Jahon | 00:38 / 11.08.2018
11993
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh turk alyuminiysi va po‘latiga bojlarni ikki barobarga oshirdi

AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakat hududiga Turkiyadan olib kiriladigan alyuminiy va po‘latga boj to‘lovlarini ikki barobar oshirishni ma'qulladi.

«Turkiyaga to‘xtaladigan bo‘lsam, men hozirgina, turk lirasi bizning o‘ta baquvvat dollarimizga nisbatan keskin qulayotgan bir chog‘da alyuminiy va po‘latga boj to‘lovlari ikki barobar oshirilishi haqidagi qarorni imzoladim! Alyuminiyga nisbatan boj to‘lovlari 20 foizga, po‘latga nisbatan — 50 foizga oshdi. Hozir bizning Turkiya bilan munosabatlarimiz u qadar yaxshi emas!» — deb yozgan Amerika yetakchisi o‘z Twitter akkauntida.
 

 

Rajab Toyyib Erdo‘g‘an esa o‘z mamlakatiga qarshi iqtisodiy urush ochgan kuchlarga nisbatan kurash olib borishga va'da berdi.

«Turkiya har qanday salbiy ssenariyga qarshi choralar tayyorlamoqda. Milliy valyutaning qadrsizlanishidan, foiz stavkalari oshishi va Anqara manziliga tahdidlarda xursand bo‘layotganlar hech narsaga erisha olishmaydi», — degan Erdo‘g‘an Boyburt viloyatida chiqish qila turib.

Uning so‘zlariga ko‘ra bir qator davlatlar ataylab Anqaraning milliy manfaatlariga daxl qiluvchi aksilturkiya pozitsiyasini ushlab olishgan. Erdo‘g‘an iqtisodiy sohada so‘nggi kunlardagi negativ jarayonlarni «Aksilturkiya siyosatining navbatdagi ko‘rinishi» deb baholagan.

Juma kuni Turkiya valyutasi yangi tarixiy minimum — 1 dollarga 6,4684 liragacha quladi.

Endryu Branson ishi

Ilgariroq AQSh moliya vazirligi amerikalik pastor Endryu Bransonning ishi yuzasidan Turkiya adliya vaziri Abdulhamit Gul va ichki ishlar vaziri Sulaymon So‘yluga nisbatan sanksiya joriy etgan edi. Bu amaldorlarning AQShga kirishi taqiqlanadi, ularning Amerikadagi aktivlari muzlatiladi. Shundan so‘ng lira kursi keskin tushib ketdi.

Turkiya hokimiyati amerikalik pastorni 2016 yilning oktabridan buyon hibsda saqlamoqda. Uni Turkiyada terrorchi tashkilot sifatida tan olingan muxolifatdagi islom voizi Fathulloh Gulan tashkiloti (FETO) ga yordam berish, shuningdek Turkiyada taqiqlangan Kurdiston ishchi partiyasi (KIP) ni qo‘llab-quvvatlashda ayblashmoqda. Branson bu ayblovlarni «sharmandali va yaramas», deya rad etib kelmoqda.

Mavzuga oid