Jamiyat | 19:28 / 20.07.2018
5821
4 daqiqa o‘qiladi

Bank xizmatlari uchun navbatni onlayn band qilish tizimi yaratildi

Foto: getty images

Vaqt insonning hech narsaga almashtirib va ortga qaytarib bo‘lmaydigan eng qimmatbaho boyliklaridan biri hisoblanadi. Tezkor zamonamizda bu bebaho xazinaning qadri yanada oshib, oltinga teng har lahzasidan oqilona foydalanish zarurati kuchaymoqda. Ana shunday bir vaziyatda uzundan uzun navbatda turish va vaqtni behuda yo‘qotish kishining g‘ashiga tegib, asabini egovlaydi, oxir-oqibat turli noxushliklar hamda haqli e'tirozlar paydo bo‘lishiga olib keladi.

O‘zbekiston bank tizimida mijozlarga turli qulayliklar yaratish maqsadida innovatsion texnologiyalardan keng foydalanilmoqda. Chunonchi, Samarqand viloyatida bank mijozlari navbatini belgilab beradigan texnologiyalar keng qo‘llanilmoqda.

Barchamizga ayonki, banklarda navbatni band qilish imkoniyati mavjud (faqat bank binosiga kelgan mijozlar uchun). Vaqtni g‘animat bilib, undan unumli foydalanishga intiladigan bank mijozlari ushbu texnologiya orqali o‘z navbatlarini aniq vaqtga band qilishlari mumkin! Ular hatto shu oyning aniq kuni va soatiga yoki keyingi oyning aniq kuni va soatiga navbat uchun buyurtma bersalar bo‘ladi.

Ushbu tizim qanday ishlaydi?

1. Xizmatni onlayn band qilish uchun onlayn tizim yaratiladi. Bu poyezd yoki samolyot chiptasini onlayn xarid qilishga o‘xshaydi. Tizim orqali quyidagi ma'lumotlar kiritiladi:

•        ism-sharif;

•        pasport seriyasi (yoki bank mijozining ID raqami);

•        bankka tashrif buyurish vaqti (5 daqiqa farqi bilan);

•        qaysi bankka tashrif buyurish;

•        bankning qaysi xizmatidan foydalanish;

•        oldinroq boshqa kishi tomonidan band qilingan vaqt mijoz buyurtma oynasida ko‘rinmaydi;

•        boshqa zarur ma'lumotlar.

2. Bank xizmatini onlayn band qilish uchun mijozlarga umumiy tizim taqdim  etiladi. Tizimga ulanish uchun har bir bankka alohida login va parol beriladi. Ushbu login-parol orqali tizimga ulangan bank xodimi ekranida quyidagi ma'lumotlar ko‘rinadi:

•        bank xizmati uchun navbatni onlayn band qilganlar jadvali (eng yaqin vaqtdagisi yuqoriroqda ko‘rinadi);

•        ularning ism-sharifi, pasporti seriyasi (yoki bankdagi ID raqami), qaysi yo‘nalishda xizmat olishi, navbat vaqti;

•        ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha statistik ma'lumotlar (nechta onlayn navbat olinayotgani, qaysilari muvaffaqiyatli amalga oshirilgani, qaysilari qoniqarsiz o‘tgani);

3. Tizim quyidagi tartibda ishlaydi:

•        mijoz navbatni onlayn band qiladi;

•        bank xodimi ushbu buyurtmani onlayn ko‘radi;

•        mijoz belgilagan vaqtidan 5 daqiqa farqi bilan yetib keladi;

•        bank xodimi navbatdan uning buyurtmasini to‘g‘riligini tekshiradi;

•        onlayn navbatni band qilgan mijozga o‘zi belgilagan vaqtda navbatsiz xizmat ko‘rsatiladi;

•        va hokazolar.


Dilshod Umirzoqov,
Markaziy bank Samarqand viloyati
Bosh boshqarmasi bosh mutaxassisi

 

Mavzuga oid