O‘zbekiston | 19:33 / 16.08.2018
77919
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahridagi «maska shou»ga izoh berildi​

​Toshkent shahar IIBB kafedagi «maska shou»ga izoh berib, masalaga oydinlik kiritmoqda. Bu haqda Kun.uz muxbiri shahar IIBB Matbuot xizmati tarqatgan ma'lumotga tayanib xabar bermoqda. 

«Ichki ishlar organlari umumiy ovqatlanish joylari va tungi soatlarda xizmat ko‘rsatuvchi kafe-klublarning ishlash soatlarini belgilamaydi. Bu bo‘yicha hukumat tegishli hujjatni e'lon qilgan. IIB xodimining vazifasi o‘ziga yuklatilgan vazifalar hamda belgilangan qonun, hukumat e'lon qilgan hujjatlarni amalga oshirilishiga ko‘mak beradi. 

Joriy yil 1 iyuldan boshlab, Toshkent shahrida «Xavfsiz poytaxt» konsepsiyasi asosida Toshkent shahar IIBB, Milliy gvardiya va jamoatchilik guruhlarining hamkorlikdagi uzluksiz patrullik tizimi yo‘lga qo‘yildi. Unga ko‘ra, 3 smenali patrul guruhlari shahar osoyishtaligini ta'minlashga mas'ul etib tayinlangan», deya masalaga oydinlik kiritdi IIB rasmiy vakili. 

Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama etilayotgan videodagi voqea qachon sodir bo‘lgani noma'lum, ammo joyi aniq. 

«Toshkentdagi «Letniy sad» va «Vachach» klublari kuzatuv kamerasiga tushib qolgan tasvirlar ayrim hollarda noto‘g‘ri talqin etilmoqda. Masalan, bu jarayonni rejalashtirilgan reyd, deb bo‘lmaydi. Bu joyga yetib kelgan IIB xodimlari ham «Xavfsiz poytaxt» konsepsiyasi bo‘yicha harakatlanib borayotgan patrul guruhidan bo‘lgan. Uchastka profilaktika noziri aholining osoyishta dam olishiga xalaqit qilayotgan kafe mutasaddilari bilan suhbatlashishga harakat qilgani zoye ketgach, patrul guruhi xodimlari ko‘makka kelgan. Ammo, eshik ular uchun ham ochilmadi, go‘yo hech qanday tartib va qoidani bilmasligini aytgan qo‘riqchilar militsiya xodimining qonuniy talabiga bo‘ysunmagan. 

Shuningdek, ovqatlanish zalida o‘tirgan ayrim xo‘randalar ham qonuniy talabni bajarishdan bosh tortdi. Huquq-tartibot organlari xodimlari xavfsizlik nuqtai nazaridan kuch ishlatishga majbur bo‘lgan. Shunga qaramay, tasvirda tartibli oilaning qonuniy talablarga bo‘ysunib, ovqatlanishni tugatgach, binodan chiqib ketayotganini ham ko‘rish mumkin», deydi Toshkent shahar IIBB rasmiy vakili. 

Ma'lum qilinishicha, garchi IIB xodimlari harakati qonun doirasida amalga oshirilgan bo‘lsa-da, xodimlarning faoliyatini yanada sifatli darajaga olib chiqish maqsadida, ularga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, Bosh vazir A.Aripov raisligida 11 avgust kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida aholi tinchligini ta'minlash maqsadida alkogol mahsulotlari savdosi tungi soat 21:00gacha, umumiy ovqatlanish shoxobchalarida 22:00gacha sotilishi masalasi ko‘rib chiqilgan.​ Toshkentda umumiy ovqatlanish maskanlari va ko‘ngilochar maskanlar tungi soat 23:00 gacha o‘z ishini yakunlashi borasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda. ​

Shuningdek, 13 avgustdan boshlab Farg‘ona viloyati hududida spirtli ichimliklar savdosi soat 21:00dan to‘xtatildi. Viloyat hokimining farmoyishi bilan viloyat hududidagi umumiy ovqatlanish muassasalari, restoran, kafe, bar va tungi klublar (mehmonxonalar bundan mustasno) mahalliy vaqt bilan soat 22:30dan yopilishi bildirildi.

Mavzuga oid