O‘zbekiston | 18:15 / 05.09.2018
10247
3 daqiqa o‘qiladi

Maqom O‘zbekiston brendi sifatida dunyoga tanilmoqda

Maqom O‘zbekiston brendi sifatida dunyoga tanilmoqda. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi shu haqida xabar berdi

Shahrisabz shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 6-10 sentabr kunlari I Xalqaro maqom forumi o‘tkazilmoqda. Shu maqsadda sohibqiron Amir Temurning mahobatli haykali o‘rnatilgan Oqsaroy maydoni hududida har bir viloyatning o‘ziga xos milliy urf-odat va an'nalari, tarixiy obidalarini aks ettiruvchi namunalar o‘rnatilgan. Bu yerda turli sahna ko‘rinishlari, milliy kuy-qo‘shiqlar, yallayu laparlar ijro etilmoqda.

Xalqaro maqom san'ati anjumanida 75 davlatdan 300 dan ortiq san'atkorlar ishtirok etish istagini bildirgan. Mahalliy elektron va bosma OAV vakillaridan tashqari ko‘plab chet el ommaviy axborot vositalari xodimlari mazkur anjumanni yoritish uchun ro‘yxatdan o‘tgan.

Ayni paytda I Xalqaro maqom forumi ishini ommaviy axborot vositalarida yoritish uchun maxsus tashkil etilgan Matbuot markazi mahalliy va xalqaro jurnalistlar bilan gavjum. U yerda “Rossiya 1” telekanali, Turkiyaning TRT telekompaniyasi ijodkorlari hamda 20 dan ortiq mahalliy OAV vakillari ish olib bormoqda.

Foto: O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi

"Anjumanni yuksak saviyada o‘tkazish uchun puxta tayyorgarlik ko‘rilgan, – deydi “Rossiya 24” telekanali jurnalisti Robert Frantsev. – Oqsaroy hududida mamlakat viloyat va shaharlarining diqqatga sazovar joylari, tarixiy obidalari, milliy urf-odat va an'analari namunalari tashkil etilgani tadbirga o‘ziga xos mazmun bag‘ishlamoqda. Bu menda katta taassurot qoldirdi. Maqom san'ati O‘zbekistonning milliy brendi sifatida dunyoga tanilishi, shubhasiz".

Ta'kidlash joizki, jurnalistlarga ma'lumot olishda qulaylik yaratish maqsadida Anjumanning rasmiy www.maqomforum.uz sayti ishga tushirilgan. Ushbu saytdan tadbir haqida nafaqat eng so‘nggi yangilik va ma'lumotlarni, balki foto va videomateriallarni ham olish mumkin.

Mavzuga oid