Jahon | 07:50 / 15.08.2018
39480
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy xorijda yashovchi uyg‘urlarni qo‘rqitayotgani ma'lum qilindi

Foto: EPA

Xitoy boshqa davlatlarda, shu jumladan, Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashaydigan musulmonlar fuqarolarini doimo kuzatib bormoqda. Bu haqda The Daily Beast yozmoqda.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, Xitoy hukumati hozirgi kunda XXRdan tashqarida yashaydigan uyg‘urlarning global reyestrini yaratmoqda. Ular fuqarolardan turli axborot va shaxsiy ma'lumotlarni taqdim etishni talab qilishmoqda, bunda ularning vatandagi yaqin kishilariga bosim o‘tkazilmoqda. Bularning barchasi etnik ozchiliklarni kuzatib borish va qo‘rqitish bo‘yicha keng miqyosli kampaniya doirasida amalga oshirilmoqda, deya aniqlik kiritadi resurs.

AQShda yashovchi uyg‘ur ayolning aytishicha, bir necha oy oldin unga Xitoydan onasi qo‘ng‘iroq qilgan va bir nechta hujjatlarni jo‘natishni so‘ragan. Talab qilingan hujjatlar orasida Amerika bank kartasi raqami, telefon raqami, shaxsni tasdiqlovchi hujjat fotosi, shuningdek, avtomobil raqami bo‘lgan. «Uning ovozini eshitib, rasmiylar unga bosim o‘tkazayotganini tushunib yetdim. Uning xavfsizligi uchun men rozi bo‘ldim», - deya aniqlik kiritdi ayol. Yakunda ayol faqat Xitoy bank kartasidan foydalanishi va mashina boshqarmasligini aytib, aldashga majbur bo‘lgan.

Yaqin vaqtdan boshlab bunday talablar Xitoydan tashqarida istiqomat qiluvchi boshqa uyg‘urlarning qarindoshlari orqali paydo bo‘la boshladi. Ba'zi talabalardan universitet bilan shartnoma nusxasini yoki ilmiy rahbarning xatini yuborish so‘ralgan. Nashrning yozishicha, ko‘pincha bunday holat mamlakatda qolgan oilaga mahalliy politsiyachilar yoki amaldorlar tashrif buyurganidan keyin yuzaga kelgan.

Ta'kidlanishicha, talablar boshqa mamlakatlar fuqarolari bo‘lgan uyg‘urlarga ham yuborilmoqda. Hech qanday kasb uchun istisnolar yo‘q. «Ular bizga: «Sizni kuzatyapmiz», deyishmoqda. Agar siz chet elda bo‘lsangiz ham, bu ular siz bilan hech narsa qila olmaydi, degani emas. Chunki ular sizning do‘stlaringiz, qarindoshlaringizni biladilar», - deya ma'lum qildi Vashington aglomeratsiyasida yashovchi uyg‘urlardan biri.

Mavzuga oid