Jamiyat | 20:50 / 09.07.2018
22367
4 daqiqa o‘qiladi

Mahalla guzari qurilishi fonida ro‘y berayotgan ishlar xalqni qiynab qo‘ymoqda

Aholining  ijtimoiy hayotini yaxshilash, mahallalarning yangicha ko‘rinishdagi guzarlarini bunyod etish bo‘yicha ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 3 fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati yanada mustahkamlash yuzasidan keng rejali ishlar amalga oshirilishi belgilab o‘tilgan. Ming afsuski, bu ishlarda ham kelishmovchiliklar, ma'suliyatsizliklar va muammolar kuzatilmoqda.

Hozirgi kunda Toshkent shahrining Yunusobod tumani, 16-mavze, 10-, 11-, va 12-uylarda yashovchi aholi o‘z hududidagi zamonaviy mahalla guzari qurilishidan norozi. Asosiy muammo shundaki, mahalla ahli ishning o‘zaro hamjihatlikda tashkil qilinmaganidan va mutasaddi tashkilotlar bunga e'tibor qaratmayotganidan shikoyat qilmoqda. 

Masalaga e'tibor qaratsak, hududdagi mahalla guzari qurilishi faqatgina tuman hokimi qarori bilan boshlab yuborilgan. Hududning joylashuvi, sharoiti, mahalliy aholining bunga nisbatan munosabati ham yetarlicha o‘rganilmagan. Borib o‘rganish chog‘ida, hududda na qurilish boshlangan obekt bilan tanishish uchun loyiha pasporti qo‘yilgan, na bir qurilish obekti maxsus to‘siqlar bilan o‘rab chiqilgan. Yosh bolalar bu yerni “o‘zlarining o‘yin maydonchasi”ga aylantirishgan va birorta xavfsizlik choralari ko‘rilmagan. 

Obektni qurishni boshlagan tadbirkor bilan bog‘langanimizda, uning barcha ishlari tegishli tartibda rasmiylashtirilib, qurilish boshlangani yo‘sindagi javobni oldik. Ammo yetarli miqdorda hujjatlar bizga taqdim etilmadi. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ”Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun aholi punktlarida yer uchastkalari berish, qurilish obektlarini loyihalashtirish va ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek, obektlarni foydalanishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida” (2013 yil 25 fevral 54-sonli) Qaroridagi bir qancha vaziyatga mos normalar keltirsak: ”Yer uchastkasini tanlash va ajratish bo‘yicha materiallarni ko‘rib chiqishda tegishli davlat hokimiyati organlari, tuman (shahar) yer resurslari va davlat kadastri bo‘limlari, tuman (shahar), viloyat, Toshkent shahar komissiyalari, Respublika komissiyasi o‘z vakolatlari doirasida quyidagi holatlarda obekt qurilishi uchun yer uchastkasi joylashtirilishini rad etish huquqiga ega:

yong‘inga qarshi, sanitariya va tabiatni muhofaza qilish normalari buzilishi mumkin bo‘lgan holatlarda;

ulardan yer uchastkalari olib qo‘yilayotgan yer uchastkalari egalari, foydalanuvchilari, ijarachilari yoki mulkdorlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari kamsitilganda;

Yer uchastkasini tanlash va ajratish bo‘yicha materiallar ular belgilangan ro‘yxatga muvofiq taqdim etilmagan taqdirda qaytarilishi mumkin.

Rad etish asoslangan bo‘lishi va yozma shaklda taqdim etilishi kerak.”

Qurilish ishlarini boshlashda qonun buzilish holatlari bo‘yicha tegishli chora ko‘riladimi? Prezident qarori ijrosi fonida bu kabi xatti-harakatlar aholining kuchli noroziligiga sabab bo‘layotgani mutasaddilarning xatosimi yoki manfaatlar samarasimi? 

Umumiy so‘z bilan aytganda bugungi kunda Toshkent shahrida zamonaviy mahalla guzari qurish bo‘yicha ajratilayotgan hududlar aksar aholini o‘rtasida kuchli norozilik uyg‘otmoqda. Bu barcha tumanlarda uchrab turibdi. Ta'kidlab aytamiz, Prezident qarori juda to‘g‘ri va bu xalqimizning azaliy qadriyatlarini tiklash, ularni asrab-avaylashda katta rol o‘ynaydi. Nimaga Yunusobod tuman hokimiyati ijroda shoshma-shosharlik, turli manfaatlarni xalq roziligidan ko‘ra ustun qo‘yishni afzal ko‘rmoqda?

KUN.UZ xalq ovozini tinglashga doimo tayyor!

Mavzuga oid