Jamiyat | 12:04 / 06.09.2018
348744
5 daqiqa o‘qiladi

«Grija»ni jarrohlik amaliyotisiz ham davolash mumkinmi?

KUN.UZ tahririyati va O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda «Sog‘lom hayot» loyihasi olib borilmoqda. Unda inson salomatligi bilan bog‘liq turli mavzularda oliy toifali shifokorlar bilan suhbat, ularning tavsiyalari berib borilmoqda. Bugungi mavzu xalq tilida «grija» deb ataladigan umurtqa pog‘onasi churrasining vujudga kelishi, uning oldini olish va davolash haqida. Suhbatdoshimiz tibbiyot fanlari doktori, vertebrolog Alisher Sattorov.

Shifokorlarning og‘ir ko‘tarmaslik, organizmni haddan ziyod zo‘riqtirmaslik yoki keskin va qaltis jismoniy harakatlar qilmaslik kabi maslahatlariga hamma ham amal qilavermaydi. Sog‘lig‘imizga bee'tiborligimiz oqibatida esa jiddiy muammolarga duch kelishimiz ehtimoli oshadi. Umurtqa pog‘onasi churrasining vujudga kelishi ham ana shunday muammolardan biri.

Youtube'da ko‘rish

Mover.uz'da ko‘rish

Disk churrasi xastaligi

Disk churralari yoki disk siqilishlari - suyak mushak tizimidagi degenerativ-distrofik kasallik bo‘lib, fibroz xalqaning yorilishi tufayli umurtqalararo disk pulpoz yadrosining atrofga siljishiga aytiladi. Har 1000 ta murojaatdan 14 tasida uchraydi.

Disk churrasi kasallik bo‘lib, ko‘pincha osteoxandrozning asorati bo‘lib keladi. Bu kasallik yoshga xos hisoblanar edi, lekin borgan sari disk churrasi yosharmoqda, ya'ni 20 yoshda ham uchraydi. To‘g‘ri davolanmasa nogironlikka olib kelishi mumkin. Disk churrasining alomatlari esa quyidagilar:

- belda og‘riqning paydo bo‘lishi;

- harakatda va yo‘talganda og‘riqning kuchayishi;

- uyishish va mushaklarda kuchsizlik;

- qo‘l yoki oyoqning oriqlashishi va h.z.

Disk churrasini jarrohlik amaliyotisiz davolash mumkinmi?

Disk churrasi 2 xil usulda davolanadi: birinchisi konservativ-fizioterapevtik usullari, ikkinchisi jarrohlik amaliyoti bilan. 1-usul davolash kompleksi sifatida olib borilib, og‘riqni bartaraf etishdan, to‘qimalardagi shishni qaytarishdan va umurtqani me'yoriy harakatchanligini tiklashdan iboratdir. Muolaja 3 oydan 6 oygacha davom etishi mumkin. «Disk churrasi» tashxisi qo‘yildi degani bu jarrohlik amaliyoti bilan davolash degani emas.

Disk churrasining paydo bo‘lishiga nimalar sabab bo‘ladi va u kimlarda ko‘proq uchraydi?

Noto‘g‘ri harakat - bu umurtqa pog‘onasi bo‘ylab yukni noto‘g‘ri taqsimlanishi. Bunda fibroz xalqada distrofik o‘zgarishlarga olib keladi.

Mushak korsetini kuchsizlanib borishi - bu esa kam harakatlilik, yetarlicha jismoniy harakat qilmaslik oqibatida yuzaga keladi.

Osteoxondroz - umurtqa pog‘onasida moddalar almashinuvining buzilishi oqibatida distrofik o‘zgarishlar yuzaga keladi. Osteoxondroz davolanmaganda fibroz xalqaning yorilishi oqibatida disk churrasiga olib keladi.

Yuqumli kasalliklar - bu kasalliklar metobolizmni, ya'ni organizmda moddalar almashinuvining buzilishi oqibatida umurtqada distrofik o‘zgarishlar yuzaga keladi.

Shikastlanishlar - bunda sog‘lom umurtqa pog‘onasiga qo‘pol mexanik ta'sir tufayli umurtqada disk churrasi rivojlanishiga sabab bo‘ladi.

Nasldan naslga o‘tishi - o‘z o‘zidan ma'lumki disk churrasi nasliy kasallik emas. Umurtqa pag‘onasini spetsifik tuzlishi nasldan-naslga o‘tadi. Boshqa kasalliklar tufayli disk churrasiga olib kelishi mumkin.

Yoshga aloqadorligi - yoshning kattalashishi bu kasallikning rivojlanishiga sabab bo‘lmasligi mumkin, ya'ni yosh kattalashgan sari pulpoz yadro qattiqlashishi tufayli diskning bo‘rtib chiqishi kamayadi. Bu holat 50 yoshdan kattalarda kuzatiladi.

Ortiqcha vazn - bunda me'yoridan ortiqcha og‘irlik umurtqa pog‘onasiga tushishi oqibatida mutanosiblik buziladi va disk churrasiga sabab bo‘ladi. Og‘irlik eng ko‘p tushadigan sohada disk churrasi paydo bo‘ladi.

Disk churrasi sekin rivojlanadigan kasallik bo‘lib, oylar, yillar davomida rivojlanadi. Birdan harakat yoki egilish, yiqilish yoki lat yeyish fibroz xalqaning yorilishiga olib keladi. Pulpoz yadro chiqib disk churrasi kasalligi belgisi namoyon bo‘ladi. 20 yoshda umurtqa pog‘onasi rivojlanishdan to‘xtaydi. Shu yoshdan disk churrasining ilk belgilari boshlanib, bir necha yillar davomida rivojlanib boradi. Demak, 20 yoshdan boshlab umurtqa pog‘onasini sog‘lomlashtiruvchi chora-tadbirlar boshlanishi kerak.

Tibbiyot fanlari doktori, vertebrolog Alisher Sattorovning manzili: Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani Kichik xalqa, Darxantepa ko‘chasi 5 uy

Mavzuga oid