O‘zbekiston | 19:12 / 18.06.2018
53073
10 daqiqa o‘qiladi

Haydovchilik guvohnomasi: olish, almashtirish yoki dublikatini rasmiylashtirish

Vazirlar Mahkamasining 31.05.2018 yildagi 408-son qarori bilan Davlat ta'lim muassasalari va avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta'lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini amalga oshiruvchi boshqa yuridik shaxslarning o‘quv guruhlarini ro‘yxatga olish, shuningdek imtihonlarni o‘tkazish va milliy haydovchilik guvohnomasini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.

Maktab va kurslarni ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risida
 
Davlat ta'lim muassasalari va boshqa yuridik shaxslarning o‘quv guruhlarini ro‘yxatga olish Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (DYHXX) va uning hududiy boshqarmalari (YHXB) tomonidan amalga oshiriladi. 

Davlat ta'lim muassasalari o‘zining ta'lim faoliyatini boshlagunga qadar yuqori turuvchi davlat idorasi orqali IIV YHXBBning xulosasini oladi. Xulosa chiqarilgunga qadar YHXBB qarori asosida, tekshiruv komissiyasi tomonidan da'vogarlarning moddiy-texnika va o‘quv-metodik bazasi har tomonlama ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Tekshiruv natijalari bo‘yicha 3 nusxada dalolatnoma tuziladi: biri xulosa tayyorlash uchun YHXBBga taqdim etiladi, bir nusxasi – YHXBda, bir nusxasi  davlat ta'lim muassasasida saqlanadi. Davlat ta'lim muassasasi YHXBda hisobga qo‘yilganda tayyorlanadigan haydovchilarning toifalari ko‘rsatilgan holda uning nomi, manzili, bank rekvizitlari, ustavni tasdiqlash (ro‘yxatdan o‘tkazish) to‘g‘risida ma'lumot, mahalliy davlat organlarining qarori raqami ko‘rsatiladi va ushbu barcha ma'lumotlar alohida jurnalda aks ettiriladi. Davlat ta'lim muassasalarini hisobga olish jurnali IIV tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi va hududiy YHXBda saqlanadi.

Ko‘rsatilgan sohada nodavlat ta'lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxsning o‘quv guruhlari Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan berilgan tegishli litsenziya asosida YHXBB ko‘rsatmasiga asosan YHXB tomonidan ro‘yxatga olinadi.

O‘quv tashkilotlari tomonidan avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarining malaka oshirish kurslari yakuni bo‘yicha hududiy YHXBga sertifikat olgan tinglovchilar, sertifikat berilgan sana va raqami ko‘rsatilgan holda ro‘yxati taqdim etiladi.

YHXBda hisobga olingan barcha o‘quv tashkilotlarining o‘quv, moddiy-texnika bazasi va faoliyati har yili kamida 1 marotaba atroflicha, har bir o‘quv guruhlarining o‘quv jarayoni esa har oyda kamida 1 marotaba hududiy YXXBlar tomonidan o‘rganib boriladi. O‘rganish natijalari yuzasidan dalolatnoma tuzilib, zarurat tug‘ilganda davlat ta'lim muassasasining yuqori turuvchi tashkilotiga tegishli taqdimnoma yuboriladi.

O‘quv tashkilotlari tomonidan belgilangan muddatlarda aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmasa, ushbu o‘quv tashkilotlarining yangi o‘quv guruhlarini hududiy YO‘XBning ro‘yxatlash va imtihon olish bo‘linmalarida (RvaIOB) ro‘yxatdan o‘tkazish to‘xtatiladi.
 
Haydovchilik guvohnomasini berish tartibi

Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalarini boshqarish huquqini beruvchi milliy haydovchilik guvohnomasini olishni istagan shaxslar maxsus ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan o‘quv reja va dasturlariga muvofiq ta'lim olishlari shart.
 
