Jamiyat | 00:22 / 27.07.2018
27365
5 daqiqa o‘qiladi

Ozodlikka chiqqan fuqarolarga yordam bergan kishi ​ «Haj» safariga navbatsiz​ otlandi

Foto: Getty Images

Ozodlikdan mahrum etilgan fuqarolarni ijtimoiy hayotga moslashishi va ish bilan ta'minlanishida ko‘mak berayotgan hamyurtimiz «​Haj»​ safariga navbatsiz borishi ma'lum qilindi. 

O‘zA xabariga ko‘ra, Toshkent shahar hokimligi tomonidan ishga joylashishda yoki yangi tadbirkorlik faoliyatini boshlashda ularga moliyaviy yordam ko‘rsatgan shaxslarga Hajga navbatsiz borishda yordam ko‘rsatilishi belgilangan edi. 

Ana shunday yurtdoshlarimizdan biri qamoq jazosini o‘tab qaytgan ikki nafar fuqaroga moliyaviy yordam ko‘rsatdi. 

Yunusobod tumani, «Yunusobod» mahallasida istiqomat qiluvchi N. H.ga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun dastlab 15 million so‘m miqdorida mablag‘ zarur edi. Shuningdek, Uchtepa tumani, «Xurshid» mahallasida istiqomat qiluvchi H. A. sartaroshlik kasbini davom ettirish maqsadida zarur asbob-uskunalarni xarid qilish uchun 3 million so‘m mablag‘da yordam berishni so‘ragan. 

Mazkur vaziyatdan xabar topgan bir hamyurtimiz (ismi sir qolishi iltimos qilingan) o‘z xohishi va tashabbusi bilan ularga yordam ko‘rsatdi. 

«Hamyurtlarimiz orasida savobli ishlarga bosh qo‘shadigan insonlar ko‘p. Vaqtida turli sabablar bilan adashib yot oqimlarga qo‘shilib qolgan fuqarolar bugun afv etilib yoki jazo muddatlarini o‘tab ijtimoiy hayotga qaytmoqda. Ular ijtimoiy hayotimizdan chekkada qolib ketishlari kerak emas. Ularga hayotda o‘z yo‘llarini topishda, ishga joylashishda yordam ko‘rsatish aslida barchamizning vazifamizdir», deydi Toshkent shahar hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Turdiqulov. 

Ma'lumot uchun, 2017-2018 yillarda diniy ekstremistik guruhlarga aloqador bo‘lgan (159-modda) va nazorat ro‘yxatiga olingan 2273 nafar shaxs to‘liq reabilitatsiya qilinib, maxsus ro‘yxatdan chiqarilgan. Shu jumladan, 17-20 yil mobaynida ozodlikdan mahrum bo‘lgan 181 nafar fuqaro o‘z oilasi bag‘riga qaytgan.

Bugungi kunda «Haj» tadbirini tashkil etish va o‘tkazish hukumatning 2017 yil 7 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom bilan tartibga solinadi.

«Haj»ga borishga navbatga qo‘yiladigan nomzodlar quyidagi talablarga javob berishi lozim:

nomzod moddiy va jismoniy jihatdan «Haj» tadbiriga qodir bo‘lishi;

«Haj» amallarini to‘g‘ri va to‘la-to‘kis ado etishi uchun yetarli diniy bilimga ega bo‘lishi;

nomzod ma'naviyati, ma'rifati va odob-axloqi bilan mahallada obro‘-e'tiborga ega bo‘lishi;

oilasidagi muhitning sog‘lomligi va farzandlarining ijobiy tavsiflanishi, mahalla fuqarolar yig‘inidagi ijtimoiy-ma'naviy muhitni yaxshilashda ibrat bo‘la olishi;
yo‘ldan adashganlarni sog‘lom turmush tarziga qaytarish, ularning ijtimoiy moslashuviga yordam berishi, mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkaziladigan xayriya tadbirlarida ishtirok etishi.

Bundan tashqari «Haj»ga bormoqchi bo‘lgan fuqaro:

«Haj»ga ilgari bormagan bo‘lishi;
voyaga yetgan bo‘lishi;

45 yoshgacha bo‘lgan ayollar uchun mahramlari (eri, otasi, o‘g‘li, akasi, ukasi va h.k.)ning ham birga borishi hamda mahram ekanligini tasdiqlovchi hujjat (pasport, tug‘ilganlik haqida guvohnoma va nikoh tuzilganligi haqida guvohnoma) nusxasi taqdim etishi lozim.

Avvalroq, Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida yashovchi 81 yoshli Zebuniso ona Ahmedova haj ziyorati uchun yillar davomida jamg‘argan 50 million so‘mdan ortiq mablag‘iga o‘zi yashayotgan Yangiobod mahallasi aholisi uchun toza ichimlik suvi chiqartirib bergani haqida yozilgandi.

Mavzuga oid