Jamiyat | 10:49 / 31.07.2018
20222
11 daqiqa o‘qiladi

Rahbarning xato qilishga haqqi yo‘q: Oliygohga o‘zi dars bermaydigan rektor kerakmi?

Foto: Fotolia

Rahbar kim? U qanday axloqiy, irodaviy, intellektual sifatlarga ega bo‘lmog‘i darkor? Aslida haqiqiy rahbar o‘z siymosini adolatparvarlik, insonparvarlik, mehnatsevarlik vositasida namoyon qiladi. Mamlakatimiz prezidenti Sh.Mirziyovning ta'biri bilan aytganda: «Bugungi rahbar xato qilishga haqqi yo‘q».

Ammo bugungi kun rahbari bilimsiz, zehnsiz, qo‘rqoq, johil, idroksiz, yolg‘onchi, vafosiz, yuraksiz, kibrli, fe'li buzuq, loqayd, boqibeg‘am, tanbal, landovur, nodon va nafsining quli bo‘lsa, korxonaning kelajagi qanday bo‘ladi?

«Rahbar yaxshi bo‘lsa, el tuzar, rahbar yomon bo‘lsa, el to‘zar», deydi xalqimiz. Ba'zan rahbarlik kursisi sub'yektiv sabablarga ko‘ra beburd, loqayd, nodon, johil, idroksiz, kibrli odamlarga ham nasib qiladi. Bu toifadagi rahbar lavozimda turganida — aziz, undan tushganida ortiqcha odamga aylanadi. Undaylarni xalq bag‘ridan itqitadi, undan qutilganiga shodlanadi. Chunki u lavozimda turganida xalqqa xizmat qilmay, jamoani o‘ziga xizmatkor qilib olgan bo‘ladi... Ming afsuslar bo‘lsinkim, bugungi kunda ham el to‘zar rahbarlar jamiyatimizda oz emas.

Haqiqiy rahbar esa yomonlikdan ham, yaxshilikdan ham ustun turoladi. Jonboz, vatanparvar, ishbilarmon, tashabbuskor rahbar uchun adolat, Vatan manfaati ong va qalbining shuuriga aylangan bo‘ladi.

Men bu jarayonda har qanday odam korxonani boshqarishi mumkin, deb aytayotganim yo‘q. Agar shunday bo‘lganida edi, rahbarlikning mazmuni yo‘qolgan bo‘lardi. Har birimiz rahbar bo‘lishimiz mumkin, ammo korxonaning xodimlari bir xil ish bilan mashg‘ul emas. Mabodo korxonaning har bir xodimi o‘z ishi bilan shug‘ullanmasa, ishda boshboshdoqlik sodir bo‘lishi tayin.

Shu bois, O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov o‘zining «Daftar hoshiyasidagi bitiklar» kitobida ajoyib bir tanbehni yozadi: «Har kim o‘z aravasini tortsa... Har kim o‘z yumushini bajarsa, olam – guliston. Sartaroshni suvoqchi qilib qo‘ysangiz, devorga sovun ko‘pigi surtadi. Etikdo‘zni sartarosh qilsangiz, odamning boshiga mix qoqadi...»

Izzattalab, manman, loqayd rahbar tomonidan korxonadagi haqiqiy liderlarga o‘zlarini namoyon qilishlariga imkoniyat bermaslik, ularning yaratuvchanlik g‘oyalarini inobatga olmaslik hech qanday yaxshilikka olib kelmaydi.

Jamoaga haqiqiy lider yetakchilik qilmasa, munosabatlarda alg‘ov-dalg‘ov va chalkashliklar sodir bo‘ladi, ishlab chiqarishda samaradorlik pasayadi. Shu bois Kaykovus o‘zining «Qobusnoma»sida yozadi: «Ey farzand... Hech odamdin xizmatni darig‘ tutmag‘il va lekin har kishiga ish buyursang, o‘ziga munosib ishni buyurg‘il, nomunosib ishni buyurmag‘il, undoqkim, farroshlikka munosib odamga sharobdorlikni buyurmag‘il, sharobdorlikka munosib kishini xazinador qilmag‘il. Alqissa, har kishiga har ishni buyurib bo‘lmas. Agar ish bilmag‘on kishiga bir ishni buyursang, u kishi o‘z manfaati uchun bu ishni bilmaslig‘in aytmasa, ul ish durust va foydali bo‘lmag‘usidur. Bas, ishni bilg‘on odamga buyurg‘il, toki dardisarlikdin qutulg‘on bo‘lg‘aysen... Agar bir nodonga xizmat buyursang, o‘z nodonlig‘ingga guvohlik berg‘on bo‘lursan».

