Jahon | 17:35 / 19.09.2018
13063
2 daqiqa o‘qiladi

Klinton Tramp Oq uyni qanday qilib «tozalab tashlashi» mumkinligini aytdi

Foto: Getty Images

AQSh sobiq davlat kotibi Xillari Klinton MSNBC'ga bergan intervyusida, AQSh prezidenti Donald Tramp oraliq saylovlardan so‘ng Oq uyni «tozalab tashlashi» mumkinligidan tashvishda ekanini bildirdi. Bunday vaziyat demokratlar vakillar palatasi yoki senatda ko‘pchilik o‘rinni olishmasa sodir bo‘lishi mumkin, deya qo‘shimcha qilib o‘tdi Klinton.

Klintonning so‘zlariga ko‘ra, Tramp noyabr oyida o‘tkaziladigan saylovlar ortidan o‘ziga Oq uyda va prezident ma'muriyatida ishlaydigan «odamlarni ommaviy ravishda ishdan bo‘shatishi» mumkin. Xususan, bunday xavotirlar The New York Times gazetasida e'lon qilingan va Tramp ma'muriyatining nomi oshkor etilmagan yuqori mansabli xodimining maqolasidan so‘ng paydo bo‘ldi. Unda xodimlar prezidentga «tinch qarshilik» ko‘rsatayotgani haqida so‘z yuritiladi. Klintonning so‘zlariga qaraganda, bu holat Tramp o‘ziga qarshi ishlashda gumon qilayotgan xodimlardan qutulishni xohlab qolishi ehtimolini oshiradi.

Noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlardan so‘ng Tramp «yanada nazorat qilinmaydigan va hisobot bermaydigan» bo‘ladi, deya tashvishlanmoqda Klinton.

Noyabrda AQSh hududida Qo‘shma Shtatlar kongressida oraliq saylovlar o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Suriya bo‘yicha qaror qabul qilishga va'da bergandi. 

Mavzuga oid