Sport | 17:35 / 29.06.2018
20205
10 daqiqa o‘qiladi

Eng, eng, eng: Guruh bosqichi raqamlarda

2018 yilgi jahon chempionatining 16ta omadli terma jamoasi aniqlandi va yana shuncha jamoa uyiga ravona bo‘ldi. Bu natijalar aynan qaysi futbolchilarning harakatlari ortidan sodir bo‘lganini qisman statistika ham aytib bera oladi. Bugungi tanaffusdan foydalanib e'tiboringizga OptaJoe ko‘rsatkichlari bo‘yicha ENG rukniga tushadigan ba'zi statistik ma'lumotlarni havola qilamiz.

KO‘P GOL URGAN?

Harri Keyn (Angliya) – 5ta

Foto: Squawka

Bu borada kurash hali oldinda bo‘lishi mumkin. Guruh bosqichida Panama va Tunis kabi kuchsizroq jamoalarga qarshi o‘ynagan Keyn 5 gol (3tasi penaltidan) urib bo‘ldi. Lukaku va Ronalduda 4tadan gol mavjud. Shuningdek, kurashni davom ettirayotganlar ichida Diyego Kostaning (3) ham imkoniyatini yuqori baholash mumkin.

Hali turnir oldinda bo‘lsa ham, pley-offda gol urish yanada qiyinlashib ketishini inobatga olsak, Harri Keynning bu natijasi «Oltin butsa» uchun yaxshigina poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Masalan, JCh-94 turnirida guruh bosqichida Kamerunga qarshi bir o‘yinda 5 gol urib, ammo guruh bosqichida qolib ketgan Oleg Salenko yakunda to‘purarlar ro‘yxatini Stoichkov bilan birga boshqargandi.

ENG SAMARALI HUJUMChI KIM?

Yusuf En-Nasri (Marokash) – 18 daqiqada 1 gol

Foto: Squawka

Dastlabki ikki turda o‘ynamagan Yusuf Ispaniyaga qarshi o‘yinning 72-daqiqasida maydonga tushirildi va bu vaqt unga raqib darvozasini ishg‘ol qilish uchun yetarli bo‘ldi. O‘sha o‘yinda ispanlar tarkibida maydonga tushgan Yago Aspasga esa, gol urish uchun 29 daqiqa kerak bo‘lgandi. Bu ko‘rsatkich bilan Aspas 4-o‘rinni band etgan bo‘lsa, ushbu futbolchilar orasida Filipe Baloy (Panama – 21 daqiqa) va Yosip Drmich (Shveytsariya – 22 daqiqa) bor.

Asosiy tarkibda harakat qilib, bittadan ko‘p gol urgan futbolchilar ichida esa, hozircha, Harri Keyn yetakchi, u har bir gol uchun o‘rtacha 30 daqiqa maydonda yugurgan.

ENG KO‘P ASSIST

Foto: Squawka

Birato‘la 7 futbolchida 2tadan golli uzatma mavjud. Bular – Karlos Sanches (Urugvay), Kintero (Kolumbiya), Hazri (Tunis), Aleksandr Golovin (Rossiya), Xames Rodriges (Kolumbiya), Viktor Klassen (Shvetsiya) va Yuri Tilemanz (Belgiya).

Karlos Sanches har ikki golli uzatmani standart vaziyatlardan amalga oshirgan bo‘lsa, Aleksandr Golovin har ikkala uzatmasini bir uchrashuvda bajargan.

ENG BALAND O‘RTAChA ReYTING

Harri Keyn (Angliya) – 9.08 ball

Foto: Squawka

Tunis va Panama darvozasigi ikki o‘yinda 5 gol urgan hujumchi, tabiiyki, juda yaxshi bahoga loyiq ko‘rilgan. U har ikki o‘yinda ham uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topilganini e'tirof etish kerak.

Xorvatiyalik Milan Badelning o‘rtacha bahosi – 9.02. Keyingi o‘rinlarni belgiyaliklar – Lukaku (8.96) va Eden Azar (8.74) egallab turibdi. Ispaniyalik Isko beshlikni yopib beradi – 8.48 ball.

ANIQ ZARBALAR

Neymar (Braziliya) – 2.7

Foto: Squawka

Neymar har bir uchrashuvda o‘rtacha 2.7 martadan raqib darvozasini aniq nishonga olyapti. Ammo 8 zarbadan atigi 1tasi golga aylanganini ta'kidlash kerak.

Bu ko‘rsatkich bo‘yicha keyingi o‘rinda borayotgan futbolchilarning har holda omadlari bor. Harri Keyn bir o‘yinda o‘rtacha 2.5 zarba yo‘llagan, angliyalik hujumchining darvozaga yo‘llagan barcha aniq zarbalari golga aylangan. Krishtianu Ronaldu esa, o‘rtacha 2.3 aniq zarba (hammasi bo‘lib 7ta) yo‘llab, 4 gol muallifi bo‘lgan.

DRIBLING

Messi (Argentina) – 6.7

Foto: Squawka

Argentinalik hujumchi har o‘yinda o‘rtacha 6.7 marta muvaffaqiyatli dribling amalga oshirmoqda va bu borada unga yetadigani yo‘q. Ikkinchi o‘rinda kim deb o‘ylaysiz? Neymar? Azar?

Yo‘q. Marokash terma jamoasining 21 yoshli futbolchisi Amine Harit atigi bir o‘yinda, Eronga qarshi maydonda harakat qildi va 6 marta muvaffaqiyatli driblingni amalga oshirdi. Keyingi o‘rinni Neymar (5.7)  va Etebo (Nigeriya – 5.3) kabi futbolchilar egallashdi.     

