O‘zbekiston | 15:16 / 28.07.2018
25933
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi yana bir OTMda kredit tizimi joriy qilindi

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti va Gollandiyaning Vageningen Universiteti hamkorlikda Atrof muhit muhofazasi (xalqaro yer va suv resurslarini boshqarish) mutaxassisliklari bo‘yicha respublikada yagona qo‘shma diplom (double degree) berish dasturini amalga oshirib kelinmoqda. Bugungi kunga qadar mazkur dastur doirasida 44 nafar magistrantlar ta'lim olgan bo‘lsa, ulardan 24 nafari ikki tomonlama (Vageningen Universiteti va TIQXMMI) diplomlarini olishga muvofiq bo‘lishgan. 2018 yilda TIQXMMIning 2 nafar bitiruvchisi magistraturaga va 4 nafar magistratura bitiruvchilari Gollandiyaning Vageningen Universitetiga RhD doktoranturaga qabul qilindi.

Foto: TIQXMMI

2018/2019 o‘quv yilida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti AQShning Michigan Shtati Universiteti va Slovakiyaning Nitra qishloq xo‘jaligi universitetlari bilan hamkorlikda ikki tomonlama diplom berish magistratura mutaxassisligi ta'lim dasturi yo‘lga quyildi.

Foto: TIQXMMI

Shu munosabat bilan, 2018-2019 o‘quv yilidan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining magistratura mutaxassisliklari o‘quv jarayoniga kredit tizimi joriy qilindi.

Kredit tizimini o‘quv jarayoniga joriy qilishdan asosiy maqsad magistrantlarni xorijiy universitetlarda o‘qishini davom ettirish va akademik mobil almashuv imkoniyatlarini oshirish hamda yuqori darajada mustaqil ta'lim olishga erishish, magistrantning ilmiy-tadqiqot va ilmiy-pedagogik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va institut tomonidan berilgan "magistr" akademik darajasining xalqaro ta'lim muhiti va xalqaro mehnat bozorida ekvivalentligini ta'minlashdan iborat.

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining kredit tizimi asosida tashkil qilingan barcha magistratura mutaxassisliklarining o‘quv me'yoriy hujjatlari Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan 2018 yil 24 iyul kuni tasdiqlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent axborot texnologiyalari universitetida va uning filiallarida 2018-2019 o‘quv yilidan boshlab axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha o‘qitishning kredit tizimi joriy etilgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid