Sport | 22:00 / 14.08.2018
4424
3 daqiqa o‘qiladi

Fernando Alonso «Formula-1»ni tark etmoqda

Foto: PA Images/TASS

«Formula-1» poygalarida ikki bor jahon chempioni, «McLaren» jamoasi a'zosi Fernando Alonso mavsum yakunida poygalarni tark etadi va 2019 yilda «Qirollik poygalari»da ishtirok etmaydi. Bu haqda britaniyaliklar jamoasining matbuot xizmati xabar bergan.

«McLaren tasdiqlaydiki, Fernando 2019 yilda «Formula-1» poygalarida ishtirok etmaydi», deyilgan xabarda.

«Fernando - nafaqat bizning jamoaning, balki «Formula-1»ning yetakchi poygachisidir. U avtopoygalarda 17 yilni o‘tkazdi, u o‘z avlodining eng yetakchi poygachilaridan biri. Ammo har ishning o‘z vaqti soati keladi, Fernando ham ketishga qaror qildi. U ayni vaqtda yaxshi sport formasida bo‘lsada, biz uning qarorini hurmat qilamiz. U joriy chempionatda qolgan 9 poygada ishtirok etadi», degan «McLaren» ijrochi direktori Zak Braun.

«Bu ajoyib sportdagi 17 yildan keyin men uchun o‘zgarishlar vaqti keldi (...) Qolgan poygalarda bor imkoniyatimni ishga solgan holda ishtirok etaman. Ko‘ramiz, kelajak menga yana nimalarni tayyorlab qo‘ygan ekan. Men o‘z hayotimning eng qizg‘in davrlarini yashadim, ammo sarguzashtlar davom etadi. Men bir necha oy oldin qaror qabul qilib bo‘lganman. Bu yakuniy qaror», degan Alonsoning o‘zi.

Ayni vaqtda 37 yoshda bo‘lgan ispaniyalik sportchi «Formula-1»da 17 yil o‘tkazdi. U bu davr mobaynida 302 poygada qatnashib, 32 poygada g‘olib bo‘ldi, ikki marta jahon chempioniga aylandi (Renault jamoasi tarkibida 2005 va 2006 yillarda), uch marta ikkinchi bo‘ldi (Ferrari jamoasi bilan 2010, 2012 va 2013 yillarda) va bir marta uchinchi o‘rinni egalladi (McLaren jamoasi safida 2007 yilda).

Ayni vaqtda Alonso 2018 yilgi jahon chempionatida shaxsiy hisob bo‘yicha to‘qqizinchi o‘rinda bormoqda.

Alonso ilgari avtosportda «Uchtalik toj»ni yutish niyatida ekanligini ko‘p bor aytgandi. Buning uchun poygachi faoliyati davomida «Formula-1»da Monako Gran-prisini, «Indycar» turkumidagi «Indi 500» va «Le-Mandagi 24 soat» poygasini yutishi lozim. Tarixda buni faqatgina bir poygachi – britaniyalik Grem Hill uddalagan. Alonso 2006 va 2007 yillarda Monako Gran-prisida g‘alaba qozongan, bu yil esa «Le-Mandagi 24 soat» poygasida g‘olib bo‘ldi.

Mavzuga oid