Navoiylik jurnalistlar kasb bayramlarida munosib taqdirlanishdi
Navoiy shahridagi “Xursand” tantanalar uyida 27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni viloyat bayram tadbiri nishonlandi. Bu haqda Viloyat hokimligi Axborot xizmati xabar bermoqda
Bayram dasturxoni atrofida tashkil etilgan tadbirda viloyat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi faol ishtiroki, matbuot va ommaviy axborot vositalari sohasini rivojlantirishga qo‘shib kelayotgan munosib hissasi hamda kasb bayrami munosabati bilan bir guruh jurnalistlar viloyat hokimligining faxriy yorlig‘i va rag‘batlantiruvchi mukofotlari bilan taqdirlandi.
Xususan, viloyat hokimligining faxriy yorlig‘iga sazovor bo‘lgan 11 nafar jurnalistga 11 ta televizor tuhfa etildi.
— Endilikda shiddat bilan o‘zgarayotgan zamon jurnalist oldiga ham ulkan mas'uliyat va vazifalarni qo‘ymoqda, — deydi Navoiy viloyati teleradiokompaniyasi muharriri Rahima Qaymoqova. — Bugun shunchaki yozib, yoritib bo‘lmaydi. Jurnalistning fikri jamiyat taraqqiyotiga xizmat qilishi kerak. Odamlarning dardu tashvishlari, ularni qiynayotgan muammolarni yorqin suratlarda yoritish, jamiyatda fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish qalam ahlining eng asosiy vazifasiga aylanmoqda.
Muhtaram Yurtboshimizning matbuot va axborot sohasida boshqaruvni takomillashtirish, jurnalistlar va yozuvchilar uyushmalari faoliyatini yanada rivojlantirish, ayniqsa, “Ilhom” fondi va O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalari universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi farmon va qarorlari soha tarixidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Navoiy matbuoti va jurnalistikasi xususida so‘z yuritar ekanmiz, avvalo, bu soha o‘zining bir asrlik hayot yo‘li, boy tarixi bilan har jihatdan ibrat maktabidir.
Bugun viloyatda 42 ta ommaviy axborot vositalari, 80 dan ortiq matbaa-noshirlik sub'yektlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Navoiylik ijodkorlar orasida 2 nafar O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, 1 nafar O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, 4 nafar “Mehnat shuhrati” va “Do‘stlik” ordenlari nishondorlari, 4 nafar “Shuhrat” medali sovrindorlari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Shuningdek, soha fidoyilari orasida bir necha o‘nlab “Oltin qalam” xalqaro milliy mukofoti, “Yilning eng faol jurnalisti”, “Eng ulug‘, eng aziz”, “Jamiyat va men” singari nufuzli respublika tanlovlari g‘oliblari mehnat qilmoqda.
Bayramda san'atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar va jozibali raqslar ijod ahli ko‘ngliga yanada zavq olib kirdi.
Tadbirda Navoiy viloyati hokimi, senator K.Tursunov ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.
Viloyat hokimligi Axborot xizmati.
Mavzuga oid
12:16 / 01.11.2024
Navoiyda odamlar daromadini ko‘paytirish masalasi ko‘rib chiqildi
21:27 / 31.10.2024
Navoiy davlat universiteti tashkil etildi
21:16 / 31.10.2024
Prezident Navoiy viloyatida yirik va strategik loyihalar bilan tanishdi
16:28 / 31.10.2024