O‘TKIR PASLAR

Mesut O‘zil (Germaniya) – 5.5

Foto: Squawka

So‘nggi o‘yinda Germaniya mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, statistik tarafdan juda yuqori ko‘rsatkichlar qayd etdi. O‘sha o‘yinda 7ta o‘tkir pasni amalga oshirgan O‘zil bu borada rekord qo‘ydi. Maydonga tushgan o‘yinlari bo‘yicha o‘rtacha hisobda esa, O‘zil 5.5 ko‘rsatkichga erishdi.

Keyingi o‘rinni belgiyalik Kevin De Bryuyne (4.5) egallagan. Yana bir nemis futbolchisi Kimmix, Neymar, hamda Saudiya Arabistoni terma jamoasi yetakchisi Salmon Al Faraj hisobida o‘rtacha 3.7 tadan o‘tkir paslar bor.

YaRATILGAN VAZIYaTLAR

Foto: Squawka

Bu borada kolumbiyalik Kintero va yana Kevin De Bryuyne tengsiz bo‘lishdi. Ular hisobida 3tadan yaratilgan xavfli vaziyatlar bor. Yana 12 nafar futbolchida 2tadan shunday vaziyat bor. Yuqorida nomlari tilga olingan Golovin, Neymar, Klassen, xames kabi futbolchilar ham shu ruyxatda topiladi.

KO‘KKA SOVURILGAN VAZIYaTLAR

Mishi Batshuayi (Belgiya) – 4

Foto: Squawka

Aslida maydonda ko‘p harakat qilmagan bo‘lsa-da, Mishi Batshuayi bu ko‘rsatkich bo‘yicha tengsiz ekan. U 4 marotaba yaqqol vaziyatda ko‘kka sovurgan va atigi bir gol muallifi bo‘lgan.

Luis Suares, shvetsiyalik hujumchi Markus Berg va qizig‘i, himoyachi bo‘laturib, Mats Hummels 3tadan qulay vaziyatni qo‘ldan chiqarishgan.

ANIQ PASLAR

Foto: Squawka

Aniq paslar soni borasida kutilganidek, kuchli uchlikning ikkitasi ispan futbolchilaridan tashkil topgan. Serxio Ramos 94.8 aniqlik bilan 102.3 aniq pasni amalga oshirgan bo‘lsa, Isko uchinchi o‘rinda – 92.0. Germaniyalik Toni Kroos ikkinchi o‘rinni band etgan – 99.3.

Umuman o‘ntalikda 4 nafar nemis futbolchisining o‘rin olgani biroz kutilmagan, lekin mantiqli holat. Nemislar deyarli butun turnir davomida hisobda orqada borishdi va gol urish uchun ko‘proq to‘p bilan muomala qilishlariga to‘g‘ri keldi.

SEYVLAR

Essam El Hadari (Misr) – 6

Foto: Squawka

Misrliklar guruhdan chiqa olishmagan bo‘lishsa-da, oxirgi uchrashuvda terma jamoa darvozasini qo‘riqlagan 45 yoshli darvozabon bir o‘yinda o‘rtacha amalga oshirgan seyvlari bo‘yicha peshqadamga aylanib oldi. Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yinda maydonga chiqqan darvozabon hatto penaltini ham qaytarganini ta'kidlash kerak.

O‘rtacha seyvlar soni bo‘yicha Ochoa (Meksika) ruyxatda 2-o‘rinni band etgan bo‘lsa-da, umumiy seyvlar reytingida u 18 seyv bilan tengsiz. Ikkinchi o‘ringa koreyalik darvozabon Cho Xyun U chiqib oldi – 17 seyv. Bu ruyxatda atigi 1 seyv bilan David de Xea so‘nggi o‘rinda borayotgani biroz kutilmagan hol bo‘ldi.

TO‘PNI UZOQLAShTIRISh

Foto: Squawka

Yana bir misrlik futbolchi, himoyachi Ahmad Hegazi o‘z jarima maydonidan to‘pni uzoqlashtirish borasida yetakchi bo‘ldi. «Vest Bromvich» futbolchisi 24 marotaba xavfni bartaraf etgan. Kosta-rikalik Jankarlo Gonsales hisobida 23, daniyalik Simon Ker hisobida esa, 22 marta shunday ochko bor.

O‘rtacha hisobda esa, Kolumbiya terma jamoasi hujumchisi Oskar Murilo atigi bir o‘yinda maydonga tushgan bo‘lsada, 10 marotaba xavfni bartaraf qilib, eng yaxshi ko‘rsatkichni qayd etdi.

To‘pni olib qo‘yish borasida esa, Ispaniya terma jamoasi va «Real» himoyachisi Nacho besh marotaba yakka kurashga kirishgan va barchasida to‘pni raqibidan olib qo‘ygan.

PeNALTI IShLASh

Foto: Squawka

Topdingiz, Portugaliya terma jamoasi sardori Krishtianu Ronaldu 3 o‘yinda 2 marta penalti ishlashga muvaffaq bo‘lgan. Yana 15 nafar futbolchiga nisbatan raqiblar bir marotabadan o‘z jarima maydonlarida qo‘pollik ishlatishgan.

Raqibga penalti ishlab bergan himoyachilar borasida esa, daniyalik Yusuf Polsenga yetadigan bo‘lmadi. Aslida hujumchi bo‘lgan bu futbolchi ikki marotaba o‘z jamoasi darvozasiga belgilangan penaltiga sababchi bo‘ldi. Yana 22 futbolchi bilan 1 martadan shunday holat yuz bergan.

Mavzuga oid