Jahon | 14:23 / 07.09.2018
6191
5 daqiqa o‘qiladi

Chiqindilar bo‘yicha tariflar hududlarda turli xil ekani ma'lum qilindi

Foto: parliament.gov.uz

Joriy yilning 6 sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatida tarkib topgan yangi an'anaga muvofiq «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida»gi hamda «Parlament nazorati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunlariga asosan «Hukumat soati» o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Deputatlarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ahvolini o‘rganish yuzasidan olib borgan ishlari hamda joylarda aholi tomonidan ko‘tarilgan masalalardan kelib chiqib, quyi palatadagi deputatlar birlashmalari takliflariga ko‘ra, «Hukumat soati»da ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 21 apreldagi «2017-2021 yillarda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining joylardagi ijrosi haqida»gi masala kiritildi.

Mazkur masala yuzasidan deputatlar savollariga atroflicha javob berish uchun O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining mutasaddi rahbarlari taklif etildi.

“Hukumat soati”da ta'kidlanganidek, davlat rahbarining mazkur qarori ijrosi doirasida qo‘mitaning hududiy organlari huzurida 13 ta “Toza hudud” davlat unitar korxonasi va ularning 172 ta tuman (shahar) filiallari tashkil etildi.

Tuman va shahar obodonlashtirish boshqarmalari tasarrufida bo‘lgan 1 403 ta maxsus texnika, 1 102 ta chiqindi yig‘ish maydonchasi, 6 131 ta chiqindi konteyneri va 160 ta poligon “Toza hudud” korxonalari balansiga o‘tkazib berildi. Natijada respublika bo‘yicha 5 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. 2018 yil yakuniga qadar yana qo‘shimcha 608 ta ish o‘rni tashkil qilinadi.

Deputatlar ta'kidlab o‘tganidek, ana shu ishlar barobarida o‘z yechimini kutayotgan kamchilik va muammoli masalalar ham mavjud. Ularni bartaraf etish borasida mamlakatimiz Prezidentining 2018 yil 18 maydagi «Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori muhim qadam bo‘ldi.

Mazkur hujjat bilan 2019-2021 yillarda “Toza hudud” DUKlarning moddiy–texnik bazasini yanada mustahkamlash maqsadida davlat byudjyeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgan bir qator manzilli dasturlar tasdiqlandi. Ularga muvofiq, 3 623 dona maishiy chiqindi konteyneri va 732 dona maxsus texnika xarid qilish, shuningdek, chiqindi yig‘ishga mo‘ljallangan 644 ta yangi namunaviy maydonchani qurish, qattiq maishiy chiqindilar uchun mo‘ljallangan 143 ta poligonni tartibga keltirish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi mamlakatimiz Prezidenti qarorining ijrosi yuzasidan bergan axborotidan so‘ng deputatlarning qator boshqa savollariga javoblar qaytardi.

Xususan, deputatlar bugungi kunda «Toza hudud» DUK tuman (shahar) filialida zarur texnikalar yetishmayotgani, qo‘shimcha ravishda qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni olib chiquvchi, chiqindi yuklash va tekislash texnikalariga ehtiyoj mavjudligi, shartnomalar va chiqindilarni olib chiqib ketish grafiklari, maxsus avtotransport vositalarining bir tumandan ikkinchisiga chiqindilarni tashish uchun safarbar qilinishi, yoqilg‘i-moylash mahsulotlari bilan yetarli darajada ta'minlangani bilan qiziqdilar.

Joylardagi o‘rganishlar chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun tariflar har tumanda har xil ekanini ko‘rsatayotgani qayd etildi. Deputatlar ushbu tariflarni belgilash bo‘yicha yagona yondashuvni ishlab chiqish masalasiga ham e'tibor qaratdilar.

Tadbir yakunida Qonunchilik palatasi qo‘mitalariga mazkur sohaga oid amaldagi qonun hujjatlarini va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish tavsiya etildi. Shu bilan birga, mazkur yo‘nalishdagi ishlar yuzasidan samarali parlament nazoratini ta'minlashga kelishib olindi.

Mavzuga oid