Sport | 12:46 / 21.09.2018
39348
10 daqiqa o‘qiladi

«Uembli»da superjang. Povetkin uchun oxirgi imkon

22 sentabr kuni Buyuk Britaniyadagi «Uembli» stadionida katta boks kechasi bo‘lib o‘tadi. Bu boks oqshomidan yilning asosiy janglaridan biri o‘rin olgan. Ikki olimpiya chempioni, o‘z mamlakatlarining og‘ir vazndagi eng kuchli bokschilari, buyuk britaniyalik 28 yoshli Entoni Joshua hamda rossiyalik 38 yoshli Aleksandr Povetkin o‘zaro ringga chiqadi. 90 ming muxlisni o‘z bag‘riga sig‘diradigan «Uembli» stadioni o‘rtasiga katta ring o‘rnatilgan. Jang Toshkent vaqti bilan soat 24:00da boshlanadi.

Foto: Twitter / @MatchroomBoxing

Jang arafasida raqiblar ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, uning davomida bokschilar o‘rtasida an'anaviy qarashlar dueli o‘tkazildi.

Foto: Bryn Lennon/Getty Images

Qarama-qarshilik tarixi
Zamonaviy boksda super og‘ir vazn toifasining asosiy kamarlaridan 4tasiga -  WBA Super, IBO, IBF va WBO kamarlari egalik qiladigan Entoni Joshua professional ringda 21ta jang o‘tkazib, 21 g‘alaba qayd etgan (20tasi nokaut bilan). Joshua olmagan bir kamar — WBC (Butunjahon boks kengashi) kamari qolgan. Hozirda mazkur kamar amerikalik 32 yoshli bokschi Deontey Uaylderga (40-0-0, 39 KO) tegishli hisoblanadi. 

Uaylder shu yilning 3 martida kubalik Luis Ortisga qarshi jangda kamarini muvaffaqiyatli himoya qilgandi. Joshua esa 1 aprelga o‘tar kechasi Kardiffdagi Principality Stadium arenasida yangi zelandiyalik Jozef Parkerdan WBO kamarini tortib olgandi.

Foto: https://www.instagram.com/anthony_joshua/

U endi WBC kamari uchun Uaylderga qarshi jangga da'vo qila boshladi.

Ammo o‘sha oqshomda WBA Regular bo‘yicha sobiq jahon chempioni, rossiyalik Aleksandr Povetkin ham angliyalik raqibi Devid Praysni jangning 5-raundidayoq nokautga uchratdi. Shundan so‘ng, Povetkin WBA Super kamari uchun Entoni Joshuaga majburiy da'vogarga aylandi va angliyalik bokschi birinchi Uaylderga qarshi emas, Povetkinga qarshi jang qiladigan bo‘ldi.

Aleksandr Povetkin professional boksdagi 35-jangida 34-g‘alabaga erishgan (u yagona mag‘lubiyatini 2013 yilning kuzida Vladimir Klichkodan qabul qilib olgan).

Jang arafasidagi fikrlar
Joshua Povetkinga qarshi jangda raqibni muddatidan avval mag‘lub etish niyatini ko‘zlamayapti. «Asosiysi - g‘alaba, nokaut emas», degan bokschi.

«Men boks tomosha qilayotganimda, nokaut ko‘rishni xohlayman. Ha, men muxlislarni juda yaxshi tushunaman. Ringda ekanimda ham ularning istagini his qilib turaman. Lennoks Lyus jang qilgan vaqtlarda uni juda zerikarli bokschi deb atashardi. Ammo hozir u aqlli va buyuk bokschi bo‘lgan deyishadi. Chunki, tarixda g‘alabalar qoladi.

Boksda asosiysi raqibni mag‘lub etishdir. Shunday ekan, har qanday bokschi ringga o‘z strategiyasi va o‘z rejalari bilan chiqadi. Men nokautchiman, agar imkon bo‘lsa uni qulataman. Ammo imkoniyat bo‘lmasa, men shunchaki aql bilan oddiy jang olib boraman», degan chempion bokschi.

Rossiyalik bokschi esa bu chempionlik titulini qo‘lga kiritish uchun oxirgi imkon bo‘lishi mumkinligini tan olmoqda.

«Men xotirjamman. Yosh va kuchli jahon chempioni bilan jang uchun tayyorman. Bu sinov. Umuman, har bir jang sinov. Men yaqinda 39 yoshga to‘laman va bu jang men uchun juda muhim. Bu balki jahon chempioni bo‘lishim uchun oxirgi imkondir.

Umuman, men yaxshi tayyorlandim. O‘zimni yaxshi his qilmoqdaman», degan sportchi.

Bokschilar tarixi
Entoni Joshua boks bilan 18 yoshga chiqqanidan keyingina shug‘ullana boshlagan. Ammo u tezda tajriba to‘plab, mamlakatdagi turli darajadagi turnirlarda g‘alaba qozongan. U 2010 yili og‘ir vaznda Angliya chempioniga aylanadi. Havaskor boksda 43 jang o‘tkazib, shundan 40 martasida g‘alaba qozongan Joshua 2011 yili Bokuda o‘tkazilgan jahon chempionatida kumush medal egasi bo‘ladi va olimpiada yo‘llanma oladi. Joshua 2012 yilgi London Olimpiadasida +91 kg vazn toifasida ishtirok etib, turnir davomida kubalik Erislandi Savon, xitoylik Chjan Chjiley, qozog‘istonlik Ivan Dichko hamda italiyalik Roberto Kammarelleni mag‘lub etadi hamda Olimpiada g‘olibiga aylangach, 2013 yilda professional boksga kirib keladi. 

