Sport | 22:00 / 06.07.2018
13912
8 daqiqa o‘qiladi

Hayot-mamot jangi: Braziliya g‘alaba uchun kelgan

Hozirgi Braziliya terma jamoasi dunyoning eng kuchli terma jamoalaridan biriga aylandi. Tite shogirdlari jahon chempionatining asosiy favoritlaridan biri hisoblanadi.

Jahon chempionati. 1/4 final. 6 iyul.
BRAZILIYa – BeLGIYa. 23.00 (Toshkent)

Qozon. «Kazan Arena» stadioni. 23.00 (Rossiya 1).
Hakamlar: MAJICh. Ristich, Jurjyevich (barchasi – Serbiya).
Diskvalifikatsiyalar: Kazemiro – yo‘q.

Neymarga tobe bo‘lmagan jamoa

Foto REUTERS

Braziliyaliklar qanday turnirda qatnashmasin va tarkibda qanday futbolchilar bo‘lmasin hamisha muxlislar ulardan g‘alaba talab qilishadi. Shuning uchun ham bu jamoa «pentakampeonlar»dir - bu ko‘p narsani anglatadi.

4 yil muqaddam ham Braziliyadan o‘z uyida o‘tgan jahon chempionatida ko‘p narsa kutishgandi. Bu terma jamoada ham mahoratli futbolchilar jamlangandi, ammo ularda o‘zga bo‘lgan ishonch yuqori emasdi, ular o‘sha chempionatda futbol tojiga eng munosib terma jamoa emasdilar. Ularga ikki omil to‘siq bo‘lardi. Birinchisi - terma jamoaning o‘yini yulduz futbolchi Neymarning kayfiyatiga yoki uning jismoniy holatiga bog‘liq bo‘lardi. Ikkinchisi - Luis Felipe Skolarining saviyasi terma jamoaga munosib emasdi. Bir vaqtlar yer yuzidagi eng kuchli mutaxassis sanalgan Skolari oxirgi 5-7 yilda bu maqomdan mahrum bo‘ldi. U darvozaga keksaygan Julio Sezarni, himoyaga undan ham yoshi kattaroq Maykonni va hujumga hech qachon yorqin o‘yin ko‘rsatmagan Fredni qo‘ygandi...

JCh-2014 yarim finalida Germaniyadan 1:7 hisobidagi mag‘lubiyatdan keyin u ham, bu sharmandalikka aloqador bir necha futbolchi ham terma jamoadan ketdi. Braziliyaga yana Dunga qaytarildi - ammo u bilan yanada yomonroq natijalar qayd etila boshlandi, 2016 yilgi Amerika Kubogida brazillar guruh bosqichidan chiqa olishmadi va barchasiga nuqta qo‘yildi. Faqat 2016 yilning iyunida braziliyalik futbol amaldorlari Titeni terma jamoaga chaqirishdi, holbuki bu nomni muxlislar bir necha yildan buyon terma jamoa rahbarligida kutishayotgandi.

Taktika va psixologiya ustasi

Foto REUTERS

Titeni Yevropada yaxshi bilishmasdi. U futbolchilik faoliyatida muvaffaqiyat qozona olmagan va mamlakatdan chiqmasdan 28 yoshidayoq futbolchilik faoliyatini yakunlagan. Tizzasidan bir necha marta jarohat olgach, butsalarini mixga ilishga majbur bo‘lgan. Ammo u futboldan ketmadi va darhol murabbiylik faoliyatini boshladi. 

U Braziliyaning jami 11 klubida ishlagan (jumladan, «Gremio», «Palmeyras», «Korintianse», «Atletiko Mineyro», «Internasionale»), u ichki chempionatda ham g‘alabalarga erishgan, Libertadores kubogida ham, klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham. Nolinchi yillar oxirida Tite BAAga borib yaxshigina pul ishlab ham kelgan. U Arabiston yarim orolidagi hayotdan tezda zerikkach, yana Amerikaga qaytadi. 

2013 yilda Tite murabbiylik faoliyatida tanaffus qiladi va ko‘p vaqtini o‘rganishga sarflaydi. U «Real»ga, Karlo Anchelotti oldiga staj o‘tashga keladi, u bilan uzun tunlar davomida taktika hamda psixologiya haqida suhbatlashadi. Bu safar uning keyingi faoliyatiga jiddiy ta'sir ko‘rsatdi. U yangi ish uslublari o‘rganish uchun «Boka Xuniors»ga, Karlos Byanki oldiga ham boradi.

