Fan-texnika | 22:26 / 11.07.2018
11974
2 daqiqa o‘qiladi

Internetda Samsung Galaxy Note 9 suratlari paydo bo‘ldi

Internetda hozircha rasman namoyish etilmagan Samsung Galaxy Note 9 smartfonining suratlari paydo bo‘ldi. Suratlarni AndroidHeadlines resursi namoyish etdi va bu “rasmiy” render ekanligini, smartfon xuddi shu ko‘rinishda bo‘lishini ta'kidladi.

Foto: AndroidHeadlines

Render smartfonni faqat old tomonidan ko‘rsatgan. Kutilganidek, u o‘tgan yilgi Note 8 modeliga judayam o‘xshab ketadi. Ular orasidagi asosiy tashqi farq barmoq izlari skanerining joylashuvi bo‘ladi – skaner asosiy qo‘shaloq kamera ostida joylashadi.

Avvalroq tarqalib ketgan ma'lumotlarga ko‘ra, Crown kodli nomi ostidagi Galaxy Note 9 smartfoni Galaxy S9 va Galaxy S9+ smartfonlaridagi kabi Infinity Display 2.0 displeyiga ega bo‘ladi. Unda 6,3 dyuymli displey, S-AMOLED texnologiyasi va 18,5:9 tomonlar mutanosibligi saqlanib qoladi. Diagonali 6,4 dyuymgacha o‘zgarishi mumkin.

Hududdan kelib chiqqan holda Exynos 9810 va Qualcomm Snapdragon 845 protsessorlari apparat asosini tashkil etadi. Galaxy Note 9 6 GB operativ va 64 GB, 128 yoki 256 GB doimiy xotira bilan chiqadi. Qo‘shimcha 8 GB operativ va 512 GB doimiy xotirali smartfonlar chiqishi mumkinligi haqida ham taxminlar bor. Akkumulyator 3850 yoki 4000 mAs hajmga ega bo‘ladi. 

Samsung Galaxy Note 9 uchun stilus S Pen tarixidagi eng katta kashfiyot bo‘ladi. Uni Bluetooth-kontrollyor sifatida ishlatish mumkin. Xususan, taymer va musiqani boshqarish mumkin bo‘ladi.

Samsung Galaxy Note 9 smartfonining rasmiy debyuti 9 avgust kuni Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid