Sport | 15:11 / 28.06.2018
9785
6 daqiqa o‘qiladi

Guruh bosqichida oxirgi kun: Osiyo va Afrika raqobati

Bugun JCh-2018 turnirida guruh o‘yinlari o‘z nihoyasiga yetadi. So‘nggi ikki guruh biroz farqli o‘tishi kutilmoqda. Angliya va Belgiya o‘rtasidagi uchrashuv naqadar sokin kecha, N guruhida hali omadli juftlik aniq emas.

guruhi

Chempionat boshlanmasdan oldin taxmin qilinganidek, bu guruhda so‘nggi tur oldidan hammasi hal bo‘lib ulgurdi. Natijada, biz Angliya va Belgiya o‘rtasida kechishi mumkin bo‘lgan supermatchdan mahrum bo‘ldik. Martines Romelu Lukakuga dam bermoqchi, katta ehtimol bilan Sautgeyt ham ba'zi yetakchilarini maydonga tushirmasligi mumkin, zero bu o‘yinda mag‘lubiyatga uchragan tomon ko‘proq «yutadi».

Hammasi nisbiy bo‘lsa-da, tan olish lozim, bu guruh g‘olibi ravona bo‘ladigan «yo‘lak» biroz qiyinroq. Bu yo‘l Braziliya, Argentina, Fransiya, Portugaliya, Urugvay kabi terma jamoalardan tashkil topgan. 2-o‘rin sohibi boradigan «yo‘l» esa biroz yengilroq – Xorvatiya, Daniya, Ispaniya, Shvetsiya... Albatta, xorvatlarning guruh bosqichlaridagi o‘yinlaridan kelib chiqsak, aynan nimaning hisobiga Argentina yoki Fransiyani kuchli deb hisoblayotganimiz tushunarsiz bo‘lishi mumkin. Ammo tan olish kerak, Xorvatiya qanchalik kuchli o‘yin ko‘rsatmasin, biz bu o‘yin terma jamoaning eng yaxshi o‘yinlaridan biri bo‘layotganini bilib turamiz, ulardan nima kutishni tasavvur qila olamiz. Argentina yoki Fransiya kabi terma jamoalari esa, salohiyat jihatidan yuqori, ular guruh bosqichini yorqin o‘tkazmagan bo‘lishsa-da, bir necha barobar kuchli bo‘la olishlarini sezib turibmiz. Tabiiyki, murabbiylar ham Messi emas, Modrichga qarshi o‘ynash osonroq ekanini yaxshi bilishadi. Buning uchun esa, yutqazish kerak.

Angliya va Belgiya to‘plar nisbati bo‘yicha ham teng ko‘rsatkich qayd etgan. Agar bugungi o‘yinda durang qayd etilsa, qaysi jamoa guruh g‘olibi bo‘ladi, degan savol ham o‘rinli. Barcha ko‘rsatkichlar teng bo‘lsa, Fair Play bo‘yicha taqqoslanadi, ya'ni futbolchilarga berilgan kartochkalar inobatga o‘tadi. Hozircha, 2ta sariq kartochkaga ega bo‘lgan Angliya peshqadam bo‘lib turibdi, chunki belgiyaliklarda 3ta ogohlantirish bor. Qiziq, agar tomonlar gol urishni istamay o‘ynayverishsa, guruhda ikkinchi o‘ringa tushish maqsadida qaysidir jamoa futbolchisi ataylab qizil kartochka olsa-ya?

Ikkinchi juftlik balki ko‘pchilikni qiziqtirmasa-da, o‘sha terma jamoalar muxlislari uchun bayram.Tarixida ilk bor qatnashayotgan Panamaning inglizlardan qabul qilingan olti goldan so‘ng, urgan birgina gollari muxlislarga naqadar quvonch hadya qilganini ko‘rdik. Mundial tarixidagi ilk g‘alaba qay tariqa kutib olinishini tasavvur qilavering. Tunis ham har doim g‘alaba qozonib yuradigan jamoa emas. Ular 1978 yilgi jahon chempionatida, ilk bor final bosqichiga tashrif buyurishgan va ilk o‘yinda Meksika ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozonishgan. Shu bilan Tunis yana 3 jahon chempionatida qatnashdi va har doim birgina durang bilan uyga qaytaverdi. Bugun ushbu natijani yaxshilash imkoni bor.

Jahon Chempionati
«G» guruhi, 3-tur bellashuvlari
28 iyun, payshanba

Angliya—Belgiya 23:00
Panama—Tunis 23:00
 

H guruhi

Deyarli teng kuchli jamoalardan tuzilgan, kimnidir guruhda so‘nggi o‘rinni olishi va aynan o‘sha jamoaning guruhda g‘olib bo‘lishi hech qanday kutilmagan voqea sifatida baholanmaydigan guruh.

Yevropaning yagona vakili muddatidan oldin imkoniyatdan mahrum bo‘ldi. Lekin Polshaning Yaponiya bilan o‘yini bir tomonlama bo‘lmasa kerak, albatta, Polsha ham xuddi kechagi Janubiy Koreya yoki Kosta-Rika singari, so‘nggi o‘yinni yaxshiroq o‘tkazishga urinadi. Yaponiya esa, bu o‘yinda durang o‘ynasa kifoya, kamida ikkinchi o‘rinni olib, pley-off yo‘llanmasiga ega bo‘ladi. Osiyo jamoalari ichida pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan yagona terma jamoa aynan Yaponiya bo‘lishi mumkin.

Senegal esa pley-offga yo‘llanma oladigan yagona Afrika jamoasi bo‘lishi mumkin. Senegal Kolumbiyaga qarshi o‘yinda g‘alaba qozonsa, yoki durang o‘ynasa, nimchorak final ishtirokchisiga aylanadi. Ammo bu vazifa oson emasligini ikkinchi tur ko‘rsatib bergandi. Dastlabki turda ilk daqiqalardayoq qizil kartochka olib, Yaponiyaga qarshilik qila olmagan kolumbiyaliklar Polshaga qarshi o‘yinda bor kuchlarini namoyish qilishda va hozircha mundialda bir jamoa ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan eng kuchli o‘yinlardan birini ko‘rsatishdi. Xuddi shu kayfiyatda endi Kolumbiyani to‘xtatib qolish oson bo‘lmasligi shubhasiz.

Senegal mag‘lubiyatga uchrab ham, guruhdan chiqishi mumkin. Buning uchun Yaponiya Polshaga yirikroq hisobda yutqazishi kerak bo‘ladi.

Jahon Chempionati
«H» guruhi, 3-tur bellashuvlari
28 iyun, payshanba

Yaponiya—Polsha 19:00
Senegal—Kolumbiya 19:00

Mavzuga oid