Fan-texnika | 14:12 / 07.09.2018
10420
2 daqiqa o‘qiladi

iPhone X uchun qon bosimini o‘lchovchi dastur ishlab chiqildi

AQShning Michigan shtati universiteti olimlari iPhone X smartfoni uchun barmoqni qurilma ekraniga qo‘yib qon bosimini o‘lchashga imkon beruvchi dastur ishlab chiqishdi. Bu haqdagi maqola Scientific Reports nashrida chop etildi.

N+1 nashrining ma'lum qilishicha, ushbu dastur bu turdagi birinchisi emas. Mavjud dasturlar kamera yordamida qon bosimini o‘lchashning fotopletizmografik usulidan foydalanadi. Biroq ularning aniqligi odatiy tonometrlarga nisbatan ancha pastroqdir.

Amerikalik olimlar o‘lchashlarning aniqligini nafaqat kamera, balki Apple’ning oxirgi avloddagi smartfonlariga displeyga bosish kuchini aniqlashga imkon beruvchi 3D Touch tizimini qo‘llash hisobiga yaxshilashga qaror qilishgan. Natijada ular o‘lchashlarning aniqroq bo‘lishiga erishishgan.

Ushbu jarayonning videoroligiga berilgan izohda dasturni qo‘llash oldidan smartfon egasi ekranda chiziqlarni ko‘rsatchik barmog‘i uchida joylashadigan qilib siljitib kalibrovkalashni amalga oshirish zarurligi aytilgan. Bu jarayon dasturga barmoqning ekranga tegish sohasini hisoblab chiqishga hamda ekranda barmoqni qo‘yish joyini barmoq arteriyasining perpendikulyar qismi smartfon kamerasi yuqorisida joylashadigan qilib akslantirish imkonini beradi.

Kalibrovkalash yakunlangach foydalanuvchi qon bosimini o‘lchashga kirishishi mumkin. Buning uchun smartfonni yurak bilan bir tekislikda gorizontal ushlab, ekranning ajratilgan sohasiga barmoq bilan bosish kerak va bosimni ekranda aks etayotgan shkalaga mos holda oshirib borish lozim. Dastur o‘lchashlardan keyin kamera tomonidan olingan barmoq hajmi tebranishlari va barmoq bosimi ma'lumotlarini birlashtirib, ekranga qon bosimining o‘lchamlarini hamda yurak qisqarishi chastotasini chiqarib beradi.

Olimlarning ta'kidlashicha, dasturning aniqligi AQShda ma'qullangan, barmoqqa mahkamlanuvchi tonometrlarnikiga yaqindir. Olimlarning aytishicha, aniqlikdagi xatolik sistolik va diastolik bosimlar uchun mos holda 11,4 va 9,7 mm simob ustunini tashkil qilgan.

Mavzuga oid