Imtihonlar doimiy yoki vaqtinchalik turar joylaridagi, majburiy xizmatga chaqirilgan harbiy xizmatchilar tomonidan esa – xizmat joylaridagi hududiy YHXBning RvaIOBlarida topshiriladi. Favqulodda holatlar yuz bergan vaqtda, o‘quv tashkilotlari imtihon olish joylaridan uzoq masofada joylashgan hududlarda va h.k., istisno tariqasida, imtihonlar qabul qilish joyi yoki muddati YHXB rahbariyati tomonidan ko‘rib chiqilishi mumkin.

O‘quv muddati yakunida:

• «A» toifadagi mototransport vositasini boshqarish huquqiga ega bo‘lish uchun – 16 yoshga;
• «V» va (yoki) «S» toifadagi avtotransport vositalarini boshqarish huquqiga ega bo‘lish uchun – 18 yoshga;
• «D» toifadagi avtotransport vositalarini, tramvay va trolleybuslarni boshqarish huquqiga ega bo‘lish uchun – 21 yoshga to‘lgan shaxslarga hududiy YHXBning RvaIOBda imtihonlar topshirishga ruxsat etiladi.
 
Istisno: Mudofaa vazirligi tomonidan avtomototransport vositalari haydovchilari mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishga jalb etilgan chaqiriluvchilarga o‘qishni tugatganlaridan so‘ng, 18 yoshga to‘lmagan bo‘lsalar-da, hududiy YHXBda imtihonlarni topshirishlariga ruxsat beriladi. Ularga nazariy va amaliy imtihonlarni topshirganlaridan so‘ng tegishli toifadagi («V» va (yoki) «S») avtotransport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi milliy haydovchilik guvohnomasi beriladi. Bunda «Alohida belgilar uchun» joyida uning egasi qaysi muddatdan (18 yoshga to‘lganidan keyin) avtotransport vositasini boshqarish huquqiga ega ekanligi ko‘rsatiladi.
 
Avval – nazariy imtihon, so‘ng amaliy imtihon o‘tkaziladi. Nazariy imtihonlarni topshira olmagan shaxslar amaliy imtihonlarga qo‘yilmaydi. Imtihonlarni qabul qilish va «A», «V», «S», «D», «Ve», «Se», «DE» toifadagi avtomototransport vositalarini, shuningdek, tramvay, trolleybuslarni boshqarish huquqini beruvchi milliy haydovchilik guvohnomalarni berish hududiy YHXBning RvaIOBlari tomonidan amalga oshiriladi.

Guvohnomani olish uchun haydovchilikka nomzodlar hududiy YHXBning RvaIOBlariga tasdiqlangan hujjatlar ro‘yxatini taqdim etishlari lozim.

Nazariy va amaliy imtihonlarni topshirgan shaxslarga imzolangan bayonnoma asosida milliy haydovchilik guvohnomasi beriladi. Guvohnoma uni qayd etish kitobiga seriyasi va tartib raqamining o‘sishi bo‘yicha kiritiladi hamda imtihon varaqasiga qayd etiladi. Haydovchilik guvohnomasidagi yozuvlar maxsus texnik vositalarda chop etiladi.

Guvohnoma faqat uning egasiga beriladi va ishonchnoma bilan berilmaydi. U pasportini yoki uning o‘rnini bosuvchi hujjatni ko‘rsatib, haydovchilik guvohnomasi beriladigan kitobga shaxsan imzo qo‘yadi.
 
Haydovchilik guvohnomasini almashtirish

Haydovchilik guvohnomasi egasining belgilangan shakldagi arizasi, uning oldingi haydovchilik guvohnomasi (eski namunadagi haydovchilik guvohnomalari uchun – uning taloni ham), haydovchining imtihon varaqasi yoki haydovchilik guvohnomasini bergan hududiy YHXB tasdiqnomasi, belgilangan shakldagi tibbiy ma'lumotnoma, fuqarolik pasporti yoki uning o‘rnini bosuvchi boshqa hujjat taqdim etilganidan so‘ng almashtiriladi.

