Sport | 16:46 / 27.08.2018
36457
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston OTJ Osiyo o‘yinlaridagi yurishini chorak finalda to‘xtatdi

Osiyo o‘yinlari futbol musobaqasining eng markaziy o‘yinlaridan biri –O‘zbekiston – Janubiy Koreya bahsi chempionlar kurashi bo‘ldi, deyish mumkin. Ravshan Haydarov boshchiligidagi jamoa yil boshida Osiyo chempionatida g‘olib bo‘lgan, koreyslar esa Jakartaga Osiyo o‘yinlarining amaldagi g‘olibi sifatida tashrif buyurgandi.

Foto: Hasan Pirmuhammedov
Foto: Hasan Pirmuhammedov

O‘zbekiston olimpiyachilarining bu galgi raqibi avvalgi to‘rtta terma jamoadan mutlaqo farq qilishi, o‘yinning qiyin o‘tishi oldindan ma'lum edi. Uchrashuvning ilk daqiqalaridanoq bu o‘z isbotini topdi –3 hujumchi bilan tushgan Janubiy Koreya tezkor gol bilan hisobni ochdi. 5-daqiqada 26 yoshli Son Xyong Minning pasidan so‘ng 25 yoshli Xvang Ui Jo darvozabonimizni dog‘da qoldirdi.

Goldan so‘ng O‘zbekistonning o‘yinida pasayish kuzatilmadi. Shuning natijasi o‘laroq, oradan chamasi 10 daqiqalar o‘tib hisob tenglashdi. Ushbu vaziyatda jarima maydoni markazida turgan Masharipov negadir koreys himoyachilarining e'tiboridan chetda qolgandi. Ikki-uch raqib qurshovida turganiga qaramay Jaloliddinga to‘pni uzata olgan Dostonbek Hamdamovning harakatlariga ham tahsin aytsa arziydi.

35-daqiqada yana o‘sha «Gamba Osaka» a'zosi Xvang Ui Jo katta sahnaga chiqdi. Uning jarima maydoni tashqarisidan turib bergan kuchli va aniq zarbasi qarshisida Botirali Ergashev ojiz qoldi – 1:2. Birinchi taym shu hisobda yakun topdi.

Foto: Hasan Pirmuhammedov

Ikkinchi taymda O‘zbekiston terma jamoalari uchun u qadar ham odatiy bo‘lmagan quvonarli holat ro‘y berdi – bir o‘yinda ikki marta hisobda ortda borayotib, iroda ko‘rsatgan holda yana oldinga o‘tib oldik. Bu kuchli raqibga qarshi o‘yinda kuzatilganini ham alohida ta'kidlash kerak. Xullas, 53- va 56-daqiqalarda Ikrom Aliboyevdublga erishib, turnir to‘purarligi uchun da'vogarlardan biriga aylandi.

Biroq bu hali hammasi emasdi. Janubiy Koreya qishda bo‘lgan Osiyo chempionati yarim finalidagi alamidan chiqish uchun bor kuchi bilan kurashni davom ettirdi. Pirovardida 75-daqiqaga kelib hisob yana tenglashdi. Ilk daqiqalardan boshlab faqat yuqori tempda o‘yin ko‘rsatishga uringan har ikkala terma jamoa vakillari ham bu vaqtga kelib charchab qola boshlashgan, natijada to‘p bilan muomalada xatolar ko‘zga tashlanib, raqibga bo‘sh zonalar qoldirilayotgandi. Shunday vaziyatlardan birida Ashurmatovning qo‘pol xatosini tajribali Xvang Ui Jo kechirib o‘tirmadi – 3:3. Bu Yaponiya Jyey-ligasi vakilining turnirdagi 8-goli, ikkinchi xet-trigi edi.

Foto: Hasan Pirmuhammedov

Asosiy vaqt shu hisobda yakun topgach, qo‘shimcha bo‘limlarga murojaat qilindi. Ikkinchi bo‘lim o‘rtalaridagi xatosi sabab hisob tenglashgan Rustam Ashurmatov bu safar juda oddiy vaziyatda raqibga qo‘pollik ishlatib, penaltiga sabab bo‘ldi. 118-daqiqa, Xvang Xi Chan va hisob 3:4.

Endi Janubiy Koreya terma jamoasi final yo‘lida Suriya – Vetnam juftligi g‘olibi bilan kurashadi. Ravshan Haydarov jamoasi esa musobaqadagi ishtirokini chorak finalda to‘xtatdi.

Eslatib o‘tamiz, 4 yil oldin Incheondagi Osiyo o‘yinlarida olimpiya terma jamoamiz nimchorak finalda 90+5 daqiqada gol o‘tkazib yuborib, Saudiya Arabistoniga imkoniyatni boy bergandi (2:3).

Foto: Hasan Pirmuhammedov

Osiyo o‘yinlari, chorak final
O‘ZBeKISTON – JANUBIY KOReYa – (3:4)

Bekasi. «Patriot Chandrabaga» stadioni
Gollar: Jaloliddin Masharipov (17), Ikrom Aliboyev (53, 56) – Xvang Ui Jo (5, 35, 75), Xvang Xi Chan (118)
O‘zbekiston: 1. Botirali Ergashev, 2. Rustam Ashurmatov, 20. Doston Tursunov, 4. Akrom Komilov, 5. Abbos Otaxonov, 7. Odilbek Hamrobekov, 14. Ikromjon Aliboyev, 6. Jaloliddin Masharipov (19. Andrey Sidorov, 120+1), 17. Dostonbek Hamdamov (11. Bobur Abdixoliqov, 68), 10. Javohir Sidiqov (18. Xurshid G‘iyosov, 85), 9. Zabihillo O‘rinboyev (16. Doniyor Narzullayev, 114).
Janubiy Koreya: 1. Song Bum Kun, 2. Xvang Xyun Su, 3. Kim Min Jae, 4. Kim Jin Ya (20. Kim Jung Min, 114), 6. Kim Mun Xvan, 7. Son Xon Min, 10. Xvang In Bom, 11. Na Sang Xo (9. Xvang Xi Chan, 46), 14. Jang Yun Xo (8. Li Jin Xu, 22), 15. Li Song Mu (17. Li Song Vu, 61), 16. Xvang Ui Jo.
Ogohlantirishlar: Hamdamov (42), Ashurmatov (68), Aliboyev (85, 101), Tursunov (117) – Li Song Vu (94), Kim Min Jae (105+1), Xvang Xi Chan (119), Li Jin Hyun (120+3)
Chetlatish: Aliboyev (101 – 2SK), Masharipov (120+4)
Bosh hakam: Muhammad Al-Hoish (Saudiya Arabistoni)

Mavzuga oid