Haqiqatdan ham jamiyatimizda keyingi 15–20 yil davomida istaymizmi-yo‘qmi, ma'lum bir yaralar paydo bo‘ldi. Men mamlakatimiz rivojlanmadi, hamma narsa orqaga ketdi, demoqchi emasman. O‘tmishga tosh otish, maddohlik qilish niyatim ham yo‘q. Ammo keyingi yillarda ba'zi sohalarda «men boshliq sen ahmoq; sen boshliq, men ahmoq» prinsipi hayotimizda ustunlik qildi.

Butun dunyo xalqlari o‘z tafakkurini Kaykovus g‘oyalari bilan boyitib, ufqqa intilayotgan bir paytda bizning yuqori martabadagi ba'zi rahbarlarimiz Kaykovus nasihatlarini unutdi. Oqibatda, maktab hayotidan yiroq, umrida sinfga kirib bir soat dars o‘tmagan odamlar maktab direktori, tuman, shahar, viloyat xalq ta'limi bo‘limi mudiri, hatto xalq ta'limi vaziri lavozimigacha ko‘tarilishdi.

Qurilish sohasiga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan huquqshunoslar, sobiq prokurorlar quruvchiga, qishloq xo‘jaligi sohasining ko‘chasidan ham o‘tmagan sobiq ichki ishlar xodimlari fermerlarga aylanishdi. Natijani ko‘rib turibsiz: prezidentimiz aytganidek, bugungi kunda kollej o‘quvchisi ariza yozolmaydi, oliy ta'limda ilmiy salohiyat sezilarli darajada pasaydi.

Ishonchim komilki, hozir men sizlarga aytayotgan fikrlar haqiqatan ham jiddiy ijtimoiy muammodir. AQShdagi ijtimoiy fikrlarni o‘rganadigan nufuzli Gellap instituti olimlarining tadqiqotlariga qaraganda, xodimlarning ishdan bo‘shab ketishlariga bosh sabab, eng avvalo, maoshning kamligi emas, balki no‘noq rahbarlarning nodonligi, loqaydligi, izzattalabligi oqibatida xodimlarini yetarlicha qadrlanmasliklari, faoliyatidagi yutuqlari uchun minnatdorchilik bildirilmasligi ekan. Rahbarning beburdligi, manmanligi, qo‘polligi, ig‘vogarligi, axloqsizligi oqibatida eng yaxshi xodimlarni ham ishdan ketib qolayotganini, tashabbuskor, yaratuvchan shaxslarning tuhmat bilan ishdan haydalayotganini ko‘pchiligimiz shaxsiy tajribamizda kuzatganmiz.

Haqiqiy rahbar korxonada xodimlarni rag‘batlantirish, qo‘llab-quvvatlash, ibrat bo‘lish, ruhiy tarbiyalash orqali ularning ma'naviy rivojlanishiga sharoit yaratadi. Korxonada xodimlarni qadrlash — ruhiy barqarorlikni ta'minlaydi, ishda boshboshdoqlikka barham beradi. Xodimni qadrlash — ishdan ketish kayfiyatida bo‘lgan eng yaxshi xodimlarni saqlab qolishga imkon beradi va yangi ishchan xodimlarni ishga jalb qilishga ruhiy muhit yaratadi. Bu ajoyib emasmi?

Har bir rahbar ishda o‘zining mehnatsevarligini, tashkilotchilik qobiliyatini namoyon qilishi, boshqalarni rag‘batlantirib turishi shart. Albatta, korxonada xodimlarni boshqarish, rag‘batlantirish, ortingizdan ergashtirish uchun avvalo, ularga o‘zingiz namuna bo‘lishingiz kerak bo‘ladi. Boshqalarga namuna bo‘lish uchun sizga bilim, ko‘nikma va amaliy malakalar juda zarur.

Ming afsuslar bo‘lsinki, bugun korxonada bizga namuna bo‘lishi shart bo‘lgan rahbarning o‘zi biror sohada xodimiga o‘rnak bo‘lolmayotgan, jamoada ruhiy muhitni buzayotgan fitnachi bo‘lsa, dardimizni kimga aytamiz? Aslida, biz rahbardan ibrat olishimiz kerak. Afsuski bugun deyarli barcha sohalarda ham ba'zi rahbarlarning xodimlariga o‘rnak bo‘lolmayotganiga guvohmiz.

Prezident Sh.Mirziyoyev respublikamiz bo‘ylab piyoda yurib, xalq orasida ularning dardini, muammolarini o‘rganadi, joyida yechim topadi, ammo ba'zi yuqori lavozimlardagi rahbarlar muammoni kabinetida hal qiladi.

