Jamiyat | 21:01 / 14.08.2018
73646
3 daqiqa o‘qiladi

Sun'iy tishlar saratonga sabab bo‘lishi mumkinmi?

Inson salomatligi doim birlamchi hisoblanib kelgan. Shundan kelib chiqib, Kun.uz tahririyati «Sog‘lom hayot» loyihasini qayta yo‘lga qo‘ydi. Kasalliklarning kelib chiqishi va foydali muolajalar borasidagi ma'lumotlar hamda shifokor tavsiyalari berib boriladigan loyihaning mazkur soni uchun stomatologiya yo‘nalishi tanlab olindi.

Kun.uz muxbirining ko‘p uchraydigan tish kasalliklari, sun'iy tishlar o‘rnatish va aql tishlar bilan bog‘liq savollariga Toshkent davlat stomatologiya institutining Bolalar yuz-jag‘ jarrohligi kafedrasi dotsenti Abduazim Yuldashev javob beradi.

Og‘iz bo‘shlig‘ida yo‘q tishlar o‘rnini nima hisobiga to‘ldirish tavsiya etiladi?

Hozirgi kunda keng qo‘llanilayotgan dental implantantlar yordamida tish qatorlarini to‘ldirish mumkin. Bunda bemor dastlab kompyuter tomografiyasi orqali tekshiruvdan o‘tkaziladi. Bu orqali yuqori va pastki jag‘larning implantantlar o‘rnatish uchun qay darajada tayyor ekanligi, ularning nuqsonlari bor yoki yo‘qligi aniqlanadi va tish shablon holatda kompyuterda qo‘yib ko‘rsatiladi. O‘lchamlari to‘g‘ri tushirilib, kerakli tavsiyalar berilgandan so‘ng amaliyotga kirishiladi.

Tish implantantlarini qo‘ydirishda yosh cheklovi yoki boshqa taqiqlar bormi?

Bu amaliyotdan foydalanish 16-17 yoshdan keyin tavsiya etiladi, yuqori yosh chizig‘i esa aniq chegaralanmagan. Qandli diabetdan aziyat chekadigan bemorlar uchun tish implantantlaridan foydalanmaslik maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Dental implantantlar saratonga sabab bo‘lishi mumkinmi?

Amaliyot biron kasallikka (jumladan, saratonga ham) sabab bo‘lmaydi – dental implantantlar inson organizmi uchun xavfsiz bo‘lgan titan metalidan ishlangan. Bemor suyagining zinchligiga qarab, uning ustiga qo‘yiladigan tishning vaqti turlicha bo‘ladi.

Aql tishlarini oldirish kerakmi?

Aql tishlari ko‘p hollarda gorizontal, ya'ni noqulay tarzda chiqadi. Bu bir qancha zararli oqibatlarga olib kelishi mumkin: yonma-yon joylashgan tishga bosim o‘tkazadi, ovqat qoldiqlarining milk kavaklarida qolib ketishiga sabab bo‘ladi, kariyesni keltirib chiqaradi va og‘iz bo‘shlig‘ida yallig‘lanishni yuzaga keltiradi. Agarda aql tishlar to‘g‘ri shaklda chiqib, chaynov funksiyasi mavjud bo‘lsa, ularni saqlab qolish mumkin.

Tibbiyotga doir yana qanday ma'lumotlarga ega bo‘lishni xohlardingiz? Fikrlaringizni izohlarda qoldiring.

Mavzuga oid