Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mundialda to‘rtinchi kun. Bugun favoritlar «jangga kiradi»
Bugun JCh-2018 doirasida yana uch uchrashuv o‘tkaziladi. Muxlislar uzoq kutgan, turnirning asosiy favoritlari sifatida ko‘rilayotgan Germaniya va Braziliya terma jamoalari, shuningdek, mundialdan avvalroq «katta mashhurlik»ka erishgan Meksika o‘z ishtirokini bugun boshlaydi. Bugunga shuningdek, Serbiya va Kosta-Rika jamoalari bellashuvi belgilangan.
Ye guruhi

Kosta-Rika — Serbiya, «Samara Arena» (Samara), 17.00 Toshkent vaqti (Match TV)
Bugunning ochilish o‘yini boshqa ikki juftlikdagi kabi jaranglamaydi - lekin Samaradagi Yevropa va Amerika jamoalari to‘qnashuvi ham ayrim jihatlari bilan e'tiborga molik.
Kosta-Rika
FIFA reytingidagi o‘rni (iyun): 23
Darvozabonlar: Keylor Navas («Real»), Parik Pemberton («Alaxuelense»), Leonel Moreyra («Erediano»).
Himoyachilar: Kristian Gamboa («Seltik»), Yan Smit («Norcheping»), Ronald Matarrita («Nyu-York Siti»), Brayan Ovedo («Sanderlend»), Oskar Duarte («Espanol»), Jankarlo Gonsales («Bolonya»), Fransisko Kalvo («Minnesota Yunayted»), Kendall Uoston («Vankuver Uaytkeps»), Jonni Akosta («Agilas»).
Yarim himoyachilar: David Gusman («Portlend Timberz»), Yeltsin Texeda («Lozanna»), Selso Borxes («Deportivo»), Rendall Asofeyfa («Erediano»), Rodni Uolles («Nyu-York Siti»), Kristian Bolanos («Saprissa»), Xoan Venegas («Saprissa»).
Hujumchilar: Brayan Ruis («Sporting»), Daniel Kolindres («Saprissa»), Xoel Kempbell («Betis»), Markos Urenya («Los-Anjyeles»).

JCh saralashi
Ikki terma jamoa ham guruh bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan, serblar Uels, Irlandiya va Avstriya kabi terma jamoalarni ortda qoldirib, birinchi o‘rinni egallagandi. Oskar Ramires shogirdlari esa KONKAKAF saralashida yo‘llanmani finishga 3 tur qolganida naqd qilgandi, kosta-rikaliklar AQShga qarshi uyda ham, safarda ham g‘alabali o‘yinlar o‘tkazdi (umumiy hisob 6:0), yakunda kosta-rikaliklar Meksika, Panama, Honduras, AQSh va Trinidad kabi terma jamoalardan iborat guruhda (saralashning oxirgi bosqichi) ikkinchi o‘rinni egallab, chempionatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l oldi.
Serbiya termasi mundialda ikkinchi marta ishtirok etmoqda (aynan Serbiya sifatida, Serbiya va Chernogoriya yoki Yugoslaviya emas). Serbiyaning ilk mundiali 2010 yilga to‘g‘ri kelgandi va muvaffaqiyatsiz chiqqandi, o‘shanda serblar guruh bosqichidagi eng yomon terma jamoalardan biri bo‘lgandi. Kosta-Rika esa 2014 yilgi jahon chempionatida sensatsiya ko‘rsatib, Urugvay, Angliya va Italiya terma jamoalari bilan bir guruhdan yakkapeshqadam sifatida chiqqandi. Mladen Krstaich shogirdlari uchun yana bir noxush ma'lumot shuki, kosta-rikaliklar shu vaqtga qadar mundialni faqat bir marta g‘alaba bilan boshlamagan. Lekin Markaziy Amerika vakili oxirgi o‘rtoqlik uchrashuvlarida yomon ko‘rsatkichlar qayd etgan.
