O‘zbekiston | 10:23 / 26.07.2018
3178
3 daqiqa o‘qiladi

K-Data Agency IUT’ga 500 ming dollarlik dasturni taqdim etdi

Janubiy Koreyaning “Korea Data Agency” (K-Data) agentligi Toshkent shahridagi Inha universitetiga ma'lumotlar bazasini monitoring qilish va tahlil qilish uchun qariyb 500 ming dollarlik dasturiy ta'minotni taqdim etdi.

Bosh menejyer Jun-xyun Li rahbarligidagi “K-Data” delegatsiyasi 2018 yilning 25 iyul kuni Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT)ga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida “K-Data” agentligi IUT ma'muriyatiga “Wise Intelligence” va “Exem” tomonidan ishlab chiqarilgan ma'lumotlar bazasini monitoring qilish va tahlil qilish bo‘yicha bepul litsenziyalarni taqdim etdi.

Foto: Inha universiteti

Koreya kompaniyalarining dasturiy ta'minotlari ma'lumotlar sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash uchun foydalaniladi.

Janubiy Koreya delegatsiyasi tashrifi doirasida IUT'ning birinchi prorektori Cho Vu Sug va “K-Data” agentligi Bosh menejyeri Jun-xyun Li o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. 

Hujjatga muvofiq, tomonlar ma'lumot sohasidagi talabalar va tadqiqotchilarning malakasi va ko‘nikmalarini birgalikda oshirishni mo‘ljallamoqdalar.

Shuningdek, IUT va “K-Data” agentligi ma'lumotlar sohasidagi qo‘shma tadqiqotlar va loyihalarni, shu jumladan ochiq ma'lumotlar, ma'lumotlarni tahlil qilish, ma'lumotlarni boshqarish, ma'lumotlar sifati va boshqalar kabi sohalarda amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Hamkorlik sohalaridan biri axborot sohasidagi bilim, tajriba va axborot almashish uchun turli konferensiyalar, simpoziumlar, seminarlar va boshqa tadbirlarni tashkil etish bo‘ladi.

Universitetga tashrif davomida “K-Data” agentligi vakillari IUT dagi o‘quv jarayoni bilan tanishdilar. Shuningdek, ular IUT o‘qituvchilari va professorlari uchun yaratilgan shart-sharoitlarni shaxsan ko‘rish imkoniga ega bo‘lishdi.

“Korea Data Agency” Koreya Respublikasining davlat agentligi hisoblanadi.  U axborot sanoatini rivojlantirish, ma'lumotlar yordamida yangi biznes yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish uchun mas'uldir. Agentlik, shuningdek, startap-loyihalarni inkubatsiya qilish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi.

Agentlik shuningdek, universitetlar uchun turli ma'lumotlar bazasi dasturlarini bepul taqdim etadi. “K-Data” agentligi ma'lumotlar bazalari asosida mutaxassislarni sertifikatlash bo‘yicha xizmatlarni ham ko‘rsatadi.

Mavzuga oid