Jamiyat | 12:57 / 03.07.2018
21519
3 daqiqa o‘qiladi

Shahrixonlik uch murg‘ak farzand otasi Murodjon ko‘magingizga muhtoj

Murojaat izidan Shahrixon tuman Toshtepa qishlog‘idagi Poloson ko‘chasiga bordik. Hali qurilishi tugallanmagan uyda og‘ir ahvoldagi bemor yotardi.

Bemor xonadoniga biz bilan birga borgan tuman Tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Aminjonov Shuhratbek bilan undan hol so‘raymiz. Og‘ir entikib nafas olayotgan Murodjon Urayimovni biz bilan gaplashishga ham majoli yo‘q. Savollarimizga uning ko‘zida yosh bilan turgan ayoli Nigoraxon javob berardi.

“Erim ikki yildan beri og‘ir buyrak yetishmovchiligi bilan og‘rib, ahvoli kun-kunga og‘irlashib boryapti. Tuman, viloyat va poytaxtdagi juda ko‘p kasalxonalarda davolandik. Lekin foydasi bo‘lmayapti. Kunimiz dori-darmon topish bilan o‘tadi”, – deydi ayol.

Murodjonning tashxisi bilan tanishamiz:

Diagnoz: Surunkali piyelonefrit qo‘zg‘alish davri, nefrogen gipertoniya. Surunkali buyrak yetishmovchiligi V-1 bosqich.

Asorati: SVe IV bosqich. Ikkilamchi kamqonlik darajasi. Yurak-nafas yetishmovchiligi. Holsizlanish, siyishning qiyinligi.

Bir so‘z bilan aytganda bemor buyrak transplantatsiyasiga muhtoj. Uning hayotini mana shu murakkab jarrohlik amaliyotigina saqlab qolishi mumkin. Otasi, oppoq soqolini ko‘z yoshlari yuvayotgan Ahmadjon ota buyragini bermoqchi.

Operatsiya uchun esa mablag‘ zarur.

“Maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlayman. Oyligim 800 ming so‘m. Amal-taqal qilib, maoshimni tirikchilik va dorilarga sarflayapmiz. Yaxshi insonlardan ko‘mak so‘rashga majburmiz”, – deydi ayoli Nigoraxon.

Oilada uch farzand voyaga yetmoqda – Odinaxon, Madinaxon va Muhammadroziq. Qizaloqlarning ko‘ziga qarab faqat mungni tuyasiz.

Ayni paytda buyrakni ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti Toshkentdagi tibbiyot muassasida va Hindistonda amalga oshirilishi mumkin. Oilada jarrohlik operatsiyasi uchun poytaxtdagi Vohidov nomli klinikaga borish va dori-darmonga ham mablag‘ mavjud emas.

Hurmatli saytimiz o‘quvchilari. Sizlarning yordamingiz bilan qanchadan-qancha bemorlarni davo topishiga sabab bo‘ldik. Uch farzand kamolini ko‘rish orzusida yashayotgan bemor Murodjon Urayimovning jarrohlik operatsiyasi ham nasib qilsa muvaffaqiyatli o‘tishidan umidvormiz.

Ayni paytda Murodjon ko‘zidagi so‘nggi umid uchqunlari bilan sizu-bizdan ko‘mak kutyapti.

Xayriya uchun:

Agrobank ATB

Click/PayMe: 8600 0424 1503 2779 (Urayimov Murodjon)

Agrobank ATB, Shahrixon filiali

Shaxsiy hisob raqami: 2020 6000 0000 0003 7000

INN: 200 250 466

Tel: +998 91 609 35 66 (otasi Urayimov Ahmadjon)

Mavzuga oid