Kimlar o‘ynaydi
Kosta-Rika tezkor va texnik futbolchilardan iborat, qarshi hujumlar ularning ustun jihati. Shu bilan birgalikda, Kosta-Rika vaziyatlardan unumli foydalana olishi bilan maqtana olmaydi, AQShga qarshi ikki o‘yinda 6 gol urgan kosta-rikaliklar qolgan 9 o‘yinda atigi 8 bor raqiblar darvozalarini ishg‘ol etishgan. Kosta-Rikada yaqqol markaziy hujumchi yo‘q, jahon chempionati uchun zayavkada vinger bo‘lmagan yagona hujum chizig‘i vakili Markos Urenya hisoblanadi. Ramires o‘tgan chempionatdagi kabi 3-5-2 sxemasida o‘yin ko‘rsatishi kutilmoqda.
Asosiy futbolchilar
Kosta-Rikaning asosiy yulduzi - Keylor Navas. Undan tashqari, terma jamoa sardori Brayan Ruisni («Sporting») ham Yevropada yaxshi bilishadi. Saralash bosqichida to‘purar bo‘lgan Kristian Bolanosdan ham ko‘p narsa kutish mumkin. «Arsenal»ning sobiq futbolchisi Xoel Kempbell Markos Urenya kabi jarohat tufayli asosiy tarkibdagi o‘rnini yo‘qotgan.
Serbiya
FIFA reytingidagi o‘rni (iyun): 34
Darvozabonlar: Vladimir Stoykovich («Partizan»), Marko Dmitrovich («Eybar»), Predrag Raykovich («Makkabi Tel-Aviv»).
Himoyachilar: Aleksandar Kolarov («Roma»), Branislav Ivanovich («Zenit»), Dushko Toshich («Guanchjou Fuli»), Antonio Rukavina («Vilyarreal»), Milosh Velkovich («Verder»), Milan Rodich («Tsrvena Zvezda»), Urosh Spaich («Krasnodar»), Nikola Milenkovich («Fiorentina»).
Yarim himoyachilar: Nemanya Matich («Manchester Yunayted»), Sergey Milinkovich-Savich («Latsio»), Luka Milivoyevich («Kristal Pelas»), Adem Lyaich («Torino»), Marko Gruich («Liverpul»), Nemanya Radonich («Tsrvena Zvezda»), Dushan Tadich («Sautgempton»), Filip Kostich («Gamburg»), Andriya Jivkovich («Benfika»).
Hujumchilar: Aleksandar Mitrovich («Fulhem»), Aleksandar Priyovich (PAOK), Luka Yovich («Ayntraxt»).

JCh saralashi
Serbiya – saralashda qiyin bo‘lmagan guruhda edi. Irlandiya, Avstriya va Uels terma jamoalari Serbiyadan hech bir jihati bilan ustun ham, kuchsiz ham emasdi. Serbiya Uels bilan ikki bor durang o‘ynadi, Avstriyani uyda mag‘lub etib, safarda yutqazdi, ammo serblar Gruziya va Moldaviyaga qarshi o‘yinlarda ochko yo‘qotmadi – guruhda kim g‘olib bo‘lishini autsayderlar hal qildi. Bunday natijadan keyin Slavolyub Muslin ishdan bo‘shatildi, ayrim taxminlarga ko‘ra Muslin Sergey Milinkovich-Savichga – terma jamoa umidi bo‘lgan yosh hujumchiga ishonch bildirmagani uchun iste'foga chiqarilgan.
Kimlar o‘ynaydi
Serbiya – yarim himoyachilar jamoasi. Himoyadagi futbolchilarning yoshi o‘tib bormoqda, Ivanovich, Kolarov, Toshich, Rukavina – barchasi 30 yoshdan oshgan, hujumda u qadar barqaror o‘yin ko‘rsatmaydigan Mitrovich harakat qilmoqda, 34 yoshli Stoykovich («Partizan») hamon darvozada: bu ma'lumotlar serblarning muxlislariga umid bera olmaydi. Ammo serblarning yarim himoyasi o‘ta kuchli. Matich tayanch yarim himoyasiga javob beradi, Lyaich, Tadich va Milinkovich-Savich yangi hujumlar boshlaydi.