Avtomototransport vositalarini oxirgi 12 oy davomida boshqargan shaxslarning haydovchilik guvohnomalari tegishli imtihonlarsiz almashtiriladi. Ushbu dalil qo‘yidagi hujjatlar bilan tasdiqlanadi:

• ishlayotgan haydovchilar uchun – mehnat daftarchasidan ko‘chirma yoki ishlayotgan joyida unga biriktirilgan avtomototransport turi ko‘rsatilgan ma'lumotnoma (buyruqdan ko‘chirma);
• shaxsiy avtomototransport vositalari haydovchilari uchun – ularga tegishli bo‘lgan avtomototransport vositasining ro‘yxatdan o‘tganligi haqidagi qayd etish guvohnomasi;
• ishonchnoma yoki ijara shartnomasi bilan avtomototransport vositasini boshqargan shaxslar uchun – avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma va uni boshqarish uchun notarial idora tomonidan tasdiqlangan ishonchnoma yoki ijara shartnomasi.

Avtomototransport vositasini oxirgi 12 oy davomida boshqarmagan shaxslarning haydovchilik guvohnomalari nazariy va amaliy imtihonlarni topshirganlaridan so‘ng almashtiriladi.

Yo‘qolgan guvohnoma dublikati nazariy va amaliy imtihonlar topshirilganidan hamda transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan haydovchilik guvohnomalari ma'lumotlar bazasidan tekshirilganidan so‘ng beriladi. O‘g‘irlangan, yong‘in, tabiiy ofat oqibatida va boshqa shu kabi sabablarga ko‘ra yo‘qolgan hamda daxldor vakolatli idoralarning hujjatlari bilan tasdiqlangan holatlar bundan mustasno. Sanab o‘tilgan hollarda haydovchining arizasi, imtihon varaqasi, tibbiy ma'lumotnoma mavjud bo‘lmagan hollarda hududiy YHXBning RvaIOBlarining tasdiqnomasi asosida beriladi.

Haydovchilik guvohnomasining dublikatini rasmiylashtirish davomida 1 oy muddatga vaqtinchalik ruxsatnoma beriladi. Tasdiqlovchi hujjatlar olingunga qadar vaqtinchalik ruxsatnoma muddatini yana 1 oygacha uzaytirish mumkin. U alohida kitobda qayd etiladi va haydovchilik guvohnomasi berilgandan keyin asos bo‘lgan hujjatlarga tikiladi.
 
Xalqaro haydovchilik guvohnomalari va Yo‘l harakati to‘g‘risidagi Konventsiya talablariga javob beradigan milliy haydovchilik guvohnomalari O‘zbekiston hududida avtomototransport vositalarini boshqarish uchun haqiqiy hisoblanadi. Bizning fuqarolar uchun O‘zbekiston hududida milliy haydovchilik guvohnomalari haqiqiy hisoblanadi.
 
Endi plastik guvohnomalar beriladi

Haydovchilik guvohnomalari blankalari plastik shaklda tasdiqlanadigan namunaga muvofiq YHXBB buyurtmasiga asosan tayyorlanadi. Buyurtma 1,5 yillik doimiy zaxira bo‘lishini inobatga olib beriladi. Haydovchilik guvohnomalari hamda qat'iy hisobot blankalarining kirim va chiqimlari hisobot kitobida qayd etiladi.
 
Haydovchilik guvohnomalarining to‘ldirilmagan plastik kartalari qat'iy hisobot hujjatlari tariqasida saqlanadi. To‘ldirish (yoki chop etish) jarayonida buzilganlari dalolatnoma rasmiylashtirilgach, YHXBBga topshiriladi va yo‘q qilinadi.
 
Tibbiy ko‘rik xulosasi asosida transport vositalarini boshqarish huquqidan chetlatilgan, yo‘qolgani o‘rniga dublikati berilgandan so‘ng topib olingan, mahrum etilgan muddatdan keyin 2 yil davomida talab qilib olinmagan, vafot etgan fuqarolarning milliy haydovchilik guvohnomalari va eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarining talonlari navbatdagi taftishda belgilangan tartibda yo‘q qilinadi.

Mavzuga oid