O‘zbekiston | 12:13 / 19.06.2018
17817
5 daqiqa o‘qiladi

2019 yil 1 yanvardan patent bojlari va to‘lovlarini pasaytirish rejalashtirilmoqda

Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida intellektual mulkni huquqiy muhofaza qilish tizimini takomillashtirishga doir «Yo‘l xaritasi» muhokama qilinmoqda.
 
Norma’ning yozishicha, loyihada quyidagilarning qonuniy jihatdan mustahkamlanishi nazarda tutilmoqda:

• kundalik turmushda Internet ahamiyati tobora oshib borayotganligini inobatga olgan holda tovar belgilari «mashhurligi»ning aniq mezonlari;
• intellektual mulk obektlari (tovar belgisi, sanoat namunasi va b.) insofsiz ravishda ro‘yxatdan o‘tkazilishi tushunchalarining mustahkamlanishi;
• tovar belgisidan maqsadli foydalanishni nazarda tutgan holda u qo‘llanadigan aniq holatlarning belgilanishi.
 
Intellektual mulk obektlaridan noqonuniy foydalanganlik uchun ma'muriy javobgarlikni kuchaytirish va jinoiy javobgarlikni joriy etish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.
 
Patent ishonchli vakillari institutini takomillashtirish rejalashtirilmoqda. Bunda ularning faoliyatini muvofiqlashtirish va uslubiy ta'minlash tizimi, tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish tartibi takomillashtiriladi.
 
2019 yil 1 yanvardan patent bojlari va to‘lovlarining amaldagi stavkalari, shuningdek tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgisi, tovarlar kelib chiqqan joylar nomi va sanoat namunasini huquqiy muhofaza qilganlik uchun norezidentlardan undiriladigan individual bojlar kamida ikki baravar pasaytirilishi rejalashtirilmoqda.
 
Tovar belgisi va xizmat ko‘rsatish belgisi, tovar kelib chiqqan joy nomi va tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun buyurtmanomalarni faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki YaIDXP orqali elektron tarzda taqdim etish tartibi joriy etilishi nazarda tutilgan. 
 
Intellektual mulk agentligi faoliyatini takomillashtirish rejalashtirilgan.
 
Toshkent davlat yuridik universitetida intellektual mulk kafedrasini ochish rejalashtirilmoqda.
 
Oliy sud huzurida Patent sudi faoliyatini tashkil etish masalasi o‘rganib chiqiladi.
 
Tumanlar (shaharlar) Davlat xizmatlari markazlari orqali «yagona darcha» tamoyili bo‘yicha intellektual mulk sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibi bosqichma-bosqich joriy etilishi ko‘zlangan.
 
Xalqaro normalarni milliy qonunchilikka yanada implementatsiya qilish
 
«Yo‘l xaritasi» loyihasida respublikaning quyidagilarga a'zo bo‘lishini ishlab chiqish nazarda tutilgan:

• Fonogrammalar ishlab chiqaruvchilarining manfaatlarini ularning fonogrammalarini noqonuniy qayta yozishdan himoya qilish to‘g‘risidagi Jyeneva konvensiyasi;
• Fonogrammalar ijrochilari, ishlab chiqaruvchilari va eshittirish tashkilotlarining huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi Rim konvensiyasi;
• Fonogrammalar ishlab chiqaruvchilarining manfaatlarini ularning fonogrammalarini noqonuniy qayta yozishdan himoya qilish to‘g‘risidagi konvensiya;
• Mualliflik huquqi bo‘yicha shartnoma;
• Ijrolar va fonogrammalar bo‘yicha shartnoma;
• Tovar belgilari bo‘yicha qonunlar to‘g‘risidagi Singapur shartnomasi.
 
Mulk huquqlari himoyalanishi xalqaro indeksi mezonlarini ham hisobga olgan holda intellektual mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarning ishonchli himoyasi ta'minlanganligini baholash va tahlil qilish zamonaviy tizimini joriy etish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» loyihasini ishlab chiqish taklif qilinmoqda.
 
Quyidagilarni ta'minlovchi intellektual mulk obektlarining yagona muntazam yangilanadigan integratsiyalangan ma'lumotlar bazasini ishlab chiqish va joriy etish rejalashtirilmoqda:

• huquqiy muhofaza qilinadigan va undan mahrum qilingan intellektual mulk obektlarini real vaqt rejimida kuzatish;
• intellektual mulk obektlari huquqiy muhofazasini olganda va uni boy berganda tegishincha Intellektual mulk obektlari bojxona reyestriga avtomatik ravishda kiritish va undan chiqarib tashlash;
• intellektual mulk huquqlari buzilishi holatlarini aniqlash va oldini olishda manfaatdor davlat organlarining o‘zaro hamkorligi.
 
Ushbu sohadagi qonunchilikni takomillashtirishga doir asosli takliflarni ishlab chiqqan holda intellektual mulk obektlarini tijoratlashtirishning joriy holatini tanqidiy tahlil qilish, shu jumladan patent egalari bilan litsenziya shartnomalarini tuzishga to‘sqinlik qiluvchi sabablar va sharoitlarni aniqlash lozim.
 
Hujjat loyihasi o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Mavzuga oid