Jahon | 12:40 / 16.09.2018
8050
2 daqiqa o‘qiladi

«Florens» dovuli 11 kishining hayotiga zomin bo‘ldi

Foto: Fox News

Janubiy Karolina (AQSh) hukumati «Florens» dovuli qurbonlari soniga doir ma'lumotlarni tasdiqlab, xavf hamon saqlanib qolayotgani haqida xabar berdi. Fox News telekanaliga ko‘ra, xavf nafaqat kuchli shamol, balki uzilgan elektr uzatgich liniyalari sababli ham saqlanib qolmoqda. 

Shtat politsiyasining ma'lum qilishicha, 62 yoshli ayol YTHda halok bo‘lgan. U tabiiy ofat sabab avtomobil boshqaruvini qo‘ldan chiqarib, daraxtga borib urilgan. Shimoliy Karolinada ona va uning 8 oylik farzandi ustiga daraxt qulashi natijasida halok bo‘lishgan. Okrug matbuot kotibining xabar berishicha, 78 yoshli erkak elektr toki urishi natijasida vafot etgan, u yomg‘ir ostida generatorga uzaytiruvchi simlarni ulashga uringan. Okrug sherifi yana 3 nafar qurbon haqida ma'lum qilgan. Uning aytishicha, bunga suv sathining kutilmaganda shiddat bilan ko‘tarilishi sabab bo‘lgan. 

Milliy dovul markazidan ma'lum qilinishicha, Karolinaning ba'zi tumanlarida "halokatli suv toshqini" ehtimoli bor. «Florens» dovuli shtatga shanba kuni kelgan bo‘lib, o‘zi bilan birga sel yomg‘irlari, kuchli shamol va baland to‘lqinlarni olib keldi. Tabiiy ofat natijasida yuzlab qutqaruvchilar ishga jalb qilindi. 

Favqulodda xizmatlar vakillari odamlarni xavfli joylarni tark etishga chaqirmoqda. Shimoliy Karolinaning ba'zi hududlarida bir sutkada 60 santimetrdan ortiq yog‘inlar kuzatilgan, suv oqimlari to‘siq va to‘g‘onlarni buzishi, ko‘priklarni bloklashi ehtimoli mavjud.

Mavzuga oid