U professional ringda odatga ko‘ra dastlab kuchsiz raqiblarga qarshi janglar o‘tkaziladi va reytingini yaxshilaydi. Uning ilk jiddiy raqibi 2015 yilda amerikalik Kevin Jonson bo‘ladi. Joshua bu raqibni ham 2-raunddayoq nokautga uchratadi va WBC reytingida 2-o‘ringa ko‘tarilib oladi. Keyin u Geri Kornish, Dillian Uayt kabi bokschilarni ham nokautga uchratadi. Unga qarshi chiqqan bokschilar o‘z faoliyatida ilk mag‘lubiyatlarini qabul qilishardi.

2016 yilning aprelida Joshua IBF kamari uchun amerikalik Charlz Martinga qarshi ringga ko‘tariladi va undan kamarni tortib oladi. 2016 yilning iyunida Joshua amerikalik yengilmas bokschi Dominik Brizilni yengadi. Bu uning ilk himoya jangi bo‘ladi. Keyingi himoya jangida yana bir kuchli bokschi Erik Molina mag‘lub etiladi.

2017 yilning aprel oyi oxirida esa Joshua superog‘ir vazn toifasida WBA, IBF va IBO yo‘nalishlari g‘olibi, ukrainalik sobiq jahon chempioni Vladimir Klichkoga qarshi ringga ko‘tarildi. IBF va WBA yo‘nalishlari chempionligi tikilgan jangning 11 raundida yosh bokschi tajribali raqibini texnik nokautga uchratdi. E'tiborli jihati, bungacha Joshuaga qarshi chiqqan raqiblardan hech kim yettinchi raundan nariga o‘ta olmagandi. Klichko bu borada birinchisi bo‘ldi. Bu jangdan keyin Klichko boksni tark etdi.

Foto: Google Images

2017 yilning avgustida Joshua himoya jangida Karlos Takamni nokautga uchratdi. Bu Joshuaning qatorasiga 20 jangda raqibni nokautga uchratib, afsonaviy Mayk Taysonning rekordini yo‘qqa chiqardi.

2018 yil martida yangi zelandiyalik Jozef Parker mag‘lub etildi va WBO kamari qo‘lga kiritilib, Joshua jahon chempionligi kamarlari soni bo‘yicha Gennadiy Golovkinning natijasini takrorladi. Endi mutlaq jahon chempioni bo‘lish uchun unga Deontey Uaylderning WBC kamari kerak. Faqat undan oldin Povetkinga qarshi himoya jangida ham g‘alaba qozonish talab etiladi.

Aleksandr Povetkin

Foto: «Sportbox.ru»

Aleksandr Povetkin 2000 yilda -91 kg vazn toifasida Rossiya chempioni, 2001—2002 yillarda +91 kg vazn toifasida Rossiya chempioni, 2002 va 2004 yillarda Yevropa chempioni, 2003 yili jahon chempioni, 2004 yilda Olimpiya chempioni.

2005 yilda professional boksdagi faoliyatini boshlagan Povetkin 2011-2013 yillarda WBA yo‘nalishida doimiy jahon chempioni bo‘lgan, 2014 yilda WBC Silver titulini, 2017 yilda esa WBO International va WBA Continental titullarini qo‘lga kiritgan.

U faoliyati boshida Larri Donald, Kris Byord, Eddi Chembers, Taurus Sayks, Jyeyson Estrada va Leon Nolan kabi raqiblarni mag‘lub etgan. 2011 yilda o‘zbekistonlik Ruslan Chagayevni hakamlar baholariga ko‘ra mag‘lub etib, undan WBA kamarini tortib olgan. 2012 yili kamarni Hasim Rahmondan, 2013 yili Anjyey Vavjikdan muvaffaqiyatli himoya qilgan. O‘sha yilda IBF va IBO kamarlari uchun jangda ukrainalik Vladimir Klichkodan mag‘lub bo‘lgan. 

Doping mojarosi
2016 yilda bokschi taqiqlangan moddalar qabul qilishda ayblandi va WBC reytingidan chiqarib tashlandi. 

2016 yilning 17 dekabr kuni Povetkinning kanadalik Bermeyn Stivernga qarshi jangi oldidan, ya'ni, 6 dekabr kuni topshirgan doping namunasida taqiqlangan modda aniqlangani haqida ma'lum qilingandi. Test natijasiga ko‘ra, rossiyalik bokschining namunasida SARM guruhiga kiruvchi Ostarin moddasi aniqlangan edi.

Keyinroq Rossiya professional boks federatsiyasi vitse-prezidenti va Povetkinning promouteri Andrey Ryabinskiy bokschining namunasida taqiqlangan preparat bo‘lgan, ammo uni diskvalifikatsiya qilish uchun yetakli miqdorda bo‘lmaganini ma'lum qilgandi. Biroq, uning «B» namunasida doping borligi aniqlandi.

Keyinroq undan ayblovlar olib tashlandi va u Bermeyn Stivern o‘rniga fransiyalik Yoann Dyuopaga qarshi jang qilib, g‘alaba qozondi.

Eslatib o‘tamiz, 22 sentabr kungi jang kechasida o‘zbekistonlik bokschi Shahram G‘iyosov ham ringga chiqadi.

Foto: Google Images

Shahramga o‘sha kungi bahsda nikaragualik Xulio Laguna raqiblik qiladi. G‘iyosov shu kungacha prof ringda to‘rt marotaba ringga chiqib, ularning barchasida g‘alaba qozongan (3 tasi nokaut). Laguna esa 14 ta jang o‘tkazgan va ularning barchasida g‘olib bo‘lgan. 10 ta jangni muddatidan oldin yakunlagan.

Mavzuga oid