Jamiyat | 00:18 / 13.07.2018
20504
3 daqiqa o‘qiladi

Beshariqlik fermerning g‘allasiga kombayn keldi

Bundan ikki kun avval, 10 iyul kuni KUN.UZ saytida, Farg‘ona viloyati, Beshariq tumanidagi “Bahromjon” fermer xo‘jaligining g‘allasi pishib, yetilib, to‘kilib ketayotgani, lekin tuman hokimligi hosilni yig‘ishtirib olish uchun kombayn berishga to‘sqinlik qilayotgani haqidagi maqola e'lon qilingan edi.

KUN.UZ muxbirlari Farg‘onaning chekka tumaniga borib, xo‘jalik rahbari bilan muammoli holat bo‘yicha suhbatlashib qaytgan, tayyorlangan fotoreportaj va videolavha mutasaddi hamda o‘quvchilar hukmiga havola qilingan edi.  

Unda fermer xo‘jaligi bir oy oldin, 10 iyun kuni mavjud 54 gektar maydondagi g‘allaning 34 gektari o‘rilishi bilan rejani bajargani, reja bajarilgach g‘alla otryadi kombaynlari bilan boshqa xo‘jalikning bug‘doyini o‘rgani o‘tib ketib, qolgan 20 gektar paykaldagi g‘alla o‘rilmay nobud bo‘layotgani aytilgan. 

Tahririyati muxbirlari tuman mashina traktor parkiga borib, 7 ta kombaynni bo‘sh turganiga guvohi bo‘lgan.  Xo‘jalik rahbari Baxtiyor aka dalaga kombayn berishmayotganiga sabab izlab tuman hokimi eshigini ko‘p bora befoyda taqillatganini bildirgan edi.

“Xalq rizqi bo‘lgan bug‘doy kuniga to‘kilib, uvol bo‘lib yotsa-da, shartnoma asosida xizmat ko‘rsatuvchi MTP kombayn jo‘natmasa? Ma'lumotlarga ko‘ra, “Bahromjon” fermer xo‘jaligidan tashqari, yana boshqa fermer xo‘jaliklarida ham xuddi shu muammo bor. “G‘ayratjon Oripov” xo‘jaligida ham o‘n gektar maydon kombayn kutib yotibdi. Gektarlab maydonlardagi ming mashaqqat evaziga yetishtirilgan  bug‘doy yo‘qotilyapti”, deyilgan edi maqolada.

11 iyul kuni farg‘onalik fermer aloqaga chiqdi va muammolari bartaraf etilgani haqida xabar berdi.

“O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xo‘jaligimizdagi mavjud muammoga e'tibor qaratdi va tuman prokuraturasi ko‘makka keldi. MTP bug‘doy dalamizga shu kunning o‘zidayoq kombayn jo‘natgach, hosilni yig‘ishtirish ishlari boshlandi. Yarim kun davomida 20 gektar yerning yarmini o‘rib bo‘ldik. Fermer xo‘jaligi ishchilar nomidan mutasaddilarimizga o‘z minnatdorchiligini bildiradi”, - deydi Baxtiyor aka.

Xo‘jalik a'zolari g‘alla maydonida o‘rim ketayotgani haqidagi fotosurat va videolavhani yuborishgan.

KUN.UZ tahririyati Respublika Bosh prokuraturasiga sayt orqali e'lon qilingan muammoli holatga tez fursatda e'tibor qaratgani uchun o‘z minnatdorchiligini bildiradi.

Elmurod Ermatov,
KUN.UZ muxbir

Mavzuga oid