Asosiy futbolchilar
Nemanya Matich – barcha havas qiladigan futbolchilardan biri. U 90 daqiqa davomida charchoq bilmasdan yugura oladi. Tadich «Sauthempton»da mavsumni bir tekisda o‘tkazmadi, ammo u terma jamoaning asosiy futbolchilaridan biri bo‘lib qolmoqda. Lyaich «Torino»da 10 golga uzatma bergan. Kolarov – terma jamoa sardori, u «Roma»da ikkinchi yoshligini o‘tkazmoqda. Mitrovich saralash o‘yinlarida 6 gol urgan. Va hamma Milinkovich-Savichni kutmoqda. Muslin davrida u asosiy tarkibda emasdi, u yangi murabbiy tomonidan ham bir nechta o‘yinlarda zaxirada qoldirildi. Lekin u jahon chempionatida o‘ynashi aniq. «Latsio» uni bir yarim oydan keyin yaxshigina pulga sotishi tayin.
F guruhi

Germaniya — Meksika, «Lujniki» (Moskva), 20.00 Toshkent vaqti (Pervyy)
Amaldagi jahon chempionlari 2018 yilgi mundialni Moskvada mundiallarda doimiy ravishda pley-off bosqichlarida ishtirok etib keladigan Meksikaga qarshi boshlaydi. Meksikaliklar KONKAKAF qirollaridir.
Germaniya
FIFA reytingidagi o‘rin: 1
Darvozabonlar: Manuel Noyyer («Bavariya»), Kevin Trapp («Pari Sen-Jyermen»), Mark-Andre ter Shtegen («Barselona»).
Himoyachilar: Marvin Plattenxardt («Gerta»), Yonas Hektor («Kyoln»), Mattias Ginter («Borussiya» Myonxengladbax), Antonio Ryudiger («Chelsi»), Mats Hummels, Niklas Zyule, Jyerom Boateng, Yozua Kimmih (barchasi – «Bavariya»).
Yarim himoya va hujum: Sami Xedira («Yuventus»), Yulian Draksler («Pari Sen-Jyermen»), Toni Kroos («Real»), Timo Verner («RB Leyptsig»), Mesut O‘zil («Arsenal»), Marko Roys («Borussiya» Dortmund), Tomas Myuller («Bavariya»), Leon Goretska («Bavariya»), Sabastyan Rudi («Bavariya»), Yulian Brandt («Bayyer-04»), Ilkay Gundo‘g‘an («Manchester Siti»), Mario Gomes («Shtutgart»).

Bundestimda aytarli muammolar yo‘q: Yoaxim Lyov shogirdlari bu safargi turnirda ham kamida yarim finalni mo‘ljal qilishgan (oxirgi marta nemislar jahon chempionatida 1/2 final bosqichida faqat 2002 yili bo‘lmagandi). Terma jamoaning qudratiga shubha yo‘q — faqat murabbiylar shtabi turnirga «Manchester Siti» yetakchisi Leroy Saneni olib kelmagani ko‘pchilikni hayron qoldirdi, lekin bu alohida tanqidlarga arzigulik qaror emas. Germaniya bir yil muqaddam, Konfederatsiyalar Kubogi yarim finalida deyarli ikkinchi tarkibi bilan Meksikani yer tishlatgandi - 4:1.
Bu o‘yinning alohida jihati Dortmundning «Borussiya» klubi tirik afsonasi, hozirgi futbolning eng yorqin iste'dodlaridan biri, ammo jarohat tufayli 2014 yilgi jahon chempionati, 2016 yilgi Yevropa chempionatini o‘tkazib yuborgan Marko Roysning bu safargi mundialdagi ishtirokidir.
