Tojikiston Serpuxovda o‘ldirilgan 5 yoshli qizcha yuzasidan Rossiyaga nota yubordi
Tojikiston Moskva oblastining Serpuxov shahrida o‘ldirilgan besh yoshli qizcha o‘z fuqarosi ekanini tasdiqladi va Rossiya TIVga tergovni jiddiy o‘tkazish hamda jinoyatchini qattiq jazolashni talab qilib nota yubordi. Bu haqda respublika TIV xabar bergan.
"Rossiya TIVga nota topshirildi. Dushanbe Rossiyaning tegishli organlarini ushbu shafqatsiz jinoyatni jiddiy tergov qilish va bu ishni amalga oshirgan jinoyatchini qattiq jazolashga chaqirmoqda", - deyiladi vazirlik xabarida.
Shuningdek, unda ta'kidlanishicha, “Tojikistonning Rossiyadagi diplomatik hamda konsullik idoralari Rossiya tegishli organlari bilan ushbu masala yuzasidan doimiy aloqada bo‘lib turibdi”. Bundan tashqari, Tojikiston ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda Rossiya IIV rahbariyatiga telegramma yuborib, jinoiy ishni qat'iy nazoratga olish haqida iltimos qilgan.
Chorshanba kuni qizchaning jasadi Moskvadan Dushanbega olib borildi. Aeroportdan uni Tojikiston janubidagi Shamsiddin Shoxin tumaniga olib ketishgan, qizcha shu yerda dafn etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Moskva oblastida tojik migrantlari oilasidan bo‘lgan 5 yoshli qizchaning jasadi sport sumkasidan topilgandi.