Sport | 20:30 / 27.06.2018
15827
5 daqiqa o‘qiladi

Xayrulla Hamidov maqolasi: Taqdir ipi

B guruhi vakillari o‘rtasidagi o‘yinlar shiddatli kechdi. Bunga qo‘shilasiz, albatta. Lekin guruhning o‘yinlari xuddi shu hisoblar bo‘yicha teskari ko‘rinish olganda, deylik, birinchi turda Portugaliya o‘yinni Eron bilan boshlaganda, Ispaniya esa, Marokashga qarshi boshlaganida nima bo‘lardi? 

Ikkinchi turda Ronaldu vatandoshlari birinchi turda ochko egasi bo‘lgan Marokashni qabul qilishsayu, birgina ochkoli Ispaniya Eron bilan o‘ynasa...

Oxirgi turda Marokash – Eron va Portugaliya – Ispaniya bo‘lsa, keling, tasavvur qilib ko‘raylik.

Demak, birinchi tur: Portugaliya – Eron – 1:1. Kuarejmaning chiroyli goli bilan festival boshlanmoqda, hamma Ronalduni alqab yotgan payti jahonning eng yaxshi futbolchisi penaltidan ura olmayapti. Ikki terma jamoada bittadan ochko.

Ispaniya Marokash bilan bahslashmoqda va u o‘yin bilan Ravshan Ermatov musobaqani boshlamoqda. Iskoga bag‘ishlangan kecha ispanlarga omadli bir ochkoni hadya etmoqda. Matbuot Marokash haqida hapqirib yozayotgan bo‘lardi, aniq. Turnir jadvali quyidagicha:

Ikkinchi tur biz guvohi bo‘lgan ikkinchi turga to‘g‘ri kelaveradi. O‘rtasi-ku... 

Marokash – Portugaliya – 0:1, nihoyat Ronaldu o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. Ispaniya – Eron – 1:0. Eronliklarning urinishlari besamar ketdi. Turnir jadvali esa quyidagicha:

Uchinchi tur oldidan hammada imkoniyat bor. Eron Marokash bilan o‘ynar ekan, ikki terma jamoa parallel ravishda o‘ynaydigan favoritlar uchrashuvda kimdir g‘alaba qozonishiga ishona oladi. Chunki ikkisi ham g‘alaba qozonsa, pley-offda Urugvaydan qochib, Rossiyaga to‘qnash kelishini yaxshi biladi.
Parallel o‘yinlar: Portugaliya – Ispaniya. Marokash – Eron. 

Portugaliyaliklar hisobni ochishadi, tabiiyki, g‘alabani ushlab qolish uchun urinish boshlanadi. Lekin Ispaniya javob beradi, qolganini bilasiz. Parallel o‘yinda ham g‘alabadan boshqasiga rozi bo‘lolmaydigan Afrika va Osiyo jamoalari tinimsiz hujumlar qilishmoqda. Hisob ochilmagan o‘yin asabiy o‘tishiga sabab, narigi bahsda taxminan 87-daqiqa Ispaniya 3:2 hisobida yengmoqda. Onlayn jadval mana bunaqa:

Ispanlarning tinimsiz hujumidan bilsa bo‘ladiki, Ronaldu jamoadoshlari yana gol o‘tkazib yuborishlari mumkin. Demak, buyoqda kimdir urishi kerak. Eron uradi. Marokashliklar o‘z darvozalarini ishg‘ol etib qo‘yishmoqda. Eron uchun yana bitta gol keyingi bosqich masalasini hal qiladi. Yo Ispaniyaga ishonib qolishadi, bittagina gol...

Ammo oxirgi daqiqalarda Ronaldu katta sahnaga chiqadi va... Xuddi kelishib olganimizdek.

Eron esa, yana gol urishidan ma'no yo‘qligini anglab yetadi, Marokash esa, ikkita gol urgani bilan-da, yevropaliklarga yetib ololmasligini biladi. Xullas, oxirgi daqiqalar Marokash va Eron o‘ylaganidek bo‘lib chiqadi: yevropaliklar bir-birlarini qo‘llab yuborishdi. 

Taqdir shunaqa. Ipning uchini topib, narigi tomoniga qarab ketsangiz ham, ikkinchi uchi topilmaydi. Boya topgan uchiga kelib qolasiz. 

Men nima uchun bu taxayyul maqolasini yozdim: Angliya va Belgiya o‘yinidan norozilar bor ekan, oxirgi turda emas, boshida o‘ynashlari kerak edi, deguvchilar. Ishonavering, shu variant yaxshiroq va oxirgi turda Belgiya Panama darvozasiga gollar yog‘dirayotganda, xayoli narigi tomondagi o‘yinda tunisliklarni g‘ajiyotgan inglizlarning golini kutishlariga, gol bo‘lgach, yana oldinga o‘tishlariga to‘g‘ri kelaveradi. Bu yomonroq holat. Qaytanga, taqdir in'omi bo‘lmish 3-tur, Belgiya-Angliya o‘yinini ko‘rib qo‘ya qolaylik, a?! Axir, ular har tomonlama bir xil ko‘rsatkich bilan yetib kelishdi-ku shu nuqtaga, yana nima kerak ularga? G‘ariblarni yanchgandan ko‘ra o‘zlari o‘zaro hisob-kitob qilib olaverishsin, to‘g‘rimi?!

PS: D guruhini esa, boshqacha tasavvur qilishga qo‘rqaman. Haliyam kechagi o‘yinlar kayfiyatidaman.

Mavzuga oid