JCh saralashi
Germaniya saralash turnirida haddan tashqari kuchli o‘yin ko‘rsatdi, 10 uchrashuvda 10 g‘alaba qayd etilib, bosqich davomida atigi 4 gol o‘tkazildi. Bu o‘yinlarda nemislar 43 gol urishdi: bunday ko‘p golni Yevropada faqat Belgiya ura oldi. Germaniya – Yevropa saralashida maksimal natija ko‘rsatgan yagona terma jamoa bo‘ldi. Qolaversa, nemislar kuchsiz guruhda emasdi: Shimoliy Irlandiya o‘tgan Yevropa chempionatida sensatsion ishtirok etgan, Chexiya va Norvegiya ham kuchsiz jamoalar emas.
Oxirgi o‘yinlar
Bahorda Germaniya Rossiya, Ispaniya va Braziliya kabi terma jamoalar bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazdi. G‘alaba ham, durang ham, mag‘lubiyat ham qayd etildi. Eng hayron qoldirgan natija – avstriyaliklar bilan o‘yinda bo‘ldi. Germaniya bu o‘yinda yutqazdi, ammo mundialdan oldingi oxirgi o‘yinda Saudiya Arabistoni mag‘lub etildi, kichik hisobda.
Asosiy yulduzlar
Germaniya deyarli mukammal tarkibga ega. Asosiy yulduzlar – Toni Kroos, Mesut O‘zil va Manuel Noyyer. Darvozabon ko‘p vaqt davomida jarohat tufayli futbol o‘ynamadi, ammo Lyov uni Rossiyaga olib keldi. Noyyer jarohat olishidan oldin jahonning eng yaxshi darvozaboni bo‘lib turgandi. Mundialda ham «Barselona» a'zosi Mark-Andre ter Shtegen emas, balki u asosiy darvozabon bo‘lishi kutilmoqda.
Meksika
FIFA reytingidagi o‘rni: 15
Darvozabonlar: Gilermo Ochoa («Standard»), Xesus Korona («Krus Asul»), Alfredo Talavera («Toluka»).
Himoyachilar: Edson Alvares («Amerika»), Ugo Ayyala («Tigres»), Xesus Galyardo (UNAM), Migel Layun («Sevilya»), Ektor Moreno («Real Sosedad»), Diyego Reyyes («Portu»), Karlos Salsedo («Ayntraxt»), Rafael Markes («Atlas»).
Yarim himoyachilar: Marko Fabian («Ayntraxt»), Xonatan dos Santos («Los-Andjyeles Gelaksi»), Andres Guardado («Betis»), Ektor Errera («Portu»), Xaver Akino («Tigres»).
Hujumchilar: Jovani dos Santos («Los-Andjyeles Gelaksi»), Xesus Korona («Portu»), Xaver Ernandes («Vest Hem Yunayted»), Raul Ximenes («Benfika»), Irvin Losano (PSV), Oribe Peralta («Amerika»), Karlos Vela («Los-Anjyeles»).

JCh saralashi
Meksikaliklar saralashning birinchi bosqichida Honduras, Kanada va Salvador termalarini osonlik bilan ortda qoldirdi. Ikkinchi bosqichda kichik muammolar tug‘iodi. Birinchi o‘rin uchun kurashda Kosta-Rika qattiq qarshilik ko‘rsatdi, ammo kosta-rikaliklar o‘z o‘yinlarida ochkolar yo‘qotib, Meksikani oldinga o‘tkazib yubordi. Meksika guruhda hammadan ko‘p ochko jamg‘arib, hammadan kam gol o‘tkazdi, prinsipial raqib bo‘lgan AQShga qarshi ikki o‘yinda ham g‘alaba qozonildi.
