Light | 19:40 / 20.08.2018
18057
7 daqiqa o‘qiladi

Kasbni o‘zgartirish vaqti kelgani anglab yetilganda nima qilish kerak?

Kasbni o‘zgartirishning kechi bo‘lmaydi. Asosiysi — buni to‘g‘ri va ongli ravishda amalga oshirish, deydi RF «Netologiya» raqamli kasblar universitetining Karerani rivojlantirish markazi rahbari Anna Davidova "Layfxaker"dagi maqolasida.

Zamonaviy dunyoda ba'zi kasblar asta-sekin yo‘qolib ketayotgan bo‘lsa, yangilari paydo bo‘lmoqda. Insonning bir necha marta professional sifatida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishi tabiiy holat. Chuqur nafas oling, atrofga boqing, siz yolg‘iz emasligingiz aniq. Endi esa ishga kirishamiz.

Foto: Getty Images

O‘zgarishlar haqida o‘ylaymiz

Nima uchun kasbingizni o‘zgartirishga qaror qilganingiz haqida o‘ylab ko‘ring. O‘z maqsadingizni shakllantirishga harakat qiling. O‘zingizga o‘zingiz savol bering: "Bu o‘zgarishlardan nimani kutyapman? Bu nimasi bilan men uchun muhim? Istaganimga erishganimni qanday tushunib yetaman?" Bu savollarga ovoz chiqarib javob bering, biroz fikr yuriting.

Mehnat qilishga kirishing. Yangi kasbni tanlash ham — mehnat. Birov bu ishni o‘rningizga bajarmaydi. Hatto shunday bo‘lgan taqdirda ham, u sizga yoqishi amri mahol. Oliy o‘quv yurtini o‘z qiziqishiga emas, ota-ona istagiga ko‘ra tanlaganlar bilan bog‘liq vaziyatni yodga oling. Yangilikning yaxshi tomoni shundaki, bu ofisdagi mashaqqatli mehnat emas, qiziqarli tadqiqotdir.

Yangi ishga moliyaviy va axloqiy jihatdan tayyorlaning. Yangi kasbga kirishguningizgacha bo‘lgan vaqt uchun "xavfsizlik yostig‘i"ni yarating. Ish beruvchi tajribali xodimiga nisbatan sizga yosh mutaxassis sifatida kamroq ish haqi taklif qilish ehtimoli mavjud.

Foto: consejos

Faoliyat yo‘nalishini tanlaymiz

Buning uchun:

  • Shaxs turini aniqlashga mo‘ljallangan testlardan foydalaning. Masalan, MBTI yoki DISC. Ular sizni fe'l-atvoringizga yaqinroq bo‘lgan kasblarga yo‘naltirib, qanday pozitsiyalarda o‘zingizni noqulay his qilishingizga oid ma'lumotlarni taqdim etadi.
  • Qanday ish bilan shug‘ullanish sizga yoqishi haqida o‘ylang va yozing. Maxsus daftar tutib, ikki hafta davomida unga turli mashg‘ulotlar vaqtida o‘zingiz kechirgan hissiyotlaringiz haqida yozib boring. Nima uchun  tonggi soat 5:00da turishga tayyor bo‘lar edingiz? Bu davrda har doimgidan farqli ish qilishga urinib ko‘ring: yangi yo‘ldan yuring, odamlar bilan tanishing, noodatiy xobbi orttiring.
  • Yangi kasblar haqida ma'lumotlarni o‘qing. Hozir ko‘p yo‘nalishlarda avtomatlashuv, onlayn tizimga o‘tish va raqamli mahsulotlarni rivojlantirish tendensiyasi kuzatilmoqda. Kelajak mana shunday kasblarning ortida, yaqin 10-15 yilda ular talabgor bo‘lishi aniq.
  • Yangi kasbda mavjud ko‘nikmalaringizdan qaysilarini qo‘llashingiz mumkinligi haqida o‘ylab ko‘ring. Ehtimol, kompaniyani emas, shunchaki bo‘limni o‘zgartirish kerakdir. Yoki bo‘lmasa, kasbingizni "apgreyd" qilish imkoni bordir. Masalan, kundalik ishlardan charchagan HR-menejyerdan digital-mahsulotchiga aylanish va dasturchilar jamoasi bilan bir xillikdan xalos qiluvchi bot ishlab chiqish.
  • Yon-atrofingizdagi kasbini o‘zgartirgan kishilar tarixiga qiziqib ko‘ring. Bu birovning tajribasini ko‘chirish degani emas. Biroq tadqiqot bosqichida har qanday imkoniyat ortiqchalik qilmaydi.
  • Ehtimoliy kasblar variantlaridan iborat ro‘yxat tuzing.