Shundan so‘ng murabbiylikka qaytgan Tite o‘z o‘rganganlarini «Korintianse»ga singdira boshlaydi va bu jamoa mamlakatning eng tomoshabop futbol ko‘rsatadigan jamoasiga aylanadi. Hozirda u uddaburon taktik, u bir o‘yinning o‘zida jamoa o‘yinini bir necha bor o‘zgartira oladi. Aytishlaricha, ushbu murabbiyning uyida 2006 yildan keyingi barcha yirik o‘yinlarning tahlillari saqlanmoqda. Bunday o‘yinlar esa yuzlarcha va bu ro‘yxat doimiy ravishda to‘ldirib boriladi.

Titening ruhshunoslik qobiliyati ham benazirdir. Uning jamoasida ziddiyatlar yo‘q, u hamisha terma jamoada do‘stona muhitni saqlab qolmoqda. U hamisha matbuotda o‘z futbolchilarini alqaydi va qo‘llab-quvvatlaydi. Masalan, u matbuot anjumanlaridan birida Neymarni «PSJ»ga o‘tgani uchun tanqid qilmaslikni so‘ragan, uning yonida o‘tirgan futbolchi esa yig‘idan o‘zini to‘xtata olmagandi.

Paulino - yashirin bombardir

Foto REUTERS

Braziliya terma jamoasi uchun eng mos sxema - 4-1-4-1 bo‘lmoqda, unda 3 markaziy yarim himoyachidan biri (Kazemiro) orqaroqda harakatlanadi va boshqalarni yopish bilan shug‘ullanadi, yana ikki yarim himoyachi esa (Paulino va Koutino) - ko‘proq hujumkor o‘yin ko‘rsatib, hujumchilarga yordam beradi.

Tite jamoasida Neymar chap qanotdan o‘rin olgan, «PSJ»dagidek hujum markazida emas. U qanotdan markaz tomon chopib, o‘ng oyog‘i bilan zarbalar berishga harakat qiladi. Umuman, Tite futbolchilarining barcha imkoniyatlaridan unumli foydalanishga urinadi.

Gabriyel Jyezus esa «Manchester Siti»dagi kabi markaziy hujumchi vazifasini bajaradi, ammo uning funksiyalari ko‘proq «soxta to‘qqizlik»ni eslatadi. U raqib himoyachilarini o‘zi bilan andarmon qiladi, buning evaziga orqaroqda ochilgan bo‘sh zonadan yarim himoyachilardan biri foydalanishi kerak bo‘ladi. Bu o‘rinda raqib uchun eng kutilmagan variant - Paulinoning ochilishi bo‘ladi. U bu jamoaning haqiqiy «sirli toychog‘i»dir. Saralash bosqichida Paulino 6 gol urgan, uning guruh bosqichida serblar darvozasiga yo‘llagan goli ham brazillarning bu o‘yin falsafasi amalda qanday ishlayotganiga namunadir.

Koutinoning uzoqdan zarbalari

Foto AFP

Neymar shubhasiz Braziliya uchun muhim futbolchi, u jamoaning eng mashhur futbolchisi, asosiy yulduzi. Ammo hozir Braziliya usiz ham o‘ynayverishi mumkin. Oxirgi yil davomida jamoada uning o‘rnini Koutino bosa olmoqda, uning uzoqdan bergan zarbalari ko‘p o‘yinlarda jamoa uchun muhim ochkolarni keltirdi.

«Barselona» futbolchisi Neymar bilan bir qanotga joylashadi, u Neymardan sal orqaroqda harakatlanib, markazga o‘tib turishi ham mumkin. Koutino har bir o‘yinda o‘rtacha 3,12 marta zarba bermoqda va uning zarbalari aniqligi 47 foizni tashkil qilmoqda.

Muxlislar faqat g‘alaba kutmoqda

Foto REUTERS

Muxlislar Braziliyaning yangi g‘alabalaridan zavqqa to‘lishda davom etadi. Hozircha bu jamoaning oxirgi yirik g‘alabasi Rio-de-Janeyroda o‘tkazilgan 2016 yilgi Olimpiada o‘yinlaridagi chempionlik bo‘lib turibdi.

Mavzuga oid