Oxirgi o‘yinlar
Munosib sparring-raqiblar tanlagan Meksika turli natijalar qayd etdi, ularning oxirgi 3tasida – Uels bilan durang o‘ynaldi (0:0), Shotlandiya mag‘lubiyatga uchratildi (1:0) va Daniyaga qarshi o‘yin boy berildi (0:2). Ammo oxirgi vaqtlarda meksikaliklar maydon ichidagi harakatlari bilan emas, maydon tashqarisidagi voqealar tufayli mashhur bo‘lishmoqda, futbolchilar Rossiyaga yo‘l olishdan oldin katta ziyofat o‘tkazishdi va aysh-ishrat qilishdi. Federatsiya ham futbolchilarni jazolamadi, ular futbolchilar bo‘sh vaqtini o‘zlari istagan tarzda o‘tkazishlari mumkinligini ma'lum qilishdi. Shu voqeadan keyin daniyaliklarga qarshi bir o‘yin o‘tkazildi va mag‘lub bo‘lindi.
Asosiy yulduzlar
Keng ko‘lamda olib qaralsa, asosiy yulduz Rafa Markes, agar oxirgi yillar nazarda tutilsa, «MYu» va «Real»ning sobiq hujumchisi, ayni vaqtda «Vest Xem» uchun o‘ynayotgan Xaver Ernandes. U juda sermahsul emas, ammo uning harakatlari terma jamoa hujumini rivojlantirishda beqiyos. Chicharito 30 yoshga chiqib bo‘ldi, bu mundial uning uchun oxirgisi bo‘lishi mumkin, shu tufayli u bor kuchini namoyish etishga harakat qiladi.
Braziliya — Shveytsariya, «Rostov Arena» (Rostov-na-Don), 23.00 Toshkent (Pervyy)

2018 yilgi jahon chempionati Braziliya uchun ham bugun boshlanadi. Rossiyaga janubiy amerikaliklar favoritlardan biri sifatida tashrif buyurishgan, bu safargi jamoa 2014 yili Germaniya «qurboni»ga aylangan jamoadan butunlay farq qiladi, bu jamoani ideal deyishga shoshilmaslik kerak, ammo brazillarning hozirgi tarkibi chempionlarga xos o‘yinlar ko‘rsatmoqda. Neymar yanada o‘sgan, u fevraldayoq «PSJ»ning o‘yinlarini tashlab, dam olib, mundialga tayyorlandi. Ushbu 222 million yevrolik vinger va uning jamoasi nazorat o‘yinlarida barchaning yuragiga g‘ulg‘ula soldi, ular ishonch bilan futbol o‘ynashmoqda. Braziliyaning mundialdagi ilk raqibi Shveytsariiya bo‘ladi, u qadar kuchsiz bo‘lmagan bu Yevropa jamoasi mundiallarning doimiy ishtirokchisi, tez-tez xalqaro turnirlarning pley-offlarida o‘ynab turadi. Yevropaliklarda sensatsion ravishda 3 ochko olish uchun imkoniyatlar bor. Bu terma jamoa brazillarni yengish tajribasiga ega 2013 yili o‘zaro uchrashuvda aynan shveysarlar minimal hisobda ustun kelishgandi.
Braziliya
FIFA reytingidagi o‘rni: 2
Darvozabonlar: Alison («Roma»), Ederson («Manchester Siti»), Kasio («Korintians»).
Himoyachilar: Danilo («Manchester Siti»), Fagner («Korintians»), Tyago Silva («PSJ»), Miranda («Inter»), Markinos («PSJ»), Pedro Jyeromel («Gremio»), Marselo («Real»), Filipe Luis («Atletiko»).
Yarim himoyachilar: Kazemiro («Real»), Paulino («Barselona»), Fernandino («Manchester Siti»), Renato Augusto («Beytszin Goan»), Koutino («Barselona»), Fred («Shaxtyor»), Villian («Chelsi»).
Hujumchilar: Neymar («PSJ»), Roberto Firmino («Liverpul»), Gabriel Jyezus («Manchester Siti»), Duglas Kosta («Yuventus»), Tayson («Shaxtyor»).
