O‘zbekiston | 23:15 / 28.06.2018
154223
4 daqiqa o‘qiladi

Rashid Qodirov qamal(may)dimi?

Senatning o‘n beshinchi yalpi majlisida senator Isomiddin Abrorov Bosh prokuror Otabek Murodovdan sobiq Bosh prokuror Rashid Qodirov ishi bo‘yicha ma'lumot berishini so‘radi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

«Hozirgi kunda keng jamoatchilik orasida, xususan ommaviy axborot vositalarida sobiq Bosh prokuror Qodirov va boshqa shaxslarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish bo‘yicha qiziqishlar bildirilmoqda. Shu borasida, shu kunga qadar amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha qisqacha axborot bersangiz», deydi u.

O‘zbekiston Bosh prokurori Otabek Murodovning aytishicha, Shavkat Mirziyoyev tutgan siyosat «sobiqlar»ni qamashdan iborat emas. Murodovga ko‘ra, yetkazilgan zararni qoplagan ayblanuvchilarga nisbatan garov ehtiyot chorasi qo‘llanilib, ular ozodlikda yuribdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Otabek Murodov. Foto: KUN.UZ

«​Bu savolni ko‘p berishmoqda, lekin bitta narsani aytishim zarur: hozirgi paytda sobiq Bosh prokuror Qodirov va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi tergov qilinyapti. Jinoyat protsessual qonunchiligiga asosan, tergov siri sifatida, hammasini oshkor etolmaymiz, hozircha.

Lekin men bitta narsani aytaman. Hozirgi kungacha 24 nafar shaxsni javobgarlikka tortyapmiz. Ularning ichida qamoqqa olingani ham bor. Garov qilib turgani ham bor. Lekin mana shu fuqarolarimizga bitta narsani yetkazib qo‘yishimiz kerak: davlat rahbarining siyosati, maqsad ularni qamash emas. Mana shu jinoyat ishi bo‘yicha biz hozir to‘rt nafar boshqa mansabdor shaxslarni yetkazilgan zararlarni bartaraf etgani uchun qamoqdan ozod etib, garov qo‘lladik.

Albatta vaqti soati keladi, tergov yakunlanadi. Imkon darajasida barcha ishlar: qancha talon-taroj bo‘lgan, qancha poralar olingan, raqamlab, vaqti keladi birgalikda ko‘ramiz»​, deydi Bosh prokuror.

5 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuratura binosida prokuratura xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan brifingda  ​Rashid Qodirov ishi bo‘yicha 21 kishi qamoqqa olingani aytilgandi. 

«​Hozirda 24 nafar shaxsga nisbatan ayblov e'lon qilingan. Shulardan 21 nafariga qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov holatlari hanuz davom etmoqda», degandi Bosh prokuratura Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Mansur O‘rolov​​​.

Shavkat Mirziyoyev esa tergov yakunlanib qolishi bilan, Qodirov TV orqali qilmishlari uchun xalqdan kechirim so‘rashini aytgandi. Otabek Murodovning so‘zlaridan xulosa qiladigan bo‘lsak, 24 nafar ayblanuvchining ayrimlari yetkazilgan zararni to‘liq qoplagan holda qamoq jazosi bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoga loyiq topilishi mumkin. Kim bilsin, Rashid Qodirov ham ular orasida bo‘lar.

Mavzuga oid