Jahon | 17:26 / 20.09.2018
35782
2 daqiqa o‘qiladi

Olimlar insultdan saqlanishning oddiy usulini aytishdi

Foto: Depositphotos

Har kuni yarim soat piyoda sayr qilish insult va qon quyilishi bilan bog‘liq kasalliklarga chalinish xavfini pasaytiradi, deyiladi Neurology jurnalida chop etilgan maqolada.

"Biz jismoniy faollik miyani kasallik va nuqsonlardan himoya qilishiga yanada ko‘proq guvoh bo‘lmoqdamiz. Jismoniy faollik va insult oqibati darajasi o‘rtasidagi bog‘liqlikni yanada yaxshiroq tushunishimiz uchun ko‘proq kuzatuv va tajribalar olib borishimiz kerak bo‘ladi", — deydi Shvetsiyaning Gotenburg universiteti olimasi Katarina Sunnerxagen.

Sunnerxagen va uning hamkasblari bir necha yil davomida universitet klinikasida insultga duchor bo‘lgan va davolanish kursini o‘tagan 2300ga yaqin bemorga tegishli ma'lumotlarni o‘rganib chiqishdi.  Shifokorlar bemorlarni davolash birga ularning qanday taomlar iste'mol qilishi, turmush tarzi va miya qon tomirlari ishi bilan bog‘liq boshqa omillarni o‘rgandi. 

Ma'lum bo‘lishicha, insultning og‘ir shakli rivojlanishining asosiy sababi jismoniy faol bo‘lmaslik va ko‘p o‘tirish ekan. Ana shunday sust hayot kechiruvchilar miyaga qon quyilishiga muntazam ravishda jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanadiganlarga nisbatan 1,2 marta ko‘proq duch kelar ekan.   

Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, haftasiga taxminan to‘rt soat yoki kuniga yarim soat piyoda sayr qilish va yengil jismoniy mashg‘ulotlarni bajarish insultning noxush oqibatlariga duch kelishdan saqlaydi.

Sunnerxagenning ta'kidlashicha, sayr va jismoniy mashg‘ulotlar insultdan himoya qiluvchi asosiy yoki yagona omil, deb xulosa chiqarishga hali erta. Olimlar darhaqiqat shundaymi-yo‘qmi ekanligini aniqlash uchun yanada ko‘proq odamlar guruhini kuzatishni rejalashtirishgan.

Mavzuga oid