Sport | 16:50 / 05.07.2018
29159
2 daqiqa o‘qiladi

Manba: Ronaldu «Yuventus» taklifini qabul qilgan

«Real» hujumchisi Krishtianu Ronaldu «Yuventus» taklifini qabul qilgan. Bu haqda AS xabar tarqatdi.

Manbaning yozishicha, Madrid klubi ushbu 33 yoshli futbolchisini 100 million yevrodan ortiqroqqa sotishni ko‘zlamoqda.

Ronaldu 26 may kuni Chempionlar ligasi finalidan keyin shu yozda «Real»dan ketishiga ishora qilgandi. Uning bu niyati jamoa prezidenti Florentino Peres bilan munosabatlari yomonlashgani bilan izohlanmoqda.

Qayd etilishicha, hozircha klublar o‘rtasida kelishuv tuzilmagan, turinliklar futbolchi uchun 100 million yevrodan ortiq mablag‘ to‘lamoqchi emas. Shu bilan birga, uning o‘zi bilan yiliga 30 million yevro to‘lash nazarda tutilgan 4 yillik shartnoma tuzilishi mumkin.

Bundan oldinroq Marca nashri portugaliyalik yulduz shu yil boshidayoq «Real»dan ketish haqida bir qarorga kelib bo‘lgani haqida xabar tarqatdi.

Yanvar oyida «qaymoqranglilar» rahbariyati Ronalduga 100 million yevro narx belgilagani uning shunday qaror qabul qilishiga sabab bo‘lgani aytilmoqda. O‘sha vaqtda klubdagilar Ronalduning Xitoy yoki AQSh jamoalaridan biriga o‘tishiga ishonishgan. 5 karra «Oltin to‘p» sohibi o‘ziga qo‘yilgan narxdan xabar topgach, «100 million yevroga baholashgan bo‘lsa, u holda men ular uchun sevimli emas ekanman», - deya ketish niyatini ko‘ngliga tugib qo‘ygan.

Mavzuga oid