Gipotezalarni tekshiramiz

Endi keltirilgan kasblardan qay biri sizga to‘g‘ri kelishi mumkinligini tekshiramiz. Buning uchun karera prototiplari uslubidan foydalanish mumkin. Prototip — professional transformatsiyalarning minimal versiyasi. Qisqa qilib aytadigan bo‘lsak: restoran biznesi sizga to‘g‘ri kelishi yoki kelmasligini tushunish uchun unga pul tikib kirishish shart emas. Bu gipotezani tekshirish uchun kafega menejyer bo‘lib joylashishning o‘zi kifoya. Quyidagilar bunday prototip bo‘lishi mumkin:

  • Kompaniyaning boshqa bo‘limida amaliyot o‘tash. Rahbar bilan haftasiga bir necha marta boshqa bo‘limda ishlash imkonini muhokama qiling.
  • Yangi yo‘nalishdagi mutaxassislar bilan muloqot qilish. Bu anjumanlardagi yuzma-yuz uchrashuvlar yoki Facebook'dagi mutaxassislar muloqoti bo‘lishi mumkin. Ular bilan kasbga qanday kirib kelgani, nima bilan shug‘ullanishi va rivojlanish istiqbollarini muhokama qiling.
  • O‘quv kursi. Masalan, «Netologiya» internet-kasblar universitetida digital-kasblarga doir bepul yoki pulli kurslar: yangi ko‘nikmalar, amaliyot, yangi soha professionallari va hamfikrlar jamoasi bilan muloqot qilish. Bu kasbga tez kirishish va kurs hamda amaliyot doirasida yangi ishda o‘zingizni sinab ko‘rish imkoni. Bunday yondashuvda o‘quv kursidan keyin tezda ish topish mumkin bo‘ladi.

Prototip mazmuni shundan iboratki, siz yangi sohaga ko‘p vaqt va kuch sarflamaysiz, kichik qadamlar bilan borasiz. Uddasidan chiqdingizmi? Juda yaxshi, davom etamiz. Bu "sizning sohangiz" emasligini tushunib yetdingizmi? Hechqisi yo‘q, sizda kamida yangi ko‘nikmalar va gipotezalar ro‘yxati bor, keyingisiga o‘tamiz.

Foto: ra2ed

Yoqimli layfxaklar

Jonga tekkan ishni har qancha tashlagingiz kelsa ham, shoshilmang. Sovuqqon fikrlash yaxshi o‘ylanmagan xatti-harakatlardan saqlaydi. Tajribalarning ko‘rsatishicha, kasbni asosiy ishdan uzilmagan holatda, asta-sekinlik bilan o‘zgartirish mumkin.

  • O‘quv kursini ishni tashlamagan holatda o‘tash mumkin.
  • Kompaniya ichida yo‘nalishni o‘zgartirish imkoni haqida unutmang.
  • O‘zingizni frilansda sinab ko‘rishingiz yoki qisman bandlikka o‘tishingiz mumkin.

Xulosalar

  • Nimanidir o‘zgartirish kerakligini tushunib yetgan bo‘lsangiz, o‘zgartiring, lekin oldindan yaxshilab reja qiling.
  • O‘zingiz va xususiyatlaringizni o‘rganing, bu ishni sizning o‘rningizga hech kim bajarmaydi.
  • Bozorda mavjud imkoniyatlarni o‘rganing.
  • Eng qiziq yo‘nalishlarni tanlang, gipotezalarni sinovdan o‘tkazish va prototiplarni ishlab chiqishni boshlang.
  • Kurash davomida o‘rganing va yangi ko‘nikmalarni sinab ko‘ring.

Mavzuga oid