Sport | 16:50 / 23.06.2018
4430
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik futbol muxlislari Saptiva’da Rossiyaga yo‘l oldi

O‘zbekistonlik 4 nafar futbol muxlisi Rossiyada o‘tayotgan jahon chempionati-2018 o‘yinlarini tomosha qilish uchun Saptiva rusumli avtomashinada yo‘lga chiqdi.

“Siz O‘zbekistonni qanchalik yaxshi bilasiz?” shiori ostidagi ushbu avtosayohat ishtirokchilari orasida futbol muxlislariga yaxshi tanish bo‘lgan Abdurahmon Fozilov, Shavkat Imomov, Baxtiyor Ro‘ziyev hamda Jahongir Sotvoldiyevlar bor.

Ular Toshkent - Chimkent - Boyqo‘ng‘ir - Aqto‘be - Samara - Qozon - Moskva - Nijniy Novgorod yo‘nalishida harakatlanib, Sankt-Peterburg shahriga boradi. Avtosayohat 23 iyundan 15 iyulga qadar davom etishi rejalashtirilgan.

- Futbol ishqibozlariga jahon chempionatining eng qaynoq jarayonlari, voqealarini yetkazib borish hamda turli davlatlardan Rossiyaga tashrif buyurgan sayohatchilarga O‘zbekiston haqida ko‘proq ma'lumot berish maqsadida yo‘lga chiqdik, - deydi guruh rahbari Abdurahmon Fozilov.

Shuningdek, jahon chempionatida muxlis sifatida qatnashayotgan mehmonlar o‘rtasida “Siz O‘zbekistonni qanchalik yaxshi bilasiz?” shiori ostida turli loyihalar, O‘zbekistonning turistik salohiyatini aks ettiruvchi esdalik sovg‘alari tarqatish bo‘yicha aksiyalar o‘tkaziladi.

Ta'kidlab o‘tish joizki, futbol muxlislarining sayohatiga O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi, O‘zbekturizm davlat qo‘mitasi, Kun.uz sayti va superliga titul homiysi Pepsi kompaniyasi homiylik qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq misrlik muxlisi velosiped va germaniyalik muxlis o‘z traktorida Rossiyadagi futbol uchrashuvlarini tomosha qilish uchun kelganligi xabar berilgan edi.

Илёс Сафаров
Tayyorlagan Илёс Сафаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid