Jamiyat | 18:13 / 13.07.2018
26653
10 daqiqa o‘qiladi

“Bu yo‘llar...” loyihasi: Jo‘masho‘y-Qo‘qon yo‘liga “changli safar”  

KUN.UZ tahririyatiga aholidan kelayotgan murojaatlarning katta qismi bugungi yo‘llarimizning holati haqidadir. Darhaqiqat, jamiyatda yo‘llarning o‘rni beqiyos. Keng va ravon yo‘llar manzilimizni yaqin qiladi, eng muhimi xavfsizligimizni ta'minlaydi.

KUN.UZ biz har kuni harakatlanadigan yo‘l deya atalmish jamiyat qon tomiri haqida - “Bu yo‘llar...” loyihasi asosida turkum ko‘rsatuvlar tayyorlashni maqsad qildi.

Unda o‘quvchilarimiz tomonidan yuborilgan murojaatlarga ko‘ra - xalqaro, respublika, mahalliy ahamiyatdagi magistral va ichki yo‘llarning holati haqida maqola va videolavhalar berib boramiz.

Yirik magistral va ichki yo‘llar infratuzilmasi yaxshi bo‘lsa, tashqi va ichki turizm rivojiga xizmat qiladi. Haydovchi va yo‘lovchilar uchun savdo va servis xizmati rivojlanadi. Eng asosiysi, ko‘zlagan manzilimizga oson yetib boramiz. Tezkor zamonamizda yo‘llarga e'tibor berish kerakligi - dolzarb mavzu.

Aholi va chet ellik mehmonlarga yilning har faslida birdek xizmat qiluvchi sifatli yo‘llar kerak. Chunki biz shunga loyiqmiz. O‘quvchilarimiz yo‘l sohasi bo‘yicha murojaatlarini info@kun.uz elektron manziliga yoki telegramdagi “Kun.uz Bu yo’llar” kanaliga yuborishlari mumkin. 

Vodiydagi eng yomon yo‘l tomon otlandik

Murojaatlarning aksari qismida aholi - o‘z shahri, tumani, mahallasi yo‘llarining holati haqida arz qilishi bor gap. Shu o‘rinda aytib o‘tishimiz joiz, yo‘llar ahamiyatliligiga qarab turlarga bo‘linadi. Har qanday kishi yo‘l chetidagi belgilardan ham ularni ajratib olishi mumkin.

Yo‘lsozlardan olgan ma'lumotlarga ko‘ra - A-373 “Toshkent-Andijon-O‘sh-Irgeshtom-Qashqar» avtomobil yo‘li – xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘li bo‘lib, 4R-112 “Namangan - Andijon” avtomobil yo‘li – Respublika ahamiyatidagi avtomobil yo‘li hisoblanadi.  “K” belgili yo‘llar  - viloyat ahamiyatidagi, “N” belgisi qo‘yilgani esa – mahalliy avtomobil yo‘llaridir. Hozirgi kunda “K” va “N” larnining har ikkisi - umumfoydalanuvdagi mahalliy avtomobil yo‘llari deb yuritilmoqda.

Biz eng ko‘p e'tirozlar kelib tushayotgan mahalliy aholi – “Namangan-Qo‘qon yo‘li” deb ataydigan yo‘l tomon tasvirchimiz Ahrorbekning “Matiz” avtomashinasida yo‘l oldik (“Matiz” masalasiga maqola so‘ngida yana qaytamiz).

Mingbuloq tumani markazi bo‘lgan Jumashuy shaharchasidan uch kilometrlar o‘tganimizdan so‘ng Tegirmon qishlog‘idan chap tomon burilgach, 4R 260 yo‘lining 23 kilometrdan boshlab yo‘lning holati keskin o‘zgara boshladi. Belgidan ko‘rinib turibdi, “R” harfi uning respublika ahamiyatidagi avtomobil yo‘li ekanligidan darak berib turibdi.

Mazkur yo‘l Namangan viloyatining Mingbuloq tumani hududidan o‘tib, Pop tumani “Navbahor” qishlog‘iga tutashadi, so‘ng Farg‘ona viloyati, Buvayda tumaniga yuzlashib,  Qo‘qonga qarab boradi.

45-50 kilometrlik yo‘lning boshlanishi chuqurlarga to‘la, chang-to‘zonli ekanligini ko‘rib, hayratga tusha boshladik. Kamera va mikrofonimizni ko‘rgan haydovchilar to‘xtab, yo‘lning holati haqida gapira ketishdi. “Bu yo‘l oxirgi marta qachon ta'mirlanganini bilmaymiz. 20 yillar oldin bo‘lsa kerak. Serqatnov yo‘ldan kuniga minglab avtomashinalarda odamlar o‘z yumushi bilan qatnaydi. Yo‘lda mashina minishning o‘zi azob. Avtomashinamni har oyda remont qilishga to‘g‘ri kelyapti. Bu hali boshlanishi... 40 kilometr uzoqlikda yo‘lning tekis joyini topa olmaysiz”, deydi DAMAS mashinasida bir guruh otaxonlarni olib kelayotgan haydovchi.

Yo‘lda davom etamiz. Eh-he... Biz shu paytgacha ko‘rib yurgan yo‘llardagi chuqurlar “Namangan-Qo‘qon” yo‘lidagi chuqurlar oldida hech narsa emas ekan! Naqd “avtomashina balonini tishlab olib qolaman!” deydigan chuqurlar edi, bu... Biroq, shunday bo‘lsada, ko‘cha juda serqatnov. Qatnaydi-da, boshqa yo‘l bo‘lmaganidan keyin odamlar nima ham qilishsin, axir. Yo‘lning birinchi o‘n kilometridayoq, murojaatlarda aytilganidek “eng yomon yo‘l”ga kelganimizni his qildik.

Yo‘lsozlar bu yerdan o‘tganmikan?..

Fikrimizcha, Namangan yo‘lsozlari o‘z xo‘jaligi hududidagi mazkur yo‘lni butunlay unutib qo‘yishgan.

Yo‘l deya atalmish o‘nqir-cho‘nqir kenglikda na bir yo‘l belgisini ko‘rasiz, na bir risoladagidek bekat. Yo‘l chetidagi bekatlarni ko‘rib, o‘zimizni xuddi o‘tgan asrga kelib qolgandek his etdik.

Har ikki-uch metrda qatorasiga duch kelayotgan chuqurlikdan iborat to‘siqlararo, oldinga intilib borganimiz sari vaziyat yanada og‘irlashib ketdi.

Yo‘l chetida tushlik qilib o‘tirgan oilaga duch keldik. Tushib, undan adashmaganimizni, haqiqatda shu yo‘l Buvayda tumani orqali Qo‘qonga olib borishini so‘radik. U kishi shu yerda fermer xo‘jaligida ishlashi va ayni vaqtda yo‘l bo‘yiga avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi qurish niyati borligini aytdi. “Yo‘lning ahvolini ko‘rib turibsizlar. Bu yerda texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasiga ish ko‘p. Faqat bir narsaga hayronman. Nahotki, yo‘l ta'mirlash korxonasi bu yo‘l borligini unutgan bo‘lsa?”, deydi Rahmatillo aka.

  

Chuqurga gul ekkanimiz haqida

Yo‘lning 10 kilometrcha qismi cho‘l hududidan o‘tar ekan. Ehtiyot bo‘lib, oldinga qarab yurdik. O‘nqir-cho‘nqirlar osha ming ovora bo‘lib, yo‘l ichidan yo‘l axtaramiz. Qizig‘i, bu yo‘l - qoidalarga bo‘ysunmaslik yo‘li. Chap va o‘ng tomon qoidasi unga begona. Tekisroq joy izlagan haydovchilar o‘ng tomondan chap tomonga bemalol o‘tib harakatlanishardi. Chang-to‘zon ko‘tarib o‘tayotgan avtomashinalarning holiga qarab bo‘lmaydi.

Do‘kon, texnik xizmat ko‘rsatish joylari umuman yo‘q. Yo‘l-yo‘lakay o‘tayotgan ulov egalaridan suhbat olib, bir yarim soatda Farg‘ona viloyati Buvayda tumaniga yetib keldik. Farg‘onaga o‘tishimiz bilan yo‘lning sifati o‘zgardi. Harqalay, biroz tekis va ravon yo‘lga chiqib, nafas rostladik.

Uzoq yillardan beri fermerlik qilib kelayotgan onaxonni ko‘rib uni suhbatga tortdik. “Bu yo‘l o‘z paytida juda ravon edi. Qo‘qon bozoriga namanganliklardan tortib,  Andijonning Baliqchi, Ulug‘noridan mashinalar keladi. O‘sha hududlar uchun asosiy yo‘l shu-da?.. O‘z vaqtida avtobuslar tizimli ravishda qatnardi. Hozir ham bozorchilar shu yo‘ldan ming qiynalib o‘tadi. Televizorda ko‘rgandim, qaysidir davlatda shunday chuqurlarga mutasaddilarni e'tiborini qaratish uchun aholi gul ekib ketar ekan”, onaxon shunday deya, uyidan bir dona gul ko‘chati olib berdi.

Qaytishda yo‘lovchilarga to‘la “Ikarus” avtobusiga duch keldik. Haydovchi dardini eshitadigan kishilar borligidan xursand bo‘lganini ko‘rsangiz edi... U kishi gapni qisqa qildi: “Haydovchilar mahalliy aholiga pul berib, qadoqlarga tuproq to‘ldirishadi. (“Qadoq” Namangan shevasida o‘ydim-chuqurni bildirar ekan). “Katta”lardan so‘rang, ukalar. Qachon yo‘limiz ta'mirlanadi?”.

Atrofda yurgan bolalar bilan bitta chuqurga gul ekdik. Biroq bu yo‘ldagi barcha “qadoq”larga gul eksak o‘n minglab gul ko‘chatlari ketishi tayin ekan.

Xulosa

“Bu yo‘llar...” loyihasining ilk maqolasi juda cho‘zilib ketdi. Maqola va videolavha tayyorlashdan  maqsadimiz mazkur muammoga Namangan viloyat avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi va Mingbuloq tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi mutasaddilarini e'tiborini qaratishdan iborat. Yuqorida aytganimizdek, yo‘llar jamiyatning qon tomiriga qiyoslanadi. Mazkur muammoni tez orada ijobiy hal etilishidan umidimiz bor.

P.S. Tasvirchimiz Ahrorbekning “Matiz”i o‘sha kuni “xodovoy” qismi ishdan chiqqani uchun to‘g‘ri ustaxonaga bordi.

Elmurod Ermatov,
KUN.UZ jurnalisti
Tasvirchi: Ahrorbek Yoqubjonov
Namangan-Farg‘ona

Mavzuga oid