Jahon | 15:23 / 14.08.2018
47625
2 daqiqa o‘qiladi

«iPhone’ga boykot!» - Erdo‘g‘an AQShdan qasos olishni taklif qildi

Foto: Lefteris Pitarakis / AP

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Anqarada milliy valyuta kursining qadrsizlanishi fonida bayonot bilan chiqdi. U AQShga «iqtisodiy urush» olib borilayotgani tufayli Amerika gadjyetlari importiga taqiq qo‘yish taklifi bilan chiqdi, deya xabar beradi Bloomberg.

Erdo‘g‘anning ma'lum qilishicha, «Turkiyaga qarshi iqtisodiy urushni boshlaganlar uning uchun to‘lov to‘lashi kerak». Shu bilan birga, Turkiya prezidentining ta'kidlashicha, AQShning iqtisodiy sohadagi tajovuzkor harakatlari nafaqat Turkiya, balki qator boshqa mamlakatlarga ham ta'sir ko‘rsatyapti. Vashingtonning harakatlaridan zarar ko‘rgan davlatlar orasida u Rossiya, Xitoy va Kanadani tilga oldi.

AQSh harakatlariga ehtimoliy javob sifatida Erdo‘g‘an Amerika elektron mahsulotlarini boykot qilish va milliy ishlab chiqaruvchilarni rivojlantirish haqida gapirdi.

«Biz chet el valyutasiga sotib olinayotgan narsalardan yaxshiroq mahsulotlarni ishlab chiqaramiz va sotamiz. Biz Amerika elektronikasini boykot qilamiz», - deya Erdo‘g‘anning so‘zlarini keltirgan Anadolu.

U dunyoda AQShda ishlab chiqarilgan qurilmalar uchun muqobil variantlar mavjudligini eslatdi.

«Ularda iPhone bo‘lsa, boshqa tomondan Samsung ham bor», - deya ta'kidlab o‘tdi u.

Turkiya rahbarining fikricha, mamlakatga qarshi «iqtisodiy urush»ga sabab uning yuqori iqtisodiy ko‘rsatkichlari, ayniqsa, yuqori YaIM darajasi bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya liraning qulashi bo‘yicha maxsus reja ishlab chiqqani xabar berilgandi.

Mavzuga oid