Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Deputatlar ishlab chiqarishni yanada mahalliylashtirishni taklif etmoqda
Deputatlar suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etgan fermer xo‘jaliklariga imtiyoz berishning aniq huquqiy mexanizmlarini «Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida»gi Qonunda mustahkam qo‘yish maqsadga muvofiqligini, bundan tashqari, suvni tejovchi texnologiyalar uchun kerakli asbob va uskunalarni zamonaviy va imkon qadar arzon tannarxlarda ishlab chiqarish dolzarb ekanligini ta'kidlashmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Quyi palatasi Axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, O‘zbekistonda suvni tejovchi texnologiyalaridan biri bo‘lgan egiluvchan quvurlarni «Jizzax plastmassa zavodi»da ishlab chiqarish uchun janubiy vohamiz - «Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi»dan polietilen granulasi olib kelinmoqda.
Tayyor bo‘lgan mahsulot – egiluvchan quvur Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlariga qayta olib borilmoqda.
Parlament a'zolarining fikricha, bu ortiqcha transport xarajatlariga, mahsulot tannarxining oshishiga va umumiy ish unumdorligi pasayishiga sabab bo‘lmoqda.
Masalaning yechimi sifatida egiluvchan quvurlarni Qashqadaryo viloyatidagi «Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» tasarrufidagi «Qarshi termoplast» sexida muqobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiqligi oydinlashadi. Natijada Qashqadaryo, Buxoro, Surxondaryo va Samarqand viloyatlarida mavjud talab-ehtiyojlar qondiriladi.
Shu bilan birga, bu kabi muammolarni hal etish uchun ishlab chiqaruvchi korxonalarga qo‘shimcha imtiyozlar berish yuzasidan qonunchilikka muayyan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi (Xorazm viloyatini hisobga olgan holda) va Farg‘ona vodiysi (Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari)da ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish lozim bo‘ladi.
Bu, o‘z navbatida, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tannarxini pasaytirishga va sifatini oshirishga, yangi ish o‘rinlarini yaratishga hamda sohada sog‘lom raqobat muhitini shakllanishiga xizmat qiladi.
Mavzuga oid
13:49 / 11.02.2025
Deputatlar diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini bir ovozdan qabul qilib, Senatga yubordi
18:56 / 03.02.2025
2024 yilda O‘zbekistonda gaz, neft va benzin ishlab chiqarish kamaydi
09:59 / 11.01.2025
2025 yilda 307 ta yirik loyiha ishga tushiriladi
16:35 / 04.12.2024