Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Adliya organlari NNT faoliyatini qanday o‘rganadilar?
Vazirlar Mahkamasining 8.08.2018 yildagi 635-son qarori bilan Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini adliya organlari tomonidan monitoring qilish va o‘rganish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.
Belgilanishicha, NNT faoliyatining davlat nazorati ular tomonidan qonun hujjatlari va o‘z ta'sis hujjatlariga rioya etilishini, shuningdek ularga ajratilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishini o‘rganishga yo‘naltirilgan bo‘lib, quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
• monitoring – NNTlarga ajratilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishi bo‘yicha ma'lumotlarni tizimli ravishda yig‘ish, o‘rganish va tahlil qilish jarayoni;
• rejali o‘rganish – adliya organi rahbarining buyrug‘i bilan tasdiqlanadigan ish rejasiga muvofiq o‘tkaziladigan o‘rganish;
• rejadan tashqari o‘rganish – adliya organi tomonidan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda va hollarda amalga oshiriladigan ish rejasiga kiritilmagan o‘rganish.
Monitoring
Monitoring NNTning faoliyatiga oid adliya organidagi mavjud hujjatlarni, shu jumladan hisobotlarni, oldin o‘tkazilgan o‘rganish natijalari bo‘yicha tuzilgan ma'lumotnoma, dalolatnomalarni, aniqlangan qoidabuzilishlar bartaraf qilinganligi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni o‘rganish va tahlil qilish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, adliya organlarining mas'ul mansabdor shaxslari NNT tomonidan o‘tkazilgan tadbirlarda ishtirok etish natijalari bo‘yicha ma'lumotnoma tuzishlari lozim. Boshqa axborot qatori, unda aniqlangan qonunbuzishlar to‘g‘risidagi axborot qayd etiladi.
O‘rganish
Quyidagilar o‘rganishlarni o‘tkazish uchun asos bo‘ladi:
• Oliy Majlis palatalari, Prezident devoni va Vazirlar Mahkamasining topshiriqlari yoki ushbu topshiriqlar ijrosini ta'minlash maqsadida chiqarilgan adliya vazirining buyrug‘i;
• adliya organlarining ish rejalari – NNTni ish rejasiga qo‘shish uchun asos bo‘lib uning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan yoki oxirgi o‘rganish o‘tkazilganidan 3 yil o‘tganligi hisoblanadi;
• adliya organlari tomonidan o‘tkazilgan monitoring hamda boshqa NNTlardan olingan ma'lumotlar (hisobotlar) tahlili;
• NNTlar tomonidan qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibga rioya etilmagan holda o‘tkazilgan tadbirlar;
• jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari, erkinliklarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish to‘g‘risidagi murojaatlari;
• ommaviy axborot vositalari bergan xabarlar, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirilgan ma'lumotlar.
Rejadan tashqari o‘rganish ushbu o‘rganishga asos bo‘lgan aniq faktlar bo‘yicha o‘tkaziladi.
O‘rganishlar adliya organi rahbarining buyrug‘iga muvofiq amalga oshiriladi. Buyruqda o‘rganishning maqsad va vazifalari, o‘rganiladigan NNT nomi, o‘rganish davri va uni o‘tkazish muddatlari, o‘rganishni o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruhi a'zolari tarkibi, ularning ismi, familiyasi va lavozimi, o‘rganish hujjatlarini umumlashtirish va tahlil qilish vazifalarini amalga oshiruvchi xodimlarning ismi, familiyasi va lavozimi hamda o‘rganish natijasini muhokama qilishga doir masalalar ko‘rsatilishi zarur.
O‘rganish to‘g‘risidagi buyruq u o‘tkazilishidan kamida 10 kun oldin qabul qilinadi va shu kunning o‘zida NNT rahbari bu haqda yozma ravishda xabardor qilinadi. Xabarnomada o‘rganishni o‘tkazish uchun asos, o‘rganiladigan NNTlar ro‘yxati, sohasi, o‘rganiladigan davr va uni o‘tkazish muddati, ishchi guruh tarkibi ko‘rsatilishi zarur. Xabarnomaga o‘rganish savolnomasi ilova qilinadi. U qat'iy ro‘yxat hisoblanmaydi va ishchi guruhning asoslantirilgan taklifiga ko‘ra adliya organi rahbari tomonidan unga qo‘shimcha masalalar kiritilishi mumkin.
O‘rganish muddati 30 kundan oshmasligi kerak, biroq u ishchi guruh rahbarining asoslantirilgan bildirgisi asosida yana 30 kunga uzaytirilishi mumkin.
O‘rganish natijasi yuzasidan 2 nusxada davlat tilida ma'lumotnoma tuziladi (zaruratga ko‘ra boshqa tillarda ham tuzilishi mumkin). Ma'lumotnomada qonunbuzilishi holatlari yoxud ularning mavjud emasligi aks ettiriladi. Ma'lumotnoma ishchi guruh rahbari va a'zolari, shuningdek NNT rahbari tomonidan imzolanadi.
Ta'sir choralari
Adliya organi rahbari monitoring qilish yoki o‘rganish o‘tkazish natijalariga ko‘ra quyidagi ta'sir choralarini ko‘rishga haqli:
• NNTlar faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish to‘g‘risida belgilangan muddatlarda bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish, ta'sis hujjatlarini va qonun hujjatlarini buzganligi uchun mansabdor shaxslarni belgilangan javobgarlikka tortish uchun, shuningdek ularning aybi bilan davlatga yoki NNTga yetkazilgan moddiy zararni qoplash bo‘yicha yuqori turuvchi organlarga yoki sudga murojaat qilish;
• siyosiy partiyalarning ustavlarida nazarda tutilgan faoliyatini davlat tomonidan moliyalashtirishni to‘xtatib turish yoki tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilish;
• NNTlarning chet el fuqarolari bo‘lgan xodimlarini, shuningdek ularning qaramog‘idagi oila a'zolarini, ular tomonidan O‘zbekiston qonun hujjatlari buzilgan hollarda akkreditatsiyadan mahrum qilish;
• qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa ta'sir choralarini amalga oshirish.
Hujjat 10.08.2018 yildan kuchga kirdi.
Mavzuga oid
13:58 / 21.05.2025
NNTga ekologik loyihalar uchun davlat ijtimoiy buyurtmasi beriladi
15:20 / 05.03.2025
O‘zbekistonda anderrayting faoliyati to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi
16:46 / 26.08.2024
Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi
21:51 / 04.06.2024