O‘zbekiston | 13:05 / 17.09.2018
12234
2 daqiqa o‘qiladi

Notarius fuqarodan 17-shaklni talab qilmaydi

Foto: Depositphotos

Notariatning faol modeli doirasida notariuslar tomonidan “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha bitimlarni tasdiqlashda davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlik qilishning ma'muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi hukumat qarori qabul qilindi.

“Huquqiy axborot” kanalining yozishicha, qaror bilan turar joy oldi-sotdi shartnomasini notarial tasdiqlashda turar joyda doimiy propiskada bo‘lgan shaxslar haqidagi ma'lumotlarni olishning ma'muriy reglamenti tasdiqlandi.

Unga muvofiq, turar joyda doimiy ro‘yxatga olingan shaxslar haqida ma'lumot olishda davlat notarial idoralari va ichki ishlar organlarining o‘zaro hamkorlik qilishi tartibi belgilandi.

Mazkur tartibga ko‘ra, turar joy mulkdori yoki uning nomidan harakat qilishga vakolatli bo‘lgan vakil turar joy oldi-sotdi shartnomasini tasdiqlash uchun DNIga ko‘chmas mulkka egalik huquqini tasdiqlovchi hujjat bilan birgalikda kadastr yig‘majildi, pasport yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatlarni taqdim etadi.

Bunda notariuslar ma'lumot olish uchun turar joy joylashgan ichki ishlar organiga kurerlik xizmati orqali yozma shaklda yoki idoralararo elektron tizimlar orqali so‘rovnoma bilan murojaat qiladi.

Ichki ishlar organlari, agar so‘rovnoma kurerlik xizmati orqali yuborilsa – bir soat ichida yozma yoki elektron shaklda, elektron tizim orqali yuborilsa – zudlik bilan real vaqt rejimida elektron shaklda javob berishi shart.

Ma'lumotlar ichki ishlar organlari tomonidan bepul beriladi.

Ushbu Reglament 2019 yil 1 yanvardan amalga kiradi. 

Notariuslar tomonidan “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha turar joy oldi-sotdi shartnomasini notarial tasdiqlashda turar joyda doimiy propiskada bo‘lgan shaxslar haqidagi ma'lumotlarni olish sxemasi quyida keltirilgan:

Mavzuga oid