Jamiyat | 20:28 / 20.08.2018
13517
4 daqiqa o‘qiladi

Noaniq kasallik girdobidagi Stepan ko‘makka muhtoj

Xastalik inson boshiga kelgan qiyin sinovlardan biridir. Ammo, bu xastalik noaniq, mavhum bo‘lsa-chi? Yillar davomida azob torsang-u, lekin nega azob tortayotganingni bilmasang. Og‘ir sinov, shunday emasmi?

Tahririyatimizga kelgan navbatdagi murojaat sabab Chirchiq shahrida bo‘lib qaytdik. Murojaat yo‘llagan inson bemorning onasi Marina Zamorina edi.

Bu ayol o‘g‘li Stepan Zamorinning salkam to‘rt yildan beri noma'lum kasallik bilan kurashayotgani va haligacha bizdagi shifokorlar tashxis qo‘yib bera olishmayotgani sabab murojaat qilishga majbur bo‘lganini aytdi.

«O‘g‘limning sog‘lig‘i yomonlasha boshlagach, yarim yilga yaqin bormagan shifoxonamiz qolmadi. Hech kim tashxis qo‘yib berolmadi. Shundan so‘ng, onkologiyaga bordik. «Nexodjkinskaya limfoma» tashxisini qo‘yishdi. Jami bo‘lib 16 marta ximiyaterapiya oldi, lekin foydasi bo‘lmadi. Kurashishda davom etdik. Oldin Toshkent shahar Qo‘yliq massivida yashardik. U yerdagi kvartirani sotdim. Menga farzandim kerak-ku, axir», deydi bemorning onasi.

Shifokorlar tomonidan limfoma tashxisi bo‘yicha muolajalar o‘z samarasini bermaydi. Qimmat dori-darmonlar behuda sarflanadi. Shundan so‘ng, shifokorlar yaqinda turk mutaxassislar kelishini va ularni kutishni taklif qilishadi. Turk mutaxassislari konsilium (shifokorlar muhokamasi) o‘tkazishadi va to‘liq tekshiruvdan o‘tkazish lozimligi haqida xulosaga kelishadi. Bunday tekshiruvni o‘tkazish uchun eng arzon va yaqin hudud Hindiston ekan.

«Hindistonlik shifokorlar bilan gaplashdik. To‘liq tekshiruv o‘tkazib tashxis qo‘yib beramiz, deyishdi. Kasallik shunchaki yashirin turi. Tashxis qo‘yilsa, davolash qiyin emas deyishmoqda. Ammo, buning uchun 4-5 ming dollar atrofida xarajat ketar ekan. Endi mablag‘im qolmadi, lekin olib borishim kerak. Axir, 5 yildan beri qiynalib ketdi o‘g‘lim. Men o‘zim ham bir necha bor insultni boshimdan o‘tkazganman. Shifokorlar yana bir marta xuruj bo‘lsa, endi buni ko‘tara olmaysan, deyishmoqda. Agar biron narsa bo‘lsa unga kim qaraydi. Faqat ikkimiz qolganmiz», deya ko‘zlariga yosh oldi bemorning onasi.

Ayni paytda Stepanning ahvoli o‘zgarishsiz holatda. Hamon mavhumlik. Texnologiyalar yetarli emasligi sabab noaniq kasallik azob berishda davom etmoqda. Ona esa o‘zini qayoqqa urishni bilmaydi. Ammo, kelajakdan noumid emas.

Xayr-ehsonning hasanotlari behisobdir. Aziz yurtdoshlar, hayotning achchiq-chuchuklarini boshidan o‘tkazayotgan vatandoshlarimizga ozgina madad beraylik. Bir inson yana oramizga qaytishiga o‘z hissamizni qo‘shaylik.

Ushbu xayriya kerakli mablag‘lar yig‘ilganligi sabab tugatildi. Muruvvatli xalqimizga ijodiy guruhimiz o‘z tashakkurini bildiradi!

Bahodir Ahmedov tayyorladi

Mavzuga oid