Oddiygina misol: o‘rta umumiy ta'lim maktabida oddiy fan o‘qituvchisi sinfga kirib o‘quvchilarga dars o‘tadi. Ammo, ba'zi maktab direktorlari sinfga kirib, dars o‘tmaydi. Litsey va kollejlarda ham fan o‘qituvchisi o‘quvchilarga dars beradi, lekin ba'zi kollej direktorlari dars bermaydi. Oliy o‘quv yurtlarida assistent auditoriyaga kirib dars o‘tadi, ammo ko‘pchilik rektorlar auditoriyaga kirmaydi, o‘zlari dars o‘tib, xodimlariga namuna bo‘la olmaydi.

Bundan 400 yil oldin yashab o‘tgan ingliz faylasufi Frensis Bekon: «Men odamlarni ilm-fanning asl maqsadini yodda saqlashga chaqiraman. Toki ular ilm-fan bilan o‘z mansablari, ilmiy bahslar, o‘zgalarni mensimaslik, shon-shuhrat, shaxsiy manfaatlari yoki boshqa tuban maqsadlar uchun emas, balki bu bilimlardan hayotga foyda va manfaat yetishi uchun shug‘ullansinlar», degan edi.

Mening nazarimda bugun bizda odamlar mansabga ilinish, manfaat ilinjida doktorlik dissertatsiyalari yozayotganga o‘xshaydi. Himoyani qilib olishi bilan mansabga intiladi. Doktorlik ilmiy darajasi go‘yoki ularni auditoriyaga kirishdan ozod qilgan xujjatga o‘xshaydi. Mana bugungi ahvol!

Har qanday rahbar: yurish-turishda ham, ilmiy-tadqiqotda ham, kitob o‘qishda ham, husnixatda ham, tashkilotchilikda ham, mehr-shafqatda ham qo‘l ostidagi xodimlariga o‘rnak bo‘lsa edi, natija mutlaqo boshqacha bo‘lardi. Agar cho‘ntagingizda bir tiyiningiz bo‘lmasa, gadoyga bir so‘mni qayerdan berasiz!?

2018 yil 22 iyul kuni «Rektorlar poraxo‘rlikka qarshi!» O‘zbekiston tarixida ilk bor oliy ta'lim muassasalari rahbarlari abituriyentlarga, ularning ota-onalariga murojaatnoma yo‘lladi. Unda: «Har ishda halol va vijdonan yo‘l tutish, oliy ta'lim muassasalarini haqiqiy ma'noda ma'rifat va halollik maskaniga aylantirish, shuningdek, bu yilgi qabul jarayonlarini shaffof, adolatli va halol o‘tkazishga va'da beramiz», deyilgan.

Ammo u yerda biror rektor: «Men rektor sifatida o‘quv jarayonida hammaga ibrat bo‘laman, o‘zim auditoriyaga kirib leksiya o‘qib, qo‘l ostimdagi professor-o‘qituvchilarga ilmda va voizlikda namuna bo‘laman. Shu yusinda mamlakatimizda malakali kadrlar tayyorlashga salmoqli hissa qo‘shaman, xodimlarimni ortimdan ergashtiraman», degan gaplar yo‘q.

Qachonki oliy o‘quv yurtlarining rektorlari, prorektorlari, dekanlari qo‘l ostidagi xodimlariga barcha sohalarda namuna bo‘lmas, auditoriyaga kirib o‘zlari dars o‘tmas ekan, ta'limda o‘zgarish bo‘lmaydi, bizlar joyimizda depsinib turaveramiz.

Muhtaram Rektor! O‘zingiz qo‘l ostingizdagi xodimingizga axloqda, ishbilarmonlikda, tashabbusda, tafakkur va farosatda namuna bo‘la olmasangiz, korxonaga qanday rahbarlik qilasiz? Qay usulda malakali mutaxassislar tayyorlaysiz? Sizlar murojaatingizda ta'kidlaganingizdek, oliy ta'lim muassasangizni haqiqiy ma'noda ma'rifat va halollik maskaniga aylantirish uchun avvalo o‘zlaringiz boshqalarga o‘rnak bo‘lishingiz kerak bo‘ladi. Ammo bunday harakat, jonbozlik sizlar tomonlaringizdan sezilmayapti.

Agar har bir rektor o‘z faoliyatida tashabbuskor bo‘lsa, korxona salohiyati, xodimlar obro‘yini ko‘tarishga shaxsan hissa qo‘shsa, doimo fidoyi bo‘lsa, ishonamanki, o‘shandagina, albatta, natija bo‘ladi. Bilib qo‘ying, har birimiz – lidermiz. Ammo, hamma rahbarlar bir xil emas.

Isroil XAYRIYeV,
SamDU dotsenti

Mavzuga oid