Jahon | 18:30 / 09.09.2018
123809
5 daqiqa o‘qiladi

​Alisher Usmonovning «Sharqqa yurishi» nega yuz bermoqda?

«Arsenal» o‘rniga «Paxtakor». Xitoy esa London o‘rnini egallaydi. Shunday qilib, asli o‘zbekistonlik Alisher Usmonov devesternizatsiya jarayoniga qo‘l urayotganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Bugun, 9 sentabr kuni Toshkentdagi hovlisida tavallud ayyomini nishonlayotgan Rossiya fuqarosi nega g‘arbdan yuz o‘girib, sharq tomon yuzlanmoqda?

«Arsenal»dagi ulushini sotib, asli tug‘ilib o‘sgan vatanidagi «Paxtakor» futbol jamoasiga sarmoya kiritayotgan Usmonov Xitoyning Alibaba kompaniyasi bilan hamkorlik qilishni ham o‘ylamoqda. Uning boshqaruvida bo‘lgan «Megafon» kompaniyasi esa Londonda ​delisting o‘tkazishga urinmoqda. G‘arbning yetakchi ijtimoiy tarmoqlariga emas, balki milliy raqamlashtirish platformalariga yo‘naltirilayotgan pullar Usmonovning devestrenizatsiyaga roziligini bildiradi. Devesternizatsiya - g‘arbdan yuz burish va bu jarayonga boshqacha nom berishning imkoni ham yo‘q, ammo u nega bunday qarorga keldi? 

G‘arbda nima gap? 

Senator Jon Nili Kennedi AQSh Senatining bank ishi qo‘mitasida tashkil etilgan eshituvda «Rossiya iqtisodiyotini qanday qilib tiz cho‘ktirish mumkin?», deya hamkasblariga savol nazari bilan qaragandi. Bu haqda xabar tarqatgan Bloomberg nashriga ko‘ra, senator Kennedi amerikaliklar istagan siyosatni ochiqroq aytishga jazm etgan. U sanksiyalar faqat Vladimir Putin hokimiyatini kuchsizlantirishga emas, aynan rus iqtisodiyotiga zarba berish kerakligini biladi, bundan avval Rossiya hukumatini tanqid qilgan marhum senator Jon Makkeyn esa bunday deyishga kuch topolmagandi. Demak, masala kundek ravshan: Putin hokimiyatiga zarba berish uchun prezident tayanadigan kuch, ayniqsa uning atrofidagi milliarderlar faoliyatiga zarar yetishi lozim. Buni qanday amalga oshirish haqida avval ham aytgandik. 

AQSh va Rossiya siyosatchilari bir-birlari haqida «Sovuq urush» davrida ham yangramagan ayblovlarni aytishga ulgurdi. Shunga qaramay, Rossiya biznes doirasi G‘arbdagi hamkorlari bilan faol tadbirkorlikni davom ettirishi uchun hech qanday tahdid yo‘q edi. Vaziyat shu darajada g‘alizki, mantiqni tushunishingiz uchun Ukraina prezidenti Petro Poroshenkoga tegishli qandolat fabrikasi aslida Rossiya hududidagi Lipetsk shahrida ekanini eslash lozim. Fabrika Donbassdagi fuqarolar urushi davrida ham faoliyatini to‘xtatmadi. 2013-2015 yillarda Poroshenkoga tegishli fabrika Rossiya byudjyetiga 1 milliard rubldan ortiq mablag‘ keltirgan

Usmonov xavfni ko‘ra oldimi?

Ammo, endi jarayonlarda o‘zgarish kuzatilmoqda, Forbes nazarida Rossiyaning eng boy fuqarosi deya tan olingan Alisher Usmonov mablag‘larini G‘arbdan qaytarmoqda. Bunga turtki bo‘luvchi omillar juda ko‘p bo‘lishi mumkin. Masalan, Rossiyaga qarshi kiritilayotgan sanksiyalar endi to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki ma'lum ish doirasida qo‘llanishi har qanday rasmiy vakilning ayblov ro‘yxatiga tortilib ketishini bildiradi. 

Rus olamida hokimiyat vakillari har yerda kuzatilgan kabi tadbirkorlarga yaqin va sanksiyalar ta'siriga birinchi navbatda Usmonovdek shaxslar tushishi hech gap emas. AQShdagi prezidentlik sayloviga rus hakerlarining aralashuvi, Skripallar oilasiga qilingan suiqasd va bir qancha shunday voqealar ortida kim turgani aniqlanmay qolishi boshqa xavfni paydo qiladi. Mazkur ishlarga aralashgan kishilar rus tadbirkorlari bilan apoq-chapoq bo‘lishi, bu esa o‘z o‘rnida sanksiyalar domiga tadbirkorlar ham tortilishini anglatadi. Bu aynan yakka shaxsga qaratilgan ayblov emas, balki kulrang kardinallarga hujum qilish deganidir. 

Ayni chog‘da Usmonov ham G‘arb bilan Rossiyaning munosabatlari yanada taranglashib qolsa, o‘zining tadbirkorlik faoliyatiga G‘arb tomondan maksimal darajada ta'sir etilishiga yo‘l qo‘ymasligi lozim. «Putin do‘stlari» Viktor Vekselberg, Oleg Deripaska taqdiri boshqalarni qanchalik bezovta qilgan bo‘lsa, Alisher Usmonov ishlab chiqqan «Arsenal» o‘rniga «Paxtakor» modeli shunchalar oqilona yo‘ldek ko‘rinmoqda

Agar Alisher Usmonovda hammasi xamirdan qil sug‘urganday kechsa, (hozircha uning ishlari besh) bunday sxema boshqa rus tadbirkorlariga ham qo‘l keladi. Shuningdek, tez orada devesternizatsiya atamasiga ko‘proq murojaat etishimiz lozim bo‘ladi.

Alisher Ro‘zioxunov