qiladi

Maradona stadiondagi nojo‘ya ishi uchun uzr so‘radi

Argentinalik afsonaviy futbolchi Diyego Maradona jahon chempionatining Argentina-Islandiya uchrashuvida stadionda chekish taqiqlanganiga qaramay sigara chekkani uchun uzr so‘radi.

Maradona o‘yindan keyin Instagram’dagi sahifasida o‘yin suratini joylashtirib, o‘zining nojo‘ya ishiga izoh berdi: «Bugun jahon chempionatidagi ilk uchrashuvimiz bilan bog‘liq holda argentinaliklar uchun og‘ir kun bo‘ldi. Har bir kishida asabiy holatdan chiqishning o‘z usuli bor. Men rostdan ham stadionlarda chekish mumkin emasligidan bexabar edim». U muxlislar va musobaqa tashkilotchilari oldida uzr so‘rab, barchani Argentina terma jamoasi o‘yinlariga tashrif buyurishga taklif qilgan.

Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari sobiq futbolchining bu ishi ustidan kinoya qilishga tushib ketishgan: «U stadionga o‘zi bilan sigara olib kelmagan. Uning og‘ziga sigarani «Tangri qo‘li» tiqib qo‘ygan», deb aytgan bir foydalanuvchi. «Bu tamaki emas, shunchaki o‘t», deb kinoya qilgan yana bir foydalanuvchi.

Argentina-Islandiya uchrashuvi 1:1 hisobidagi durang natija bilan yakunlandi. Gollarni 19-daqiqada Serxio Aguero va 23-daqiqada Alfred Finnbogason kiritdi. 64-daqiqada esa Lionel Messi 11 metrlik jarima nuqtasidan gol kirita olmadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid