Jamiyat | 11:57 / 21.07.2018
12857
2 daqiqa o‘qiladi

Aholiga noqulayliklar tug‘dirayotgan kafe va restoranlarni ko‘chirish taklifi berildi

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida aholi yashashiga noqulayliklar tug‘dirayotgan kafe va restoranlarni ko‘chirish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

Aholi istiqomat qilishiga turli noqulayliklar tug‘dirayotgan kafe va restoranlar mavjud. Bunday kafe va restoranlar tun-u kun shovqin-suronli bo‘ladi, deyiladi murojaatda.

“Bugungi kunda ayrim shu turdagi joylar ko‘p qavatli aholi xonadonlarining yonida, hattoki ostida joylashgan. Ularning shu zaylda faoliyat yuritishi aholiga ko‘plab noqulayliklar va asabbuzarliklarni keltirib chiqarmoqda. Ayniqsa, yoz mavsumida kechqurun restoran va kafelarda musiqalarning juda baland ovozda qo‘yilishi, yoqimsiz tutun va taomlarning hidi kishining kayfiyati, tinchligi va sog‘ligiga zarar yetkazadi”, - deyilgan matnda. 

Bundan tashqari, bunday maskanlarda janjallar sodir bo‘lib turadi. Ilg‘or xorijiy davlatlarda aholi istiqomat qiladigan hududda aholining tinchini buzmaslik maqsadida hatto, avtomobil signalini chalmaslik belgilangan.

“Shu sababli bunday noqulay joylashgan kafe va restoranlarni aholi yashash joylaridan uzoqroqqa ko‘chirish maqsadga muvofiq”, - deya yakunlanadi murojaat matni.

Mavzuga oid