JCh saralashi
Saralash turniri davomida Braziliya bosh murabbiyni almashtirdi va irodasiz, ishtiyoqsiz jamoadan mashinaga aylandi va birin-ketin ochkolarni qo‘lga kirita boshladi. Bosh murabbiylik postini Tite – «Korintians» tarixidagi eng sovrindor murabbiy, ikki karra Braziliya chempioni, Libertadores kubogi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘olibi egalladi.
Tite termadan Xitoyda javlon urayotgan Xalk va Oskarni chiqarib tashladi, ammo Paulino va Renato Augustoga joy berdi. Uning bu qarorlari ko‘pchilikni shokka tushirgandi, ammo bu davr o‘tib ketdi, endi yangi jamoa – nafaqat hujumda, balki himoyada ham ishonchli harakat qilardi. Tite boshqaruvida braziliyaliklar saralashda qatorasiga 9 g‘alaba qayd etishdi (Argentina va Urugvay yirik hisoblarda mag‘lub etildi), bu seriyadan keyin biroz bo‘shashgan jamoa ikki marta durang o‘ynadi. Shu bilan birgalikda ikkinchi o‘rin bilan 10 ochkolik farq saqlangan holda birinchi o‘rin egallandi – jamoa Dunga ishdan bo‘shatilgach butunlay o‘zgargandi.
Qanday o‘ynaladi?
Tayanch yarim himoyachisi Kazemiro va harakatchan hujum guruhi, bu guruhda hujum chizig‘ining istalgan vakili o‘rin egallashi mumkin. Saralash o‘yinlarida Tite 4-1-4-1 sxemasini qo‘lladi, bu sxema Renato Augusto/Fernandino va Paulino markazda, Neymar va Koutino qanoatlarda harakatlanishini ko‘zda tutardi. Hozirda sxema o‘zgargan: Koutino yarim himoya markazida harakatlanib, yana bir hujumkor futbolchi (Duglas Kosta yoki Villian) oldinga chiqishiga zamin yaratadi.
Asosiy futbolchilar
Neymar. Uning termadagi o‘rni «PSJ»dagi kabi emas. Klubda hamma Neymar uchun o‘ynaydi, u hujumlarni o‘zi boshlab, o‘zi tugallaydi. Termadagi roli esa «Barselona»dagi davrlarni eslatadi: Neymar uchun kenglik hosil qilinadi, u qanotdan yuguradi va darvozaga zarba berish nuqtasiga chiqib boradi. Kazemiro – terma jamoadagi sheriklarining ortini yopish uchun o‘ynaydi. Uning ishchanligi muhim ahamiyatga ega. Kazemiro butun maydon bo‘ylab harakatlanishi mumkin. Yana bir muhim futbolchi – Paulino. «Barselona»da ushbu braziliyalik futbolchi hujumlarni yakunlashda Messiga sheriklik qiladi, u Ernesto Valverdening noyob topilmasidir. Paulino – pozitsiyalar o‘rtasida bog‘lovchilik vazifasini a'lo darajada uddalaydi. U saralash davomida 11 o‘yinda 6 gol urib, ikki golga uzatma bergan. Bu ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin: Alisson - Braziliyada yana top-darvozabon, Marselo, Jyezus, Koutino… himoyada Markinos-Miranda juftligi. Ha, Braziliya shu qadar kuchli.
Shveytsariya
FIFA reytingidagi o‘rni: 6
Darvozabonlar: Roman Byurki («Borussiya» D), Ivon Mvogo («RB Leyptsig»), Yan Zommer («Borussiya» M).
Himoyachilar: Manuel Akandji («Borussiya» D), Niko Elvedi («Borussiya» M), Mixael Lang («Bazel»), Shtefan Lixtshtayner («Yuventus»), Jak-Fransua Mubandjye («Tuluza»), Rikardo Rodriges («Milan»), Yoxan Juru («Antalyaspor»), Fabian Lukas Shyor («Bazel»).
Yarim himoyachilar: Valon Bexrami («Udineze»), Blerim Jyemayli («Bolonya»), Jyelson Fernandesh («Ayntraxt»), Remo Froyler («Atalanta»), Sherdan Shakiri («Stok Siti»), Granit Chaka («Arsenal»), Stiven Tsuber («Hoffenhaym»), Denis Zakariya («Borussiya» M).
Hujumchilar: Yosip Drmich («Borussiya» M), Bril Embolo («Shalke»), Mario Gavranovich («Dinamo» Z), Xaris Seferovich («Benfika»).

JCh saralashi
Shveytsariya FIFA reytingida oltinchi o‘rinda. OLTINChI – bu xato emas, bu hisob-kitoblar natijasi. Saralash guruhida Shveytsariya Portugaliya bilan 3ga 3 o‘ynadi, boshqa barcha o‘yinlarda g‘alaba qozonildi, Vengriya, Farer orollari, Latviya va Andorra uyda ham, safarda ham mag‘lub etildi. Shimoliy Irlandiyaga qarshi o‘yinlardagi natijalar ham reytingda ko‘tarilishga sabab bo‘ldi. Vladimir Petkovich qo‘li ostida yomon jamoa shakllanmagan – ammo bu jamoa reytingda o‘zidan quyiroqda joylashgan Ispaniya va Fransiya kabi terma jamoalar yo‘ldan chiqqanda o‘ta olishiga ishonish qiyin.
Qanday o‘ynaydi?
Petkovich jamoasi ancha ehtiyotkor futbol namoyish etadi, bu jamoa o‘yini Jyerdan Shakiri va Granit Chaka qanday kayfiyat va qanday sport formasida ekaniga bog‘liq bo‘ladi. Jamoa ikki tayanch yarim himoyachisiga tayanadi: Chaka va Valon Bexrami. Blerim Jyemaili hujumchi ortidan harakat qiladi. Markazdagi bunday to‘siqni buzib o‘tish qiyin. Shuningdek, chap qanotdan Rikardo Rodriges hujumga qo‘shiladi, o‘ng qanotdan Shakiriga Lixtshtayner yordam beradi. Qayd etish kerakki, jamoaning asosiy muammosi markaziy hujumchi yetishmasligi, bu Yevro-2016 turnirida ham ko‘zga tashlanib qolgandi. «Benfika» a'zosi Xaris Seferovich Portugaliya chempionatida atigi 4 gol urgan, Bril Embolo («Shalke») esa yanada yomonroq mavsum o‘tkazgan.
Asosiy futbolchilar
Darvozabon. Zommer Sherom va Akandji kabi yosh himoyachilar bilan birga himoyani boshqaradi. Saralash bosqichidagi 6 quruq o‘yin – uning xizmatlari evaziga. Granit Chaka hujumlarni boshlashga mas'ul. U hamisha ham bu ishni a'lo darajada uddalay olmasligi mumkin, ammo jamoada uning darajasidagi boshqa futbolchi yo‘q. Terma jamoa jismoniy jihatdan yetuk, ammo jamoaga aqlli va ijodkor futbolchilar yetishmaydi. Shakiri va Tsuber barchasiga qarashi kerak. Yana bir narsani qayd etish kerakki, Rodriges va Lixtshtayner birgalikda saralash o‘yinlarida 6 gol urishdi. Jamoaning asosiy qurollaridan biri aqlli va texnik futbolchilardan iborat qanotlardir.
Mavzuga oid
14:45 / 22.05.2025
NYT: Rossiya Braziliyadan «josuslar fabrikasi» sifatida foydalangan
20:37 / 12.05.2025
Karlo Anchelotti Braziliya milliy jamoasiga bosh murabbiy bo‘ldi
10:40 / 05.05.2025
Braziliya politsiyasi Ledi Gaga konsertidagi teraktning oldini oldi
19